Yana sanoqli kunlardan sо‘ng viloyatimiz dalalarida kuzda ekilgan boshoqli don ekinlari pishib yetiladi. Zalvorli mehnat evaziga yetishtirilgan hosilni qisqa fursatda, nes-nobud qilmasdan о‘rib-yig‘ib olish esa soha mutasaddilari, dehqonu fermerlar oldida turgan endigi eng muhim vazifa hisoblanadi.

Viloyat musiqali-drama teatri oldida g‘alla mavsumi boshlanishi arafasida otryad rahbarlari, kombaynchilar uchun tashkil etilgan bayram tadbiri mas’uliyatli mavsum oldidan soha mehnatkashlariga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.

Bu yil viloyatda 470 ta yuqori unumli kombayn g‘alla о‘rimiga jalb etiladi. Ularning aksariyati yangi, jumladan, 70 tasi 2019 yilda xarid qilingan "Klaas" rusumidagi kombayn. Shuningdek, yana 226 ta kombayn Keys, 50 tasi "Vektor-410" hamda 124 tasi "Klaas-Dominator" rusumli о‘rim texnikalari hisoblanadi.

Ayni paytda mavjud kombaynlarning barchasi texnik kо‘rikdan о‘tkazildi. Shuningdek, zarur texnika vositalari kо‘zdan kechirilib,  mavsumga shaylanmoqda.

Kombaynlarning tо‘xtovsiz ishlashini ta’minlash maqsadida har biriga ikki nafardan operator (haydovchi) tayinlangan. Operatorlarga mavsum boshidanoq bir necha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari hamda 1 million sо‘mdan pul mukofotlari tarqatilmoqda. Bu rag‘bat ularning ishga mas’uliyatini yanada oshiradi.

Shuningdek, har bir kombayn negizida bitta  otryad tashkil etilgan. Ushbu otryadlarga о‘rimda qatnashadigan texnikalarning doimiy sozligini ta’minlash maqsadida kо‘chma ta’mirlash ustaxonasi, yonilg‘i va moylash materiallari yetkazib beruvchi texnikalar biriktirilib, otryad a’zolarining mehnat qilishi va dam olishi uchun dalaning о‘zida zarur sharoit yaratiladi.

Bu yil viloyatimizda 3 ming 585 ta fermer xо‘jaligi tomonidan 141 ming 800 gektar suvli hamda 63 ming gektar lalmi maydonlarda boshoqli don ekinlari parvarishlandi.

Tadbirda viloyat hokimi Zafar Ruziyev ishtirok etdi va nutq sо‘zladi.

Tadbir jarayonidja bayram dasturxoni yozilib, viloyat san’at ustalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi .

 

                                                Suratlarni Murod Komilov olgan.

                                              Viloyat hokimligi axborot xizmati

 

31-05-2019 |
Foto galereya