Sо‘lim tabiat, zilol buloq suvi, musaffo havo - bularning barchasi dengiz sathidan 1000 metr balandlikda, Hisor tog‘lari bag‘rida joylashgan Shahrisabz tumani Miroqi shaharchasidagi "SHо‘rtan gaz - kimyo majmuasi" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli "Lochin" oromgohida mujassam.
Joriy yil uning tashkil etilganiga 45 yil tо‘ldi. Qariyb yarim asrdan buyon bolajonlarni о‘z bag‘riga chorlab kelayotgan bu ajoyib maskanda ayni damda ham maktab о‘quvchilari yozgi ta’tilni sarguzashtlarga boy taassurotlar bilan о‘tkazib, miriqib dam olishmoqda.
Soat 20:00. Barcha dam oluvchilar oromgoh maydonida jam bо‘lishgan. Mardonavor ruhda davlatimiz madhiyasi yangradi. О‘zbekiston bayrog‘i kо‘tarildi. Katta ekranda oromgoh о‘tmishi aks ettirilgan videorolik namoyish etilgach, sahnada zamonaviy va milliy raqslar shousi boshlanib ketdi. Bolajonlarning shodon kulgisi butun Miroqi bо‘ylab yangradi... Bu yilgi mavsumning 4-navbati ochilishi hamda "Lochin"ning 45 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali marosim mana shunday kо‘tarinki ruhda boshlandi.
Oromgohda dam oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlardan nafaqat qashqadaryolik yoshlar, balki Orolbо‘yi mintaqasidan kelgan bolajonlar ham bahramand bо‘lishmoqda. Yubiley tadbirida maroqli hordiq chiqarish uchun ushbu maskanga joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan kelgan 500 nafar bolajon ham ishtirok etdi.
- Bu oromgohga ilk bor kelgan bо‘lsam-da, taassurotlarim olam-olam, - deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qо‘ng‘irot tumanilik 12 yoshli Feruza Baxtiyorova. - Xuddi mо‘jizalar mamlakatiga tushib qolgandayman. Tojmahal, Kolizey, Eyfel minorasi, Artemida ibodatxonasi, Registon maydoni, Shahrisabzdagi Oqsaroy kabi obidalarni faqat televizorda kо‘rganman. Bugun bu jahon mо‘jizalarining haqiqiysini kо‘rgandek bо‘ldim. Kichraytirilgan kо‘rinishdagi nusxalari bо‘lsa ham, juda chiroyli yasalgan va oromgohga zeb berib turibdi. Kelganimizga bir kun bо‘ldi. Uzoq yо‘l bosib о‘tgan bо‘lsak-da, charchaganimiz umuman sezilmadi. Konsert dasturi ham ajoyib.
"Lochin" oromgohi 1974 yilda "Qarshiqurilish" ("Qarshistroy") birlashmasi tomonidan barpo etilib, keyinchalik "Paxtasanoat" AJ tasarrufiga о‘tgan. 2004 yilda esa "SHо‘rtan gaz-kimyo majmuasi" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy tipda qayta qurilib, hozirgi kunga qadar kо‘plab о‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Oromgohda bir qancha tо‘garaklar va sport seksiyalari faoliyat yuritmoqda. Zamonaviy futbol, voleybol va basketbol maydonchalari, tennis stollari bolajonlar ixtiyorida. Muntazam ravishda shaxmat va shashka, suzish va boshqa sport turlari bо‘yicha bellashuvlarning о‘tkazib turilishi yosh avlod vakillarining ularga bо‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.
- Oromgohda mohir qо‘llar, yosh musavvirlar, haykaltaroshlik, milliy va zamonaviy raqs, gilam tо‘qish, yosh ixtirochilar tо‘garaklari faoliyati menga juda ma’qul bо‘ldi, - deydi xorazmlik 14 yoshli Gulbadan Sobirova. - Bо‘sh vaqtlarimda ulardagi mashg‘ulotlarga albatta qatnashaman. Mana shunday xushmanzara tabiat qо‘ynida joylashgan oromgohda kо‘p dо‘stlar orttirib, mazza qilib dam olayotganimdan, biz uchun yaratilgan sharoitlardan benihoya xursandman.
Darhaqiqat, oromgohda bolajonlarni maroqli hordiq chiqarishi va bilimini mustahkamlashi uchun amalga oshirilgan qulayliklar tahsinga loyiq.
- Bu yerda turli kо‘rinishdagi 11 ta suv havzasi mavjud bо‘lib, suzish sportiga qiziquvchilar uchun ayni muddao, - deydi tо‘garak rahbari Maqsudjon Meyliyev. - Har bir navbat davomida spartakiada о‘tkaziladi va eng chaqqon, epchil g‘oliblar faxriy yorliq va medallar bilan mukofotlanadi. Bundan tashqari, dam oluvchilar 3,5 ming kitob fondiga ega bо‘lgan kutubxonaga istalgan vaqtlarida kelib, mutolaa qilish uchun о‘zbek va jahon adabiyoti durdonlari, ilmiy-ma’rifiy nashrlarni olishlari mumkin. Ular uchun mо‘ljallangan shinam yotoqxonalarimiz zamonaviy yuvinish va sanitariya xonalari bilan ta’minlangan. Shuningdek, malakali shifokorlar faoliyat kо‘rsatadigan, barcha qulayliklarga ega tibbiyot markazi ham mavjud. Xullas, oromgohga yozgi mavsumning 5 navbati davomida dam olishga keluvchi 5 ming nafar bola qiziqishi va yoshidan qat’iy nazar о‘z sevgan mashg‘uloti bilan bemalol shug‘ullana olish imkoniyati yaratilgan.
Ochilish marosimi va yubiley oqshomi yuqori ruhda davom etdi. Zamonaviy va milliy raqslar, osmon uzra yaraqlagan mushaklar uchquni, maydon markazida lovullab alanga olgan gulxan barchaga о‘zgacha zavq ulashdi.
45 yil. Shu davr davomida qanchadan-qancha bolajonlar dam olib, vaqtlarini mazmunli о‘tkazishgan bu yerda. Vaqt о‘tadi, bolalar bir kun ulg‘ayadi, lekin oromgohda о‘tkazilgan sarguzashtlarga boy lahzalar inson xotirasida bir umrga muhrlanib qoladi. "Lochin" bolajonlar qalbida mana shunday о‘chmas iz qoldirishda davom etadi.
О‘lmas BAROTOV
Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar.