Qashqadaryo viloyat adliya hamda bandlik boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi “2020 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 545-son qarori ijrosini taʼminlash  yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Viloyatda yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib-terib olishga ishsiz aholini jalb etish hamda majburiy mehnatga barham berish maqsadida klaster, kooperativ, otryad rahbarlari hamda terimchilar o‘rtasida fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzilib, mavsum shu tarzda boshlandi.

Viloyat adliya hamda bandlik boshqarmalarining masʼul xodimlari bilan birgalikda terim bo‘layotgan fermer xo‘jaliklarining dala maydonlarida majburiy mehnatni oldini olish, voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanish taqiqlanganligi va terim mavsumidagi boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha kunlik monitoringlar o‘tkazib kelinmoqda.

Masalan, joriy yilning 21 sentyabr kuni Mirishkor tumanidagi “Nurjahon eʼzoz”, Qamashi tumanidagi “Mehmon bobo”, Muborak tumanidagi “Said Islombek”, Koson tumanidagi “Qaxxor bobo Xazratqul ota” va “Saidnabiyev Usmon” fermer xo‘jaliklarida belgilangan tartibda monitoringlar o‘tkazilib, terim mavsumida ishtirok etayotgan terimchi va masʼullarga huquqiy tushuntirishlar berildi.

Bu yo‘nalishdagi ishlar tizimli davom ettiriladi.

21-09-2020 |
Foto galereya