Hozirgi pandemiya davrida turmushimiz farovonligi, bozorlarimiz to‘kin-sochinligi aholining o‘z tomorqalaridan unumli foydalanishi bilan uzviy bog‘liq. Bu borada targ‘ibot ishlarini kuchaytirish maqsadida mahalliy kengashlar deputatlari joylarda aholi xonadonlarida bo‘lib, tomorqadan samarali foydalanishning omillari haqida tushuntirishyapti.

Xalq deputatlari G‘uzor va Shahrisabz tumani Kengashi deputatlari ham aholi xonadonlarida bo‘lib kerakli maslahat, tavsiyalar berishmoqda. Tomorqadan unumli foydalanmayotgan fuqarolar amaldagi qonunchilikka ko‘ra jarimaga tortilishi haqida aytib o‘tilyapti.

Shahlo Tog‘ayeva, Shahrisabz tuman Kengashi deputati:

- Tuman aholisi o‘rtasida tomorqadan samarali foydalanish borasida kattagina tajriba bor. Muhtaram Yurtboshimiz hamda kuni kecha viloyat hokimi Z.Mirzayev boshchiligida o‘tkazilgan masofaviy sessiya ishida ham aholining tomorqadan unumdor foydalanishini targ‘ib etishda mahalliy kengash deputatlari faollikka chaqirildi. Bu chorlov xalq vakillari uchun dasturiamal bo‘lishi kerak. Biz faqatgina tomorqalarni o‘rganish bilan cheklanib qolmay, tomorqada meva-sabzavot, poliz mahsulotlarini yetishtirish, oila extiyojidan ortgan mahsulotlarni tashish, saqlash, qayta ishlash, eksportchi korxonalarga sotish kabi tadbirlarni amalga oshirish borasida ham o‘z ko‘magimizni ko‘rsatishimiz zarur.

Luqmon Mamadiyorov, Shahrisabz tuman Kengashi deputati:

- Tomorqachilarning bu yilgi shashti har yilgidan yuqori. Oilaviy extiyojimizdan ortib qolgan hosilni nima qilamiz deb hazillashib ham qo‘yishmoqda. Albatta, o‘rganilgan xonadonlarda yetilgan hosilning ortganiga maqbul bozor sharoitlarini yaratish uchun ham harakatdamiz.

Shuhrat Usmanov, G‘uzor tuman Kengashi deputati:

- “Tomorqangiz bormi – boy bo‘lasiz” degan tushunchani biz deputatlar astoydil targ‘ib qilmoqdamiz. Har qarich yerdan unumli foydalanish sir-asrorlarini mukammal o‘zlashtirish, tajribali dehqonlar hamrohligida tomorqa madaniyatini aholiga o‘rgatish bugun uchun juda muhim. Nazarimda, biz deputatlar jarayonga yuzaki qaramasligimiz darkor. Aholiga tomorqadan foydalanishda zarur sharoitlarni yaratish uchun o‘z vakolatimizdan foydalanish vaqti keldi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, amaldagi qonunchilikka muvofiq tomorqadan foydalanmaslik 223 ming so‘m bazaviy stavkasining 3 baravari (669 ming so‘m) miqdorida jarima solishga asos bo‘ladi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi

Axborot xizmati

Maqolalar matni viloyat hokimining davlat tili bo‘yicha maslahatchisi Z.Aminova tahrir qilgan holda eʼlon qilinmoqda.

21-04-2020 |
Foto galereya