Mahalla - ona makonimiz, ota uyimiz joylashgan qadrdon gо‘sha. Shuning uchun ham qadrdonki, dunyoga kelgan kunimiz, hayotimizdagi quvonchli damlar, g‘amu tashvishlarni shu maskanda о‘tkazamiz.

Tarixda mahalla bor edimi?

Zardushtiylarning muqaddas kitobi "Avesto"da jamoa bо‘lib yashash tarzi, davlat va jamiyat о‘rtasidagi munosabatlar va boshqa shu kabi masalalar tartibga solingan. Jumladan, mazkur davrda ishlab chiqarish, jamoalarni boshqarish saylangan oqsoqollar qо‘lida bо‘lib, ular jamoa hayoti bilan bog‘liq barcha ishlarni oqsoqollar kengashi orqali hal etishgan. Jamoa manfaatlari ushbu kengash tomonidan himoya qilingan va ular mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda mustaqil bо‘lgan. Bu esa о‘z navbatida, butun tarix davomida mahalla insonlar bilan birga, ularning yaxshi va yomon kunlarida hamnafas bо‘lib, muhtojlar, zaiflarga yordam qо‘lini chо‘zib kelish vakolatlariga ega bо‘lganidan dalolat beradi.

Al-Xorazmiy, al-Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg‘ariy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk mutafakkirlar asarlarida ham adolatli jamiyat va insonning qadr-qimmati ulug‘lanishi bilan bir qatorda jamoa bо‘lib yashash tarzi, uning jamiyat hayotidagi о‘rni, jamoa tomonidan amalga oshiriladigan vazifa va vakolatlar tо‘g‘risida fikr-mulohazalarni uchratish mumkin.

- Mahallalar ayniqsa Amir Temur tuzgan davlatda jadal rivojlangan va ularning vakolatlari yanada kengaytirilgan, - deydi tarixchi  Ochil Bо‘riyev. - Bu davrda mahalla oqsoqoli - "kadxudo" deb atalgan hamda mahalliy aholi tomonidan saylangan va unga e’tibor, ishonch katta bо‘lgan. Zimmasiga javobgarlik, mas’uliyat yuklanib, boshqaruv masalalarida katta vakolatlar berilgan. Jumladan, "Temur tuzuklari"da: "Kadxudolar dehqonlar va ekin maydonlariga ishlov beruvchilar kо‘nglini xushnud etib, о‘zlariga qaratsinlar. Faqiru miskin, biron kasb qilishga ojiz - kо‘rlarga nafaqa belgilasinlar", deyilgan. Shuningdek, "Temur tuzuklari"da yozilishicha, Sohibqiron о‘zi barpo etgan bepoyon va qudratli saltanatni boshqarishda mahallaning mutasaddi shaxslariga tayangan, ular bilan yaqin muloqotda, doimiy mashvaratda bо‘lgan, kezi kelganda ular faoliyatini bevosita qо‘llab-quvvatlagan.

Sobiq tuzum davrida

Sobiq shо‘rolar mahallalarni tuman, shahar, qishloq kengashlari rahbarligida boshqargan. Lekin u davrda mahallalar boshqaruv tizimi sifatida "chalajon" holatga keltirib qо‘yilgan. Ular xalqning dastlabki jamoat tashkiloti sifatida faoliyat kо‘rsatishi uchun hech qanday huquq, vakolat, imkoniyatga ega bо‘lmagan.

- SHо‘rolar tuzumi manfaatlarini ifoda etuvchi "Ovul sovet" va "Shahar soveti" nomini olgan xududiy atamalar bilan ish olib boruvchi fuqarolik organlarining qanday vazifalarni ado etishi bilan aholi, tо‘g‘risi, qiziqmas ham edi, - deydi Fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bо‘yicha viloyat kengashi raisining birinchi о‘rinbosari Qurbon Sariqov. - Bu fuqarolik organlari "ma’lumotnoma beradigan", "aholi sonini rо‘yxatga oladigan yoki rо‘yxatdan chiqaradigan", "xalq mol-mulkini hisoblab, soliqqa tortiluvchilar rо‘yxatini tuzuvchi idora" kabi vazifalarni bajaradi, xolos. "Xalqning tashvishi nima, uni qanday muammolar qiynayotir?", "Oilalar tinchmi, ularning moddiy  ahvoli qanday?", "Farzandlari uchun qanday sharoitlar yaratish kerak?", "Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtojlar bormi?" kabi savollar ularni umuman qiziqtirmasdi. Mana shunday tashvishi bor fuqarolar bu "idoralar" ostonasidan hatlab kirmasdi.

Bugun-chi?

Bugungi kunda mahallalar aholini ijtimoiy qо‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markazlariga aylanishiga harakat qilinmoqda.

- Prezidentimizning joriy yil 2 apreldagi "Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmoni mahallalar zimmasiga katta vazifalar yukladi, - deydi Qurbon Sariqov. - Endilikda murojaatlar bilan ishlash, aholi muammolarini aniqlash va hal etish bо‘yicha "mahalla-sektor-Xalq qabulxonasi-mahalla" yо‘nalishida hamkorlik zanjiri joriy qilindi. Yangi tizimdan asosiy maqsad muammolarni joyida aniqlash va hamkorlikda bartaraf etish choralarini kо‘rish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini о‘rnatishdir.

Sarhisob

Respublikamizning barcha hududlari singari viloyatimizda ham Oliy Majlis Senati Kengashining 2019 yil 15 fevraldagi "Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik kо‘rish va uni о‘tkazish tо‘g‘risida"gi  qaroriga muvofiq joriy yilning may-iyun oylarida fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi bо‘lib о‘tdi. Raislikka eng munosib deb topilgan 768 nomzod saylangan bо‘lsa, ularning 547 nafari yangi saylangan raislar 3 yil davomida mahalla ishiga boshchilik qilib, pirovardida aholi farovonligi, hudud rivojiga hissa qо‘shadigan bо‘ldi.

- 30 yildan buyon mahalla tizimida faoliyat olib boraman, - deydi Qarshi shahridagi Chaqar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Norgul Mustafoqulova. - Shundan kelib chiqib qaraydigan bо‘lsam, bundan 10-15 yil oldingi mahalla raislari bilan bugungilarining faoliyati bir-biridan farq qiladi. Bugun talabga yarasha vakolatlar kо‘lami ham kengaydi. Ular ma’lum hudud yо‘lboshchisi sifatida huquqiy savodxon bо‘lishi talab etiladi.

Aytish joiz, yangi saylangan raislar uchun 88 soatlik о‘quv tashkil etilib, unda aholining ehtiyojmand qatlami va keksa avlod vakillarini ijtimoiy qо‘llab-quvvatlash, oilalarni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasida samaradorlikka erishish, ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, shuningdek, erta turmush va yaqin qarindoshlar о‘rtasidagi nikoh, diniy aqidaparastlik,  giyohvandlik, odam savdosi singari holatlarning oldini olish kabi masalalarda  mahallaning vakolati va boshqa qator vazifalar bо‘yicha bilimlar oshirildi.

Ijtimoiy himoya

"Mahalla" xayriya jamoat fondining asosiy vazifalaridan biri -  aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy qо‘llab-quvvatlash, ularga moddiy va ma’naviy yordam kо‘rsatish bо‘lib, ushbu yо‘nalishda fuqarolar yig‘inlari bilan о‘zaro hamkorlikda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinayotir.

- Ayniqsa, keksalarni e’zozlash, urush va mehnat fronti faxriylari, yolg‘iz qariyalar, pensioner va nogironlar, ehtiyojmand oilalarni moddiy va ma’naviy qо‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, - deydi Qurbon Sariqov. - Joriy yil Davlat dasturi doirasida Yakkabog‘ tumanidagi "Saxovat" internat uyi hamda Shahrisabz tumanidagi ayollar Muruvvat uyida yashayotgan 400 nafarga yaqin keksalarga yostiq-choyshab tо‘plamlari, shaxsiy gigiyena vositalari, kiyim-kechaklar berildi. Mahallalarda istiqomat qilayotgan 100 yosh va undan katta yoshdagi faxriylarni jalb etgan holda "Asr bilan yuzma-yuz" mavzusida tadbirlar tashkil qilinmoqda. Ehtiyojmand oilalarni qо‘llab-quvvatlash, oilaviy bizneslarini rivojlantirish uchun imtiyozli  kreditlar ajratildi. Ayni paytda ular parranda, chorva boqib, issiqxona tashkil etib manfaatdorlik kо‘rmoqda. Shuningdek, fond tomonidan 20 dan ortiq urush va mehnat fronti faxriylari, yolg‘iz keksalar va nogironlarning uy-joylarini ta’mirlashga moddiy yordam kо‘rsatildi.

Bir sо‘z bilan aytganda, mahallalardagi totuvlik, inoqliq va farovonlik mamlakat taraqqiyotida muhim о‘rin egallaydi.

Shohista BOZOROVA

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari  asosida

03-08-2019 |
Foto galereya