So‘nggi yillarda biz oila aʼzolarimiz bilan bunchalik taʼsirli, vatani uchun jonini fido qilganlar haqidagi film ko‘rmagan edik. 9 may -Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan televideniye orqali namoyish qilingan “Ilhaq” badiiy filmini hammamiz ko‘zida yosh bilan tomosha qildik. 

Filmni ko‘rib turib, rahmatli onamni zor yig‘lab turgan siymolari esimga tushdi. Tog‘am Ro‘ziboy Omonov ham birinchilardan bo‘lib urushga ketganlardan. U kishi Ikkinchi jahon urushida polk komandiri bo‘lib xizmat qilganligini, nemislar tomonidan asir olinib, bedarak ketganliklarini onaizorim yig‘lab gapirib berardilar. Rahmatli momom 1948 yilgacha, yaʼni vafot etgunlariga qadar doim o‘g‘lim keladi, deb ilhaq  yo‘l qaragan ekanlar.

Film haqida gapiradigan bo‘lsak, Yusuf va Chorining do‘stligiga bir eʼtibor qarating. Chori do‘stidan kelgan qora xatni hech kimga ko‘rsatmay, daryoga uloqtirishi, do‘stini doim tirik his etishining bir ramzidir. Film davomida Zulfiya momoning bittagina sigiri bo‘lib, uning sutini nabiralariga bermasdan qishloqdagi fuqarolarning ocharchilikdan asrab qolganligi, birin – ketin besh nafar farzandini frontga yuborib, to‘rtta o‘g‘liga qora xat kelib, faqat birgina Yusuf o‘g‘liga kelmaganligi uchun uni kutib yashaganligi nihoyatda taʼsirli ishlangan. Tomosha chog‘ida farzandlarim Chori qora xatni otib yuborganligi uchun uni qoralay boshlashdi. Uning hatti harakatlaridan norozi bo‘lib gapira boshlashdi.

“Ilhaq”ni ko‘rish jarayonida farzandlarim bir – biriga gap bermay bahslashayotgan savollarga yechim topildi. Kenja o‘g‘lining qabr tuprog‘ini qo‘liga olgan ona nogiron emas, sog‘lom (nafaqat jismonan sog‘lom, ruhan, maʼnaviyati ham sog‘lom) o‘g‘illarni bergan Ollohga shukrona aytgancha omonatini topshirdi...

Urush yillarida xalqimizning frontda va front ortida ko‘rsatgan jasoratlarini albatta, birgina film orqali to‘la qamrab olish qiyin. Ammo bir narsani ishonch bilan ayta olamanki, “Ilhaq” bugungi yoshlarga ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbek xalqining ko‘rsatgan jasorati, front ortida qilgan mashaqqali mehnati, saxovati, mehr – oqibati haqida maʼlumot bera oladigan, Zulfiya momo singari matonatli, uning kelinlari singari sadoqatli o‘zbek ayollarining odamiylik jihatlarini haqqoniy yoritib bergan kino bo‘lganligidan barcha oila aʼzolarimiz bilan mamnun bo‘ldik.

G‘ayrat Irgashev

Qarshi tuman hokimi maslahatchisi

15-05-2020 |
Foto galereya