Ayni paytga qadar viloyatimizda "Har bir oila - tadbirkor" dasturi doirasida aholiga jami 450 milliard sо‘m miqdorida kreditlar ajratilgan. Birgina joriy yilning о‘tgan davrida hududdagi tijorat banklari tomonidan shu yо‘nalishdagi 23 mingdan ortiq loyihaga 374 milliard sо‘m kredit mablag‘lari yо‘naltirilgan. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirishda hududlarning о‘ziga xosligi inobatga olinib, "Bir mahalla - bir mahsulot" tamoyilini rо‘yobga chiqarishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Qarshi shahrida tashkil etilgan matbuot anjumanida shular xususida sо‘z yuritildi. Tadbir О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil, viloyat hokimligi hamda Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini kо‘rib chiqish bо‘yicha viloyat qabulxonasi hamkorligida о‘tkazildi.
Matbuot anjumani "Tadbirkorlik faoliyatini qо‘llab-quvvatlash va himoya qilish masalalarida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi" mavzusiga bag‘ishlanib, unga sohaga aloqador tashkilot va idoralar mas’ullari, viloyatda faoliyat olib borayotgan OAV xodimlari taklif etildi.
Tadbirda sо‘z olganlar yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish maqsadida salmoqli ishlar qilinayotganini qayd etarkan, Prezidentning 2018 yil 7 iyundagi 3777-sonli hamda 2019 yil 7 martdagi 4231-sonli qarorlariga asosan keng kо‘lamda amalga oshirilayotgan "Har bir oila - tadbirkor" dasturi samarasiga alohida tо‘xtalib о‘tishdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu dasturni hayotga tо‘laqonli tatbiq etish maqsadida viloyatimizda eng birinchi navbatda texnologiyalar, yengil konstruksiyali issiqxonalar, naslli chorva mollari, parrandalar va boshqa mahsulotlarni yetkazib beruvchi, moliyaviy ahvoli barqaror deb topilgan 766 ta salohiyatli ta’minotchi tashkilot rо‘yxati shakllantirilgan. Joriy yilning о‘tgan davrida ta’minotchilar tomonidan Rossiya, Ukraina va Qozog‘istondan 2326 bosh yirik shoxli hamda 45,6 ming bosh mayda shoxli naslli chorva mollari olib kelib tarqatilgan.
Qolaversa, tadbirda tegishli dasturga kо‘proq kam ta’minlangan oilalarni qamrab olish, ularga tadbirkorlikni yо‘lga qо‘yishda kо‘maklashib, daromadini oshirishga erishishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani aytildi. Viloyatda hozirgacha ayni shu toifadagi 11 ming 424 oilaga umumiy hisobda 41,5 milliard sо‘m miqdorida kreditlar ajratib berilgan.
Mavzuga doir hisobotlar tinglangach, ochiq muloqotga о‘tildi. Jurnalistlar о‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutasaddilarga yuzlanishdi.
"Har bir oila - tadbirkor" dasturi har tomonlama yaxshi о‘ylangan tashabbus ekani, ammo uni amalga oshirishda, afsuski, ayrim noxolisliklarga yо‘l qо‘yilayotgani bildirildi. Misol uchun, О‘zbekiston Axborot agentligining viloyatdagi muxbiri О‘.Baratov bank kreditni tо‘g‘ridan tо‘g‘ri aholiga taqdim etmasligi, mablag‘ ta’minotchi hisobiga о‘tkazib berilishi, bu esa kо‘pincha odamlar manfaatiga zid kelayotganini qayd etdi. YA’niki, ta’minotchi bir sotixga mо‘ljallangan issiqxonani bugungi kunda 7-8 million sо‘mga qurib beradi. О‘z kuchi bilan barpo etilganda esa issiqxona bir necha baravar arzon tushayapti. Jurnalist bu jarayonni yanada soddalashtirish maqsadga muvofiq bо‘lishini ta’kidladi. Bunga javoban mutasaddilar ana shunday nohalol ta’minotchilar aniqlansa, tezkor xabar berish lozimligi, ular tegishli rо‘yxatdan chiqarilishini ma’lum qilishdi.
Ahamiyatlisi, ayni shu muammo bо‘yicha gazetamizda ham maqola chop etilgan, tizim bunday ishlashidan aholi norozi ekani bayon qilingandi. Biroq bu maqola hanuzgacha tegishli tashkilotlar tomonidan e’tiborsiz qoldirilmoqda. Amalda esa hech narsa о‘zgarmagan. Bu esa hamma oilani ham tadbirkor qilishdek mas’uliyatli vazifani chippakka chiqarib qо‘ymaydimi?
Shuningdek, tadbir tashkilotchilaridan 2016 yilda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan har bir xonadonda 100 boshdan tovuq boqib, 1 sotix limonariy tashkil etishga kirishilgani, viloyatimizdan ham bir necha tuman namunali hudud sifatida tanlab olingani, bugungi kunga kelib bu chora-tadbir qanday samara bergani xususida sо‘raldi. Lekin mutasaddilardan tayinli javob bо‘lmadi.
Viloyat hokimligi mas’uli N.Temirovning bildirishicha, vohamizda zamonaviy klasterlar tashkil etiladi, ular aholiga mahsulot yetishtirish bо‘yicha buyurtma beradi, hosilni sotib olib, о‘zi realizatsiya qiladi. Natijada odamlar о‘zi yetishtirgan mahsulotni bozorga chiqarishdek muammodan qutuladi, faqat dehqonchilikka, tomorqasida ishlashga kuch beradi. Ushbu yangi tizim qachondan ishga tushirilishiga aniqlik kiritilmadi.
Bundan tashqari, о‘tgan yili kreditga berilgan tovuqlar о‘lib qolgani, natijada aholi kо‘p jabr kо‘rgani, odamlar tadbirkorlik desa, bezib qolgani, bu kabi holatlar qaytarilmasligi uchun qanday ishlar qilinayotgani haqida savol berildi. О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha vakil Sherzod Saidovning aytishicha, endilikda bu bо‘yicha tegishli xulosa chiqarilgan, kredit taqdim etishdan avval aholining biror faoliyatga qodirligi obdan о‘rganiladi, zarur tavsiyalar о‘z vaqtida beriladi.
Matbuot anjumanida tegishli dastur ijrochilarining kelgusida matbuot bilan doimo hamkorlik qilishi haqida kelishib olindi.
Xulosa о‘rnida aytganda, hisobotlarga tirkalgan chiroyli raqamu kо‘rsatkichlar hech kimga foyda bermaydi, hech narsaga xizmat qilmaydi. Amalda ham jiddiy о‘zgarishlar bо‘lsin, buni aholi turmush farovonligi yuksalishi va daromadi oshayotganida ham yaqqol sezsin. Shunda dasturdan kо‘zlangan maqsadlar tо‘la amalga oshdi, deyish mumkin bо‘ladi.
Mirzohid JО‘RAYEV
Sobir NARZIYEV olgan suratlar.
Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida