Qarshi shahrida viloyatda kichik biznes va hususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bо‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kamchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bо‘lib о‘tdi. Unda xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlari deputatlari, Markaziy bank, Davlat Soliq boshqarmasi, Yer tuzish va kо‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi, Davlat xizmatlari agentligi bо‘limi, Bandlik boshqarmasi viloyat tashkilotlari mas’ul xodimlari, tadbirkorlar va yoshlar ishtirok etdilar. Davra suhbatini O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi Shuhrat Tursunov olib bordi va quyidagi fikrlarni bildirdi.

  • Mamlakatimizda aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish, hududni obod va farovon gо‘shaga aylantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda viloyatimiz hududida ham keng kо‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, mahallalar, kо‘cha va yо‘llar bugungi me’morchilik talablariga moslashtirilmoqda. Barchaning xabari bor, 21 iyuldagi Yakkabog‘ tumanida bо‘lib о‘tgan nohush voqea, viloyatimizda keng kо‘lamli ishlar olib borilayotganligiga qaramay aholi orasida salbiy fikrlar kelib chiqishiga sababchi bо‘ldi. Bir kunda chaqnab chiqgan muammo, aslida uch oy-tо‘rt oy mobaynida yetilib kelgan. Yuqorida keltirib о‘tilganidek, bu muammo bir kunda yuzaga kelmagan, demak yana о‘sha befarq va loqayd mas’ullarimizni bunga javobgar sanashimiz о‘rinli.

Ta’kidlab о‘tish zarur, O`zLiDeP Yakkabog‘ tumani Kengashi raisi о‘rinbosari, apparat-rahbari Mahmadali Qulbulovning ham 21 iyuldagi Yakkabog‘ tumanida bо‘lib о‘tgan voqealarga munosabati tinglandi.

  • Albatta, istiqbolga tatbiq etilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatida inson manfaatlari mujassamdir. Keng quloch yoygan о‘zgarishlarning mohiyatini aholiga tо‘g‘ri tushuntirish maqsadida O'zLiDeP Qashqadaryo viloyati Kengashi xodimlari va xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati va Yakkabog‘ tumani Kengashlaridagi O'zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari fuqarolar bilan uchrashib, suhbatlashishdi. Suhbatlarda aholining kо‘pchiligidan tumanimizning bunyodkorlikka yuz tutishi bizga ayni muddao bо‘ldi degan sо‘zlarni ham eshitdik. Quvonarlisi, viloyat mas’ullari tomonidan “Eski Yakkabog‘” qо‘rg‘onchasi hududida “snos”ga tushgan 34 xonadon egalariga 1 mlrd 700 million sо‘m miqdorida kompensatsiya pullari ham tо‘lab berildi.

Ma’ruzasi sо‘nggida SH.Tursunov tadbirkor O`zLiDePning elektorati ekanligini ta’kidlab, barcha ishtirokchilardan ochiq tarzda muammolarini о‘rtaga tashlashlarini va faol bо‘lishlarini sо‘radi. Shundan sо‘ng, kо‘plab muammolar kо‘tarilgan yig‘ilish nihoyatda ochiq va jiddiy tus oldi.

Ochiq muloqotning dastlabki qismida, “Har bir oila tadbirkor” Dasturi yuzasidan kelib chiqayotgan anglashilmovchiliklar bank, ta’minotchi, tadbirkor va deputatlar ishtirokida muhokama qilindi.

Tadbirkor Shohrux Serkayev bir necha oydan buyon “Har bir oila tadbirkor” Davlat dasturi doirasida 25 million sо‘m miqdoridagi kredit olishida qiyinchiliklar yuzaga kelib, kredit olmagan. Bank xodimi Shohrux Shaymanovning tadbirkor savoliga javobi tinglandi.

- Respublikada 6 oy yakunlari bо‘yicha Qashqadaryo viloyati kredit ajratilishi bо‘yicha eng yuqori kо‘rsatkichni qayd etdi. Xabaringiz bor, 2018 yilning fevral – mart oylarida har bir tuman va shahar kesimlarida sektorlar, mahalliy tashkilotlar va tijorat banklari mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruhlari tuzilib, aholining Dasturlar doirasida imtiyozli kreditga bо‘lgan talabini о‘rganish yuzasidan har bir xonadonga kirib chiqildi. Respublikadan tasdiqlangan shaklda ya’ni qaysi tadbirkorlik sohasi va qancha miqdorda kredit ajratilishi borasida sо‘rovnomalar tashkil etilgan edi. Mazkur sо‘rovnomada ishtirok etgan aholining kо‘p qismi kredit ajratilishi borasida rad javobini berganligi bois, sо‘rovnomada kelib chiqib ajratilgan mablag‘dan hozirgi kunda aholining kreditga bо‘lgan talabi ikki marotaba oshgan. Bu shuni anglatadiki, joriy yil uchun ajratilgan imtiyozli kreditlar yil ohiriga qadar ajratilishi belgilab berilgan. Xujjat qabul qilish tо‘xtatilganligiga qaramay, tо‘rt jamg‘arma ya’ni Aholi bandligiga kо‘maklashish boshqarmasi, Xotin-qizlar qо‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi hamda Fermer, dehqon xо‘jaliklari va tomorqa yer egalari uyushmasi tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozli kreditlar aholiga ajratib kelinmoqda.

Shuningdek, ochiq muloqotda Dehqonobod tumani Boyqо‘rg‘on mahallasi “Boyqо‘rg‘on pahlavoni” hususiy korhonasi rahbari Bekzod Berdiyev banklardan debitorlik puli qolib ketayotganligi borasida va Qarshi tumani Qovchin qishlog‘i “Rahmonov Samar” kо‘p tarmoqli fermer xо‘jaligi rahbari Samar Rahmonov tomonidan chorva mollarini oziq ovqat bilan ta’minlash uchun yer maydoni ajratilishi borasida murojaatlar bildirildi. Tadbirkorlar murojaatlari bо‘yicha tegishli tashkilotlar viloyat Markaziy banki hamda Qarshi tuman hokimligiga O‘zLiDeP viloyat kengashi raisi Shuhrat Tursunov tomonidan murojaat qilindi.

Ta’kidlash joiz, Xalq deputatlari O‘zLiDeP viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari tadbirkorlarga biriktirilib, har bir oyda о‘z hududida biriktirilgan tadbirkor faoliyati borasida hisobot taqdim etib borishi belgilab olindi. Shuningdek, amaldagi qonunlarda mulk va mulkiy munosabatlar huquqiy tartibga solingan bо‘lsada, partiyadan saylangan deputatlar uning ijrosi yuzasidan yetarli nazorat о‘rnatmaganligi asosli tanqid qilindi.Yig‘ilishda bu kabi muammolarni qonuniy asosda о‘z vaqtida bartaraf etishga qaratilgan qator ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Tadbirda Oliy Majlis Sen’at a’zosi Abrorov Isomiddin Jamolovich va О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil devoni yetakchi inspektori Shodiyev Sherzod Samandarovich о‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

                                                                                                               Viloyat hokimligi  axborot xizmati

 

04-08-2019 |
Foto galereya