turizm sohasidan katta daromad kо‘rish uchun nima qilish kerak?

Ma’lumki, Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish tо‘g‘risidagi konvensiya 1995 yilning 22 dekabrida О‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan. Konvensiya doirasida Xiva shahridagi Ichan-qal’a, "Samarqand - madaniyatlar chorrahasi" obyekti, Buxoro va Shahrisabz tarixiy markazlari hamda Chotqol biosferasi Umumjahon merosi rо‘yxatiga kiritilgan. Biroq, 2016 yilda YUNESKO huzuridagi Umumjahon merosi qо‘mitasi Shahrisabz tarixiy markazini xavf ostidagi obyektlar rо‘yxatiga qо‘shdi. Bu xavf 2019 yilda "Samarqand - madaniyatlar chorrahasi" obyektiga nisbatan ham paydo bо‘lgan.

Nega shunday bо‘ldi? Kim aybdor? Yо‘l qо‘ygan xatolardan xulosa chiqardikmi?

О‘zbekiston tarafining say-harakatlari, Umumjahon merosi qо‘mitasining tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan "Yо‘l xaritasi" asosida  bu xavflar bartaraf qilindi. Demak, endi tarixiy obidalarimizni asrash va ular atrofida qurilishlar qilishda YUNESKO takliflari bilan hisoblashish eng muhim vazifalarimizdan biri bо‘lib qolayapti.

Qayd etish lozim, О‘zbekiston mustaqil bо‘lgandan buyon mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish borasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. 1999 yildagi "Turizm tо‘g‘risida"gi Qonun va О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi "О‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi farmoni shular jumlasidan. Maqsad mamlakatimizda turizm va hududlarni jadal rivojlantirish, yangi ish о‘rinlarini yaratish, aholining daromadlari va turmush darajasini oshirish, yurtimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan.

Shu о‘rinda bir savol tug‘iladi: Misr, Turkiya, Gruziya singari davlatlar kabi turizm sohasidan katta daromad kо‘rish uchun nima qilish kerak?

Mamlakatimizda turizm sohasini yanada rivojlantirish uchun 2019 yilning 18 iyulida Prezident tomonidan "Turizm tо‘g‘risida"gi yangi Qonun imzolandi va u joriy yilning 18 oktabridan e’tiboran kuchga kiradi. Qonunda turizm, tur, turist, turistik vaucher, ekskursant kabi bir qator tushunchalarga ta’rif berildi. Turizm sohasini mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida rivojlantirish, sayyohlarning huquqlarini va xavfsizligini ta’minlash, turistik resurslardan unumli foydalanish, bu sohaga investitsiyalarni jalb qilish, davlat-xususiy sherikchilik va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar turizm sohasidagi davlat siyosatining asosiy yо‘nalishlari etib belgilandi.

Turizm sohasida Vazirlar Mahkamasi vakolatlariga yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash, davlat dasturlarini ishlab chiqish va uni rо‘yobga chiqarishni muvofiqlashtirish, turistik zonalar, turistik klasterlarni tashkil etish va ularda turizm sohasi subyektlari faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilash, xizmatlarni sertifikatlashtirish, turistlar va ekskursantlarni sug‘urta qilish, ularga tibbiy, huquqiy hamda boshqa turdagi yordam kо‘rsatish tartibini belgilash, byudjetdan tashqari Turizm sohasini qо‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilash, turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va turizmni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish bо‘yicha idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish, mehmonxona xizmatlarini, turoperatorlar va turagentlar xizmatlarini kо‘rsatish qoidalarini tasdiqlash kabi vazifalar kiradi.

О‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qо‘mitasi turizm sohasidagi vakolatli davlat organi bо‘lib, u turizm sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Uning vakolatlari qonunda aniq belgilangan. Qо‘mitaning viloyatlarda hududiy bо‘linmalari bо‘lib, ularning faoliyati viloyat hokimining tegishli о‘rinbosari tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli hududda turizm sohasidagi davlat siyosatini va ushbu sohani muvofiqlashtirishni amalga oshiradi. О‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qо‘mitasining hududiy bо‘linmasi bilan birgalikda turizm sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi, tegishli shart-sharoitlarni yaratadi. Turistik axborot markazlarini tashkil qiladi.

Qonun normalarida turizm sohasi subyektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligini himoya qilish ustuvorligi, turizmni barqaror rivojlantirish va buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, turizm sohasida tadbirkorlikni davlat tomonidan qо‘llab-quvvatlash va raqobatni rivojlantirish, oshkoralik va ochiqlik kabi asosiy prinsiplar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, qonunda xalqaro va ichki turizm shakllari, shuningdek, madaniy-tarixiy, ziyorat, ekologik, ma’rifiy,  sport, tibbiy, yoshlar turizmi, agroturizm kabi sayohat turlari mustahkamlanmoqda. Fuqarolar о‘zini о‘zi boshqarish organlarining va nodavlat notijorat tashkilotlarining turizm sohasi tadbirlaridagi ishtiroki mexanizmlari belgilangan. Ular turizmni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, jamoatchilik nazorati, davlat organlari va tashkilotlar bilan hamkorlik qilishdan iborat. Ushbu qonun talablari ijrosini ta’minlash mamlakatimizda turizm sohasi rivojini kafolatlaydi. Binobarin, о‘sha Misr, Turkiya, Gruziya singari davlatlar tajribasida ham ana shular о‘z aksini topgan.

Yurtimizga turistlarni jalb qilish orqali ish о‘rinlari yaratish va aholining turmush darajasini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizdagi tinchlik va ajdodlarimizdan qolgan tarixiy obidalar, buyuk allomalar amalga oshirgan ishlar, xalqimizning ma’naviy boyligi va betakror urf-odatlari turistlar oqimini kо‘paytiradi. О‘z navbatida shahar va qishloqlarimizdagi obodligu ozodalik hamda xalqimizning xorijdan kelgan mehmonlarga bо‘ladigan muomala madaniyati ham bu ishlarga о‘z ta’sirini kо‘rsatadi.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmati rahbari

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

06-08-2019 |
Foto galereya