Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash eng dolzarb muammolardan biridir. Keyingi yillarda butun Respublikamizda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Qashqadaryo viloyatida ham oxirgi 4 yil davomida ichimlik suvi taʼminotida ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2016-2019 yillarda viloyatda 500 kilometrdan ortiq ichimlik suv tarmog‘i, 150 dan ortiq artezian quduqlar qurilib, mavjudlari rekonstruksiya qilindi.

Shunga qaramasdan ayrim hududlarda xususan Muborak tumanida ichimlik suvi taʼminoti ancha past ko‘rsatkichda qolayotgan edi.

Statistika maʼlumotlariga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvar holatida Muborak tumanida 87,5 ming nafar aholi mavjud. 54,1 foiz aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan.

Aholining ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 apreldagi “2017-2021 yillarda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Koson va Muborak tumanlari markazlari hamda Kitob-Shahrisabz yer osti suv konidan suv olish quvuriga yaqin bo‘lgan qishloq aholi punktlarining suv taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasi kiritilib, ushbu loyihani Saudiya rivojlantirish va xalqaro OPEK jamg‘armalari hisobidan amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

– Ushbu loyiha qiymati 50,95 million AQSH dollari bo‘lib, amalga oshirish davri 5 yil yaʼni 2019-2023 yillar davomida amalga oshirish belgilangan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish” vazirligi huzuridagi “Kommunxizmat” agentligi AMG Qashqadaryo viloyatida loyihalarni monitoring va baholash bo‘yicha hududiy koordinatori Ulug‘bek Murodov. – Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 2020 yilda OPEK Xalqaro Taraqqiyot Jamg‘armasining qarz mablag‘lari hisobidan yaʼni loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi va “Kommunxizmat” Agentligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJ qayta kreditlash to‘g‘risidagi bitim tomonlar o‘rtasida imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2020 yilda loyihani amalga oshirish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi. Mazkur qaror talablaridan kelib chiqib olingan xulosalar asosida “O‘zbekkommunalloyihaqurilish” DUK loyihaning texnik-iqtisodiy asos (TEO)larini ishlab chiqib, tegishli vazirlik va idoralardan ijobiy xulosalar olindi.

Taʼkidlash lozimki, texnik-iqtisodiy asos (TEO) asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 maydagi “Koson va Muborak tumanlari markazlari hamda Kitob-Shahrisabz yerosti suv konidan suv olish quvuriga yaqin bo‘lgan qishloq aholi punktlarining suv taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asos(TEO)larga asosan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tumanda quyidagi qurilish tiklash ishlari amalga oshirilishi nazarda tutilgan: tumandagi “3-nchi” va “Quruvchilar” suv to‘plash va uzatish inshootlari, 49,2 kilometr ichimlik suv tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi hamda 28,6 kilometr yangi tarmoqlar quriladi.

Mazkur loyiha amalga oshishi natijasida Muborak tumanida 40 ming nafardan ziyod aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanadi va taʼminlanish darajasi xos ravishda 64 va 75 foizga yetkaziladi.

O‘.Barotov,
Muborak tumani hokimligi
axborot xizmati rahbari

12-08-2020 |
Foto galereya