2019 yil 29 iyulda О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi "Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida Ayoqchi sel suv omborini qurish" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida" qaror qabul qildi.

Ushbu loyihaga asosan hududda 2023 yilning 1 sentabriga qadar sig‘imi 16,8 million kub metr, qurilish qiymati ekvivalentda 32 million 277 ming 800 AQSH dollariga teng yirik suv inshooti barpo qilinadi. Bundan hududdagi yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minotini yaxshilash, sel-toshqin suvlarining salbiy ta’sirini yumshatish, shuningdek, meva-sabzavotchilik va chorvachilikni rivojlantirish maqsadi kо‘zlangan.

Ma’lumki, Kitob tumanining katta qismini Zarafshon va Hisor tizmalariga tutash tog‘oldi hududlar tashkil etadi. Joylashuviga monand, hududda kuz, qish, ayniqsa bahor oylarida kо‘p yog‘ingarchilik kuzatiladi.

- Qurilishi kо‘zda tutilayotgan suv omboriga Kitobning Zarafshon tizmalariga tutashib ketgan qir-adirlariga tushgan yog‘ingarchiliklardan hosil bо‘lgan sel-toshqinlar    kelib quyiladi, - deydi tuman hokimining qishloq va suv xо‘jaligi masalalari bо‘yicha о‘rinbosari Asqar Rajabov. - Loyiha tо‘liq amalga oshirilgach, hududda qariyb 5 ming gektar qishloq xо‘jaligi yerlari suv ta’minotini yaxshilash, dehqonchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik faoliyatini kengaytirish imkoniyati tug‘iladi.

Ma’lumotlarga kо‘ra, ushbu tog‘ yonbag‘irlarida yog‘ingarchiliklardan hosil bо‘lgan sel-toshqin suvlari hozirda Kengsoy tabiiy о‘zani orqali Ayoqchi daryosiga borib qо‘shiladi. О‘zan esa bir necha aholi punktlarini oralab yoki yaqinidan о‘tgan.

- Deyarli har yog‘ingarchilik mavsumida, ayniqsa joriy yilgi bahor oylaridagi kabi kuzatilgan kuchli jala va yomg‘irlardan tо‘yingan sel-toshqin suvlari Ayoqchi, Jilisuv, Makrid, Qashqadaryo, Fayzobod kabi mahallalarda yashovchi aholining ayrim mulklariga, qishloq xо‘jaligi ekinlariga jiddiy xavf solardi, - deydi fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bо‘yicha tuman kengashi raisining birinchi о‘rinbosari Jabbor Rahmonov. - Hududda sel suv omborini qurish loyihasining о‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi esa kelgusida sel-toshqin suvlarining atrofga salbiy ta’sirini yumshatishga, uning turli obyektlar, ekinzorlarga zarar yetkazishining oldini olishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli.

Mutaxassislarning bayon qilishicha, dengiz sathidan 1500 metr atrofidagi balandlik nuqtasida qurilishi mо‘ljallanayotgan Ayoqchi sel suv ombori nafaqat Kitob qishloq xо‘jaligi yerlarini kafolatli suv bilan ta’minlash, balki ehtiyoj ortgan pallalarda qо‘shni tumanlardagi muayyan ekinzorlarga ham bu yerdan "obi-hayot" boshqarish imkonini beradi.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

06-08-2019 |
Foto galereya