odam mehnat qobiliyati pasayib, bolalar rivojlanishdan orqada qoladi, xotira sustlashib,  uyqu buziladi

Hozirgi kunda gijja kasalligi dunyoda tarqalishi bо‘yicha nafas yо‘llari kasalliklaridan keyin ikkinchi о‘rinda turadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga kо‘ra, dunyoda har tо‘rt kishidan biri gelmintoz (gijja)lar bilan kasallangan. Bugungi kunda odamlar, hayvonlar va о‘simliklar hisobiga yashovchi parazitlarning 15 mingdan ziyod turi ma’lum. Shulardan askarida va ostritsa gijjalari insonlarda kо‘proq uchraydi. Gijjalar va ularning kelib chiqish sabablari, oqibatlari hamda davolash usullari xususida viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi parazitolog-shifokori Aziz HASANOV bilan suhbatlashdik.

GIJJALAR - О‘ZI NIMA?

- Odam va hayvonlarning a’zo va tо‘qimalari hisobiga yashovchi mayda chuvalchanglar - gijja (gelmint)lar keltirib chiqaradigan kasalliklar gelmintozlar deyiladi. Gijja kasalligi insoniyatga juda qadim zamonlardan ma’lum bо‘lib, Abu Ali ibn Sino gijjalar ishtaha buzilishi, tana harorati  kо‘tarilishi, miya faoliyati, yurak sohasidagi noxush sezgi va ichak  faoliyati buzilishi kabi og‘ir va xavfli holatlar (simptomlar)ni keltirib chiqarishini aytib bergan.

QANDAY NAMOYON BО‘LADI?

- E’tibor bersangiz, kо‘pincha bolalarda tirnoq tishlash odati bо‘ladi. Bunga befarq bо‘lmaslik kerak. Chunki qо‘l yuvilgan taqdirda ham tirnoqda qolgan infeksiyalar nafaqat gijja, balki ichak infeksiyalari, hatto gepatit A kasalligini ham keltirib chiqaruvchi omildir. Gijjalarning  xili, soni va qaysi organda parazitlik qilishiga qarab kasallik turlicha kechadi. Har bir parazitning о‘zi "yaxshi kо‘rib" yashaydigan a’zosi bо‘ladi va shu a’zoni u ma’lum darajada shikastlaydi. Umumiy belgilari - holsizlanish, kamqonlik, jizzakilik, kо‘ngil aynishi, ich ketishi, bosh aylanishi, doimiy charchoq, vazn yо‘qotishdir. Terida toshmalarning paydo bо‘lishi parazitlarning toksinlari hisobiga yuz beradi. Gijja ichakda bо‘lsa, ich ketadi yoki qotadi, kо‘ngil ayniydi. Jigarda bо‘lsa, kо‘z oqi va badan sarg‘ayadi, shish paydo bо‘ladi, teriga har xil dog‘lar tushadi. О‘pkaga joylashgan parazitlar isitma chiqarib, yо‘tal paydo qilishi mumkin. Shuningdek, "mayda tekinxо‘rlar" tufayli odamning mehnat qobiliyati pasayadi, bolalar rivojlanishdan orqada qoladi, xotira pasayib, uyqu buziladi, hatto tish g‘ichirlatish odatga aylanadi.

YUQISH YО‘LLARI

- Gijjalar turiga qarab har xil usullarda yuqishi mumkin. Masalan, lyamblya - о‘zidan о‘zi odam organizmida kо‘payadi. Ishtaha bо‘g‘ilishi, ertalab nonushta qilishga qiynalish, bolalarda injiqlik, jizzakilik, о‘z-о‘zidan ich ketishi va qotishi - uning asosiy alomatidir.

Lyamblya, asosan, og‘iz bо‘shlig‘iga ifloslangan taom yoki yegulik orqali tushadi. Uni davolash uchun kо‘pincha klizma qilishadi. Holbuki,  bu usul uni yо‘qotishda yordam bermaydi. Chunki klizma lyamblya о‘rnashgan joygacha yetib bormaydi. Lyamblya о‘t yо‘llarida, о‘n ikki barmoqli ichakda parazitlik qiladi. Biz taom tanovul qilganimizda, ovqat hazm bо‘lishi uchun oshqozondan keyin о‘n ikki barmoqli ichakka о‘tadi. Lyamblya о‘n ikki barmoqli ichakda odam organizmi uchun zarur vitaminlar, minerallar, kaliy, kalsiylar bilan oziqlanadi. U qaynatilmagan suv va ichimliklardan yuqishi mumkin. Shu bois ichimlik suvi bilan bog‘liq muammoli joylarda kо‘p uchraydi.

Ostritsa organizmga joylashgach, 4-6 soat ichida kasallik qо‘zg‘atadi.  Aksariyat hollarda bolalarning bir maydonchada о‘ynashi, bitta tuvak, idish-tovoqdan foydalanish uni yuqtirishga yо‘ldir. Ostritsa, asosan, о‘n ikki barmoqli ichak hamda yо‘g‘on ichakda joylashib, о‘rmalab harakatlanadi va tuxum qо‘yadi. Sо‘ng о‘sha sohada qichishish yuzaga keladi. Ushbu gelmintlar 1-1,5 oy hayot kechiradi.

Askarida esa kо‘p hollarda tozalanmagan mahsulotlar hamda hasharotlardan tarqalib, oshqozon, me’da osti bezi, jigar, о‘t qopi yо‘llarida harakatlanishi mumkin. Askaridoz parazitlari bilan kasallangan bolalarda neyrodermit, astma, ekzema, pnevmoniya kabi xastaliklar uchrashi mumkin. Askaridaning hayot sikli bir necha yillarga yetadi.

Bola organizmi kurashish qobiliyati pastligi bois parazit bemalol kо‘payadi. Askarida yuvilmagan meva va sabzavotlar hamda kо‘katlar orqali inson organizmiga tushadi. Kо‘pincha zararlanish bolalarning hayvonlar bilan muloqotida, ular axlati tushgan tuproq va qumlarda о‘ynaganda ham kuzatilishi mumkin. Shu sababli bolalar kо‘chada о‘ynab kelganidan sо‘ng qо‘llarini yuvishini nazorat qilish kerak.

Shuningdek, gijjalar organizmdagi vitaminlar, uglevodlar, oqsil va mineral moddalarni sо‘rib oladi, organizmda kamqonlik (anemiya) va vitaminlar yetishmasligi (avitaminoz) kelib chiqadi. Juda kо‘p kasalliklarni, jumladan, tutqanoq, parishonxotirlik, teriga oq dog‘lar tushishi,  bronxit, bronxial astma, dermatit, bronxopnevmoniya va boshqalarni keltirib chiqaradi. Buning oqibatida organizm immuniteti pasayib, о‘tkir kasalliklar surunkali shaklga о‘tib ketadi. Organizm kasallikka chalinuvchan va moyil bо‘lib qoladi.

DAVOLASH MUMKINMI?

- Kasallik har bir odamda о‘ziga xos kechadi, shuni hisobga olgan holda, davolanish muolajasini olishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish kerak. Agarda parazitlar borligiga gumon qilinsa, birinchi navbatda najas analizi bir necha kun oralig‘ida 3 marta olinadi. Gelmintlar hamda umumiy tahlil uchun qon analizi qilinadi. Shuningdek, ichki a’zolar ultratovush tekshiruvidan va rentgenografiyadan о‘tkaziladi. Yilida ikki marta shifokor kо‘rigidan о‘tib, gigiyena va tozalikka e’tibor qaratsangiz, parazitlar sizni bezovta qilmaydi.

Shohista BOZOROVA yozib oldi.

 

 Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

28-07-2019 |
Foto galereya