Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda "Kitob tumanida daraxtlar kesib yuborilayapti, tuman chо‘lga aylanib qoldi", degan gap-sо‘zlar kо‘payib ketdi. Aslida ham shundaymi? Bu fikrlar qayerdan kelib chiqayapti va qanchalik haqiqatga yaqin? Quyida shu haqda fikr yuritamiz.

Tuman madaniyat markazi orqasida San’at saroyi kо‘chasi bor, tо‘g‘rirog‘i, bor edi. Ikki chetdagi imoratlar buzilib, yо‘l kengaygunga qadar deyarli shu kо‘chadan yillab ishga qatnaganman. Torgina,  о‘ydim-chuqur yо‘l, eski uylar, nuragan devorlar - mana shu edi kо‘chaning qiyofasi. Ba’zan xonadon egalari  uylarining u yoq-bu yog‘ini ta’mirlab qо‘yishar, ammo chiroyli imoratlar qurishga ikkilanishar, negaki, adashmasam 40-50 yildan buyon el orasida "kо‘cha buzilib, katta yо‘l tusharkan", degan mish-mish yurardi. Aslida bu mish-mish ham emas, negaki, bu yerda yashovchilar bir necha marta bu haqda rasman ogohlantirilgan ham. Shundanmi, ayrim darvozalarga taqa-taq qulf urilgan, xonadon egalari allaqachon boshqa joydan boshpana topib, chiqib ketishgandi.

Ayniqsa, keyingi yillarda buzilish haqidagi gap-sо‘zlar tez-tez quloqqa chalingani uchun, ishga ketayotsam goh onaxonlar, goh otaxonlar hovlimiz qachon buzilarkan, biror gap yо‘qmi, deb sо‘rab qо‘yishardi.

Nihoyat Prezidentimizning Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlari bо‘yicha Davlat arxitektura va qurilish qо‘mitasining 2007 yil 18 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Kitob shahrining bosh rejasiga asosan Kitob-Shahrisabz yо‘lining 0-5, Kitob-Miraki yо‘lining 0-3 kilometrini rekonstruksiya qilishga kirishildi. Maqsad tuman markazini zamonaviy  arxitektura va shaharsozlik talablari va milliy an’analarga muvofiq kompleks rivojlantirishdan iborat edi. Shu tariqa Oqsuv daryosi kо‘prigidan sо‘ng boshlangan qurilish Buyuk ipak yо‘li kо‘chasining Kitob aylanma yо‘ligacha davom etdi. Natijada markaziy Katta yо‘l kо‘chasida sakkiz tasmali, Ipak yо‘li kо‘chasida olti tasmali yо‘l qurildi.

E’tiborli tomoni shundaki, yо‘lning bir kilometr qismi yangidan qurildi, ya’ni Oqsuv  daryosi kо‘prigidan boshlangan Katta yо‘l kо‘chasi mazkur yangi yо‘l orqali Buyuk ipak yо‘li kо‘chasi bilan tutashdi. Natijada odatda tez-tez kuzatiladigan tuman markazidagi tirbandlikka ancha barham berildi.

Yо‘lni kengaytirish jarayonida 43 yuridik va jismoniy shaxsning binolari aynan yо‘l mintaqasiga tо‘g‘ri kelgani uchun buzilishga tushdi. Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga kо‘ra ularga qariyb 7 milliard sо‘m miqdorida kо‘rgan zararlari О‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yо‘llari davlat qо‘mitasi tarkibidagi Umumiy foydalanishdagi avtomobil yо‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi DUK tomonidan tо‘liq qoplab berildi. Katta yо‘l, San’at saroyi, Oq masjid kо‘chalari bо‘ylab yо‘l hududiga tushgan fuqarolarga tumanning Sanam mahallasidan yer uchastkalari о‘lchab berildi.

- Esimni taniganimdan buyon hovlimiz buzilib, kо‘chaga qо‘shilishi haqida eshitganman, - deydi Oq masjid kо‘chasida yashagan Suhrob Tursunov. - Bir g‘ishtni bu yerdan olib, u yerga qо‘yishga qо‘limiz bormagan. Xayriyat, kо‘nglimiz bir yoqli bо‘ldi. Avvalo yer uchastkasi о‘lchab berishdi. Keyin zararimiz qoplab berildi.

Shunga о‘xshash yо‘l-qurilish ishlari Kitob-Miraki yо‘nalishining 0-3 kilometrida ham boshlandi. Bu yо‘nalishning dastlabki bir kilometri nihoyatda tirband bо‘lib, bu joydan о‘tishga haydovchilardan tortib yо‘lovchilarning ham yuragi bezillab turardi. Tirbandlik asablarni tarang qilar, ayniqsa, yо‘lning bir tomonida dehqon va buyum bozorlari, ikkinchi tomonida qator-qator savdo majmualari joylashgani holatni yanada yomonlashtirardi.

Ushbu muammoni hal qilish uchun bundan bir necha yil ilgari yо‘lni ikkiga ajratadigan panjaralar о‘rnatildi. Ammo ikki о‘n besh bir о‘ttiz bо‘ldi. Keyin bir tomonlama yо‘l qilinib, qaytishda mashinalar shahar markaziga aylanma yо‘l orqali kirib keladigan bо‘ldi. Bu usul ham ish bermadi, yana norozilik kuchaydi. Fuqarolarning ariza va shikoyatlari kо‘paydi, bir gal televideniyeda ham tanqid qilindi.

Albatta, bunday sharoitda muammoning yagona yechimi - kо‘chani kengaytirish edi. Shunday qilindi. Tadbirkorlarga dehqon bozori  qatoridagi binolarini о‘z mablag‘lari hisobidan rekonstruksiya qilishga ruxsat berildi. Shu tariqa mazkur yо‘l yoqalab joylashgan 46 ta uch qavatli  imorat qurilishi poyoniga yetay deb qoldi. Yо‘lni kengaytirish, qaytadan qurish boshlandi. Joriy yilda uch kilometrli yо‘lning bir kilometri foydalanishga topshirilishi belgilangan.

Tuman markaziy kо‘chalarini kengaytirish jarayonida 60 ta chinor, 21 ta sosna, 19 ta akatsiya, 23 ta boshqa turdagi daraxtlar kesildi. Hozirgacha kesilgan daraxtlar о‘rniga 170 ta kashtan, 115 ta dub, 200 ta Qrim sosnasi, 260 ta eldor sosnasi ekildi. Shu yilning kuzi va 2020 yilning bahor mavsumida yangidan ta’mirlangan yо‘llar bо‘yida jami 1200 ta dub, 1200 ta Qrim sosnasi, 1200 ta kashtan, jami 3600 ta daraxt kо‘chatlari о‘tqaziladi. Ayni paytda tuman obodonlashtirish bо‘limining daraxt kо‘chatlari yetishtirish uchastkasida 50 mingga yaqin mojjevelnik, kashtan, dub, sosna va boshqa daraxt kо‘chatlari tayyorlab qо‘yilgan. Kо‘rinib turibdiki, tumanda kesilgan har bir daraxt о‘rniga о‘nlab, ehtimol, yuzlab daraxt kо‘chatlari ekilayapti va ekiladi.

Chumchuqdan qо‘rqqan tariq ekmaydi, deyishadi.  Bir narsadan voz kechmay, ikkinchi narsaga erishib bо‘larkanmi? Tо‘g‘ri, hozir yangi ekilgan daraxtlar kichik, kо‘zga tashlanmaydi. Ammo keng va ravon yо‘l, tunda yulduzday miltirab turgan kо‘cha chiroqlari, piyodalar yо‘laklari allaqachon kо‘zga tashlanib, tuman markaziga salobat berib turibdi. Yangi qurilgan yо‘l atrofida besh qavatli uy-joylar qurilishi ham rejalashtirilgan. Axir bu ishlarning hammasi yurtimiz obodligi, elimiz  manfaati, tumanimiz kelajagi, taraqqiyot sari tashlanayotgan qadamlar emasmi?

Tо‘g‘ri, katta ishlarni amalga oshirishning о‘ziga yarasha qiyinchiliklari bо‘ladi. Muammolarni hal qilish ba’zan vaqt talab qiladi. Pashshadan fil yasagan bilan muammo yechilib qolmaydi. Eng muhimi, tirnoq ostidan kir qidirmay yurtda bо‘layotgan yangilanishlar, о‘zgarishlarni kо‘ra bilishdir.

Sо‘zimning sо‘ngida shuni aytmoqchimanki, uch-tо‘rt yil soya-salqinda emas, quyosh balqib turgan yо‘laklardan yurarmiz. Ishonchim komilki, payt kelib Kitobda bugungi obodonchilik ishlarini amalga oshirganlarga rahmat aytishadi.

Lola О‘ROQOVA,

О‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida 

 

31-07-2019 |
Foto galereya