Bugunning gapi

Kо‘pni kо‘rgan xalqimiz yanada jipslashib, ahil va hamjihat bо‘lib, bu murakkab sinovlarni ham yengib о‘tadi, deb ishonaman.

Shavkat MIRZIYOYEV

Boshqarmamizda kunu tun faoliyat kо‘rsatayotgan maxsus shtabda ish qizg‘in. Qо‘ng‘iroqlar, kompyuter klaviaturasi va kalkulyatorlarning "shiqir-shiqir"lari tinmaydi. Mobil telefonlar quvvati tushga borib-bormay tugab qolaveradi...

Statsionarda karantinga olinganlar uchun barcha sharoitlarni ta’minlab berish, uyda izolyatsiya qilinishi kerak bо‘lgan fuqarolar, ular bilan muloqotda bо‘ladigan oila a’zolarini aniqlash, OAV vakillari va fuqarolarning savollari hamda murojaatlariga javob berish...

Bu tashvishlar ozmuncha mehnat talab qilmaydi. Turli idoralarning vakillari shu yerda hoziru nozir. Muammo tug‘ildimi, hamkorlikda zudlik bilan hal etish choralari kо‘rilmoqda. Kо‘zlar kirtaygan, asablar goh tarang, goh bо‘shashgan - mas’ullardan ayrimlari bir haftaga yaqin vaqt bо‘layaptiki, bir necha soatgina dam olishga arang fursat topayapti, xolos...

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda "koronaxabar", "koronahazil", "koronashe’r" singari yangi atamalarga kо‘nikib ham qoldik. Ta’bir joiz bо‘lsa, quyida aytmoqchi bо‘lgan "koronamulohaza"larim aynan favqulodda ish rejimida ishlayotgan shtabdagi kuzatuvlarim davomida tug‘ildi.

"Karantinda" degani - "bemor" degani emas

Shunday vaziyatda menga ham qо‘ng‘iroqlar kam bо‘lmayapti. Tanish-notanish blogerlar, TV va gazeta muxbirlarining savollari bir xil: "Aka, tinchlikmi?.." Ayrimlari ortidan qо‘shib qо‘yadi: "Qarshi tumanidan chiqibdimi?". Ertasi kuni esa Koson tumanidan, keyin Chiroqchidan... deb vahima qilib qolishadi...

Bu haqida qayta-qayta aytilayapti: ayni paytda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida hamda vohamizdagi 4 ta sanatoriyda vaqtinchalik karantinga olingan fuqarolar saqlanmoqda. Ularning salomatliklari qat’iy nazoratda. Ovqatlanish, yuvinish va boshqa bir qator masalalarda yetarli sharoitlar yaratilgan.

Afsuski, aholi orasida yaqinda xorijdan qaytgani, bemor bilan muloqotda bо‘lgani va boshqa sabablar bilan karantinga olingan fuqarolar xususida yuqoridagi kabi "infeksiya yuqtirib olibdi" singari asossiz mish-mishlar ham tarqalmoqda. Ta’kidlash joizki, "karantinda saqlanmoqda" degani - bu aslo "bemor" degani emas. Shugina oddiy haqiqatni ayrim vahimakashlarga tushuntira olmay halakmiz. Shu bois fuqarolardan asossiz xabarlarga ishonmaslikni, vahimaga berilmaslikni, joriy etilgan cheklovlar va Sog‘liqni saqlash vazirligi  tomonidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy amal qilishlarini sо‘raymiz.

"Sizayotgan" emas, "toshib chiqayotgan" ma’lumotlar

"Falonchi karantinda emish..." Darhaqiqat, bu singari xabarlar о‘sha "falonchi"ning yaqinlarini tashvishga, ularning atrofidagi ayrim vahimakashlarni sarosimaga solayotgani bor gap. Inson xoh karantinda, xoh (Allohning о‘zi asrasin) infeksiya yuqtirgan bemor bо‘lsin, barchamiz shundoq ham xavotirda turgan kishining huquqlarini hurmat qilishimiz zarur. Afsuski, bunday kishilar haqidagi shaxsiy ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlar va hatto rasmiy saytlarga ham sizib emas, toshib chiqmoqda.

О‘zbekiston Respublikasining "Shaxsga doir ma’lumotlar tо‘g‘risida"gi Qonunining 14-moddasida qayd etilganidek: "Shaxsga doir ma’lumotlarni nomuayyan doiradagi shaxslarga oshkor etishga, shu jumladan, shaxsga doir ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida hammaga ma’lum qilishga, internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirishga yoki shaxsga doir ma’lumotlardan biror-bir boshqa usul bilan foydalanish imkonini berishga qaratilgan harakatlar shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatishdir.

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ishning ilgari bildirilgan maqsadlaridan chetga chiqilgan hollarda, ushbu ma’lumotlarni tarqatish subyektining roziligi bilan amalga oshiriladi".

Shaxsga doir ma’lumotlar tо‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish tegishli tartibda ma’muriy va hatto jinoiy javobgarlikka sabab bо‘ladi.

Tibbiy ma’lumotlarning asosiy xususiyati ularning maxfiyligidir. О‘zbekiston Respublikasining "Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash tо‘g‘risida"gi Qonunining 45-moddasi "Shifokor siri" deb nomlanadi.

Unda belgilab qо‘yilganidek: "Fuqaroning tibbiy yordam sо‘rab murojaat qilganligi, uning sog‘lig‘ining holati, kasalligiga qо‘yilgan tashxis xususidagi hamda uni tekshirish va davolash davomida olingan boshqa ma’lumotlar shifokor sirini tashkil etadi".

Qolaversa, О‘zbekiston Respublikasi "Ommaviy axborot vositalari tо‘g‘risida"gi Qonunining 6-moddasiga asosan ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.

Shu bois shifokorlar, jurnalistlar, blogerlar va barcha fuqarolar koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan bemorlar hamda mazkur xastalik ehtimoli bilan nazoratga olingan kishilar haqida ma’lumot tarqatishda yuqoridagi qonunlar talablariga qat’iy rioya qilishsa, maqsadga muvofiq bо‘lardi.

"Yо‘q! Shifoxonaga kira olmaysiz..."

Shtabimizga bir telejurnalist meni sо‘rab kelibdi.

Aytishicha, karantinga daxli bо‘lmagan viloyat shifoxonalaridan birida davolanayotgan bemor uchun xayriya aksiyasi mavzusida lavha tayyorlamoqchi ekan. Bosh shifokor palataga kirib, tasvirga olishga ruxsat bermaganini aytib, yordam sо‘radi. Unga bosh shifokor tо‘g‘ri yо‘l tutganini, ayni vaziyatda о‘rnatilgan cheklovlar jurnalistlarga ham taalluqli ekanligini tushuntirishga tо‘g‘ri keldi.

О‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qaroriga asosan barcha davolash-profilaktika muassasalarida 2020 yil 17 martdan boshlab COVID-19 koronavirus infeksiyasi bо‘yicha cheklov tadbirlari joriy etilgan, xususan, bemorlarni kо‘rgani kelgan va boshqa begona   shaxslarning davolash-profilaktika muassasalariga kirishi, bemorlarni davolash va tashxisot ishlariga bog‘liq bо‘lmagan shaxslar bilan tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri muloqotlari taqiqlangan.

Ayni vaziyatda qо‘l berib kо‘rishmaslikka ham odatlanib bо‘ldik. Bemor kishini yо‘qlab, undan ahvol sо‘rash ham - shu singari azaliy gо‘zal qadriyatlarimizdan biri. Ammo hozircha bunday odatlardan tiyilibroq turishga majburmiz. Shu kabi joriy etilgan bir qator cheklovlar aynan о‘zimiz va atrofimizdagilarning salomatligini muhofazalashga xizmat qilishini anglab yetsak va  boshqalarga ham tо‘g‘ri tushuntirsak yaxshi bо‘lardi.

"О‘ldirilayotgan" vaqt uvoli

- Uff, zerikib ketdim. Kun о‘tishi qiyin...

Bu kabi "oh-voh"larni bugun kо‘p eshitayapmiz. Shifoxonayu sanatoriylarda, uyda karantinda saqlanayotganlardan tortib ishga, о‘qishga bormay turganlargacha - telefon titkilashdan charchagan kо‘pchilikning tashvishi shu. Kimlardir bu vaqtdan unumli foydalanib, о‘qish-izlanish payida. Ammo afsuski, ayrimlar vaqtini qanday "о‘ldirish"ni bilmay ovvora.

Talaba tanishlarimdan biri TV orqali videodarslar berilishi haqidagi xabarni ancha istehzo bilan qabul qildi. Sezib о‘tiribman, tahsil davomida ham yolchitib о‘qimagan yigitcha domlasining nazoratisiz videodars tinglashni hazm qila olmayapti.

Bundan yigirma yil muqaddam Germaniyada tahsil olgan hamkasb dо‘stim u yerdagi universitetning naq shaharday keladigan hududida bu darsdan keyingisiga ulgurish uchun velosipedda borishlarini, о‘shanda ham yо‘qlama uchun emas, balki azbaroyi professorning ma’ruzasidan qolib ketmaslik uchun halloslab shoshishlarini, ma’ruzalarni ba’zan tabiat qо‘ynida shundoqqina velosipedga suyangan holda tinglashlarini aytib bergandi.

Talaba tanishimga shular xususida gapirib berdim...

Statsionar karantin uchun mas’ullar "ichkari"dagi fuqarolar sо‘rayotgan eng zarur vositalarni muhayyo etish uchun tinim bilishmayapti. Afsuski, karantindagi "zerikayotganlar" negadir "bizga kitob keltirib bering", deyishga shoshilishgani yо‘q...

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, biblioterapiya yurak faoliyatini yaxshilab, odam immunitetini oshirishda muhim о‘rin tutarkan.

Yaxshiliklar yuqtirib yashaylik

О‘tgan yakshanbada ham ertalabdan ishga otlandim. Xizmatchilik, hozir tizimda favqulodda ish rejimi... Qolaversa, mavjud vaziyatni xolisona yoritib, turli vahimayu mish-mishlarga barham berish - mening vazifam...

Qizim sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazida ishlaydi. Xizmatchilik... Ayni kezlarda uning ham zimmasida kattagina mas’uliyati bor...

Ichki ishlar idorasida ishlaydigan mahalladoshimni ham yо‘lda kо‘rdim -  ishga borayapti...

Ammo taksida hamisha bozor yо‘lagida о‘tiradigan pistachini kо‘rib, hayron bо‘ldim. U telefondagi tanishiga "E, virusini deb savdodan qolaymi?",  deb ketayapti...

Mas’ullardan biridan sihatgohda karantinda yotgan blogerlardan biri sanatoriy  sharoitini talab qilganini eshitib, tavba deysan kishi...

Shtabimizga qо‘ng‘iroq qilgan fuqarolardan biri nega bozorda kartoshka qimmat, deb dag‘dag‘a qiladi...

Kо‘chada kayfi taraq bir kimsa "maska" qimmat, deb noliydi...

Menga qо‘ng‘iroq qilgan bloger navbatdagi mish-mish haqida xabar beradi...

Ammo...

Shunday sinovli kezlarda nomlarini oshkor qilishni istamagan savobtalab kishilar bepul tibbiy niqob, doka, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatayapti...

Talabalarni poytaxtdan olib qaytgan oliyhimmat taksichilar haqida kо‘p eshitdingiz, ular qancha savobning ostida qolgan bо‘lishsa...

Karantin muassasalarida, sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarida xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlari,  ayniqsa, epidemiologlar, infeksionistlar, dezinfeksiya mutaxassislari, uyda izolyatsiya qilinganlardan kuniga ikki mahal xabarlashib,  boshida parvona bо‘lib, haroratini о‘lchayotgan patronaj hamshiralari ham - tirik jon, ularning ham xonadonlarida, rо‘zg‘orlarida о‘z tashvishlari bor. Ammo ular о‘z vazifalarini vijdonan ado etishga intilishmoqda, elning yukiga yelka tutishmoqda... Shunga ham "vazifang-da, qilasan-da...", qabilida iddao qiluvchi noshukurlar topilib turibdi...

Ha, ana shunday sinovli kunlarda niqoblar ortidagi qiyofalar yaqqol namoyon bо‘laverar ekan. Bu qiyofalarning ayrimlaridan "infeksiya"dan ham xavfliroq og‘u taraladi... Shukurki, kо‘plaridan nur yog‘iladi. Bu nur tafti har qanday baloni kuydirib kul qilishga qodir.

"Yuqumli ekan, yuqtirib olibdi..." - keyingi kunlarda bu kabi sо‘zlardan yuragimiz bezillab qolgani rost. Ammo sо‘zda ne ayb?! Qolaversa, bu sо‘zning xayrli ma’nolari ham kо‘p.

Masalan, "yuqsin-yuqsin!". Bu    xalqimiz tomonidan aytiladigan eng ezgu tilaklardan biri. Kimnidir yutug‘i, quvonchini kо‘rganida "bizga ham nasib etsin" ma’nosida shunday deyiladi. Yurtimizda Navrо‘zi olamning xush nasimlari kezib yurgan bir paytda barchamizga yaxshiliklar yuqtirib yashash baxti nasib etishini tilab qolamiz.

Nuriddin EGAMOV,

viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari 

 

25-03-2020 |
Foto galereya