Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Koson tumani hokimligida sayyor qabul o‘tkazdi. Sayyor qabulda Koson tumanining vaqtinchalik yosh hokimi Murodjon Madiyev, sektor rahbarlari, viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Fuqaro murojaatlari davomida qabul qilingan ish so‘rab kelgan, imkoniyati cheklangan va kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatildi.
10 nafardan ortiq xotin-qizlarga tikuv mashinasi berildi. Tikuv mashinalari bilan birga kasb-hunar o‘rganishi uchun xotin-qizlarga sertifikatlar ham topshirildi.

“Do‘stlik” mahallasidan ko‘tarilgan muammo bartaraf etildi. Mahallaga yangi transfarmator o‘rnatilib, eski simyog‘ochlar yangisiga almashtirildi.

Shuningdek, qabulga kelgan o‘zining ikki nafar farzandidan tashqari olti nafar bolalarga ham onalik mehrini berib kelayotgani hamda muammolari haqida bildirgan Mahbuba Mo‘minovaga “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan 30 million so‘m mablag‘ ajratildi. Insonparvarlik yordamining davomi sifatida Mahbuba opa va farzandlari viloyat markazi - Qarshi shahri hamda bozorlarini aylandi. Farzandlariga kiyim-bosh olib berilib, yengil tushlik va sayr qilindi.

- Hech qachon bu meni farzandim, bu asrab olgan farzandim, deb ajratmaganman, - deydi Mahbuba opa. - Sizlar "qaysi birlari sizni farzandlaringiz?" deb savol berganlaringizga yig‘layapman-da. Bugun shahar aylanib, duch kelgan odamlardan eshitganim "rahmat" va "jannati ayolsiz" bo‘ldi. Bundan ortiq baxt bormi O‘zbek ayoli uchun?

Mahbuba Mo‘minova "Moʻtabar ayol" ko‘krak nishoniga ham tavsiya etildi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati

21-01-2021 |
Foto galereya