Muhtaram Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev tomonidan “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash tо‘g‘risida”gi tarixiy Qarori halqimiz ma’naviy hayotiga, ruhiga yangi hayotbaxsh nasimlar kabi bir farahbaxsh tо‘lqin olib kirdi. Shu kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida xizmat qilayotgan xalq ziyolilari, ijodkorlari bu tabarruk Qaror shukuhi bilan, uyg‘ongan ruh, surur va g‘urur bilan, eng muhimi, о‘z imkoniyatlarini tо‘la safarbar qilish hissi bilan nafas olmoqda, yashamoqda. Qarorda ta’kidlanganidek, “Jonajon Vatanimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qо‘yib, yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida о‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur о‘rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”.

Aslida, insoniyat ongu tafakkuri har qanday ijtimoiy va iqtisodiy tanazzul davrida ham rivojlanishdan, yuksalishdan tо‘xtamaydi. Bu jarayonni hech narsa bilan tо‘xtatib bо‘lmaydi. Turli sohalardagi bir necha asrlik kashfiyotlar tadriji kuzatilsa, bunga amin bо‘lish mumkin.

Biroq badiiy ijod jarayonlarida ba’zan favqulodda vujudga kelgan tо‘lqinlar, yuksalishlarning yuzlab yillar о‘tsa-da, takroran namoyon bо‘lishi qiyin.

Shuning uchun ham daho mutafakkirlar tomonidan yaratilgan yuksak badiiy ijod namunalari zavol topmaydi, ular bebaholigicha о‘z qimmatini yо‘qotmay abadiy qolaveradi. Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning о‘lmas ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida о‘rin tutishini ham xuddi shu abadiyat qonuni bilan izohlash mumkin.

Qarorda shoir tavalludining 580 yilligini nishonlashni oliy darajada tashkil etish bо‘yicha barcha masalalar qamrab olinishi bilangina cheklanilgan emas, balki buyuk mutafakkir merosini keng kо‘lamda о‘rganish, hayotga tatbiq etish orqali xalq tafakkuriga buyuk ijodkorlik ruhini singdirish lozimligi ham nazarda tutilgan. Zotan, taraqqiyot va yuksalish yо‘lidagi har qanday hayotiy muammo va vazifalar yechimi ularga faqat ijodiy yondashuvlar bilangina hal etilishi mumkin.

Haqiqatan, hazrat Alisher Navoiy asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy g‘oyalarning jahon tamaddunida muhim о‘rin tutishi, о‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy va ijodiy fazilatlarni tarbiyalashdagi ahamiyati beqiyosligi yangi Uyg‘onish davri poydevori uchun asos bо‘lishi shubhasiz.

Qarorda Alisher Navoiy hayoti va ijodini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng о‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida ma’naviy hayotimizda katta rol о‘ynaydigan quyidagi ishlar belgilab qо‘yilgan:

– Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish;

– ulug‘ shoirning ijodiy merosini chuqur о‘rganish va ommalashtirishga ulkan hissa qо‘shgan mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolarini hamda ilmiy-ijodiy muassasalarini taqdirlash maqsadida Alisher Navoiy ordenini ta’sis etish;

– xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qо‘lyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish;

– О‘zbekiston Milliy kutubxonasida buyuk mutafakkir asarlari va navoiyshunoslik fani bо‘yicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarning elektron platformasini yaratish;

– Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabini tashkil etish;

– Navoiy shahrida “Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi о‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish;

– Samarqand shahridagi Alisher Navoiy tahsil olgan Fazlulloh Abullays Samarqandiy madrasasini ta’mirlash va uning hududini obodonlashtirish;

– Alisher Navoiyning yangi tahrirdagi 20 jildlik mukammal asarlari tо‘plamini, rus tilidagi 10 jildlik asarlari hamda Alisher Navoiyga bag‘ishlangan kitob-albomning nashrini amalga oshirish;

– tо‘rt jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ni, besh jildlik “Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘ati”ni nashr etish.

Bulardan tashqari, men olimlar oldiga qо‘yilgan alohida ahamiyatga ega bо‘lgan muhim vazifalardan ikkitasi haqida tо‘xtalishni lozim topaman. Bulardan biri – Fanlar akademiyasi Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligiga 2020 – 2021 yillar davomida Alisher Navoiyning qо‘lyozma manbalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashrini yaratish ishlarini amalga oshirish vazifasi topshirilganidir. Ushbu vazifa juda murakkab ish bо‘lib, uni amalga oshirish keng miqyosdagi matnshunoslik ishlari olib borilishni taqozo qiladi.

Aytish lozimki, bu borada hozirgacha ayrim ishlar amalga oshirilgan bо‘lsa-da, ular mukammal ilmiy nashr sanalishi qiyin. Chunki bizning adabiyotimiz tarixi manbalari, jumladan Navoiy asarlari matnining ilmiy nashri xususida sо‘z borganda ularning biz kо‘p tayanadigan rus yoki Yevropa matnshunosligidagi bu tushuncha ma’nosidan keskin farq qilishini hisobga olish zarur.

Afsuski, hozirgacha о‘zbek matnshunosligida bu muammoning nazariy metodologik asoslari ishlab chiqilmagan. Qarorda belgilangan ilmiy nashrni amalga oshirish uchun, albatta uning nazariy metodologik asoslari, loaqal uning dastlabki tamoyillari ham vujudga keladi.

Ikkinchisi – Innovatsion rivojlanish vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini tadqiq etish bо‘yicha ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar tanlovini о‘tkazish, ya’ni davlat tomonidan navoiyshunoslik rivojini qо‘llab quvvatlash orqali buyuk meros mohiyati keng va chuqur ochilishiga erishiladi, yangi kashfiyotlar dunyoga keladi.

Bu tadbir navoiyshunoslar va matnshunoslar uchun jahon kutubxonalari va noyob qо‘lyozmalar xazinalaridagi buyuk ajdodimiz merosi namunalarini tо‘plash va о‘rganish imkoniyatlarini ochadi.

Umuman olganda, Qaror ilm va ijod ahllarining faoliyatida yangi sahifalar ochishiga shubha yо‘q. U davlatimiz rahbari tomonidan ma’naviy taraqqiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun ishlab chiqilgan muhim yо‘llanmadir.

 

Filologiya fanlari doktori,

О‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi:                  Nafas SHODMONOV.

05-11-2020 |
Foto galereya