8-11 iyun kunlari Qarshi shahridagi “Geolog” majmuasida sportning qо‘l jangi turi bо‘yicha Ichki ishlar vazirligining birinchiligi bо‘lib о‘tdi.

Unda respublikamizning barcha hududlari ichki ishlar organlari, shuningdek, jazoni ijro etish, qorovul qо‘shinlari, xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmalari sharafini himoya etuvchi 19 jamoa safida 170 nafar sportchi g‘oliblik uchun tatamiga chiqdi.

Shiddatli va kurashga boy kechgan bahslardan sо‘ng har bir vazn toifasi bо‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Jumladan, 60 va  65 kilogramm vazn toifalarida navoiylik Islom Mardonov va Abbos Qodirovlarga teng keladigani topilmagan bо‘lsa, 70, 75 hamda 80 kilogramm vazn toifalarida Buxoro viloyatining uch vakili – Suhrob Ergashev, Mahmud Roziyev va Hasan Tо‘rayevlar shohsо‘paning eng yuqori pog‘onasiga kо‘tarilishdi.

85 kilogrammgacha vaznlilar bо‘yicha ham navoiylik Shuhrat Abduraimov g‘olib, deb topilgan bо‘lsa, 90 kilogramm vazn toifasida viloyatimiz vakili Jahongir Mansurov 1-о‘rinni qо‘lga kiritdi. Mutlaq vazn toifasi bо‘yicha esa andijonlik Alisher Akbarovga teng keladigani topilmadi.

Umumjamoa hisobida quyidagi natijalar qayd etildi:

1-о‘rin - Buxoro viloyati IIB terma jamoasi 

2-о‘rin - Navoiy viloyati IIB terma jamoasi

3-о‘rin - Qashqadaryo viloyati IIB terma jamoasi

Shuningdek, qо‘shimcha nominatsiyalar bо‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. Jumladan, namanganlik Jasur Solijonov “Eng yaxshi texnika sohibi”, andijonlik Sardor Sodiqov “G‘alabaga bо‘lgan eng yaxshi ishtiyoqi uchun” nominatsiyalarida sovrindor deb topildi.

G‘oliblarga medallar, musobaqa diplomlari hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

J.BOYMURODOV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

14-06-2019 |
Foto galereya