Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 16 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi jamoatchilik palatasining tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda fuqarolar, jamiyat va davlatning o‘zaro hamkorligini o‘rnatish, qolaversa davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari shu yil 24 yanvaridagi Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan o‘ta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazishni majburiyligini aniq belgilab berish muhimligini taʼkidlab, jamoatchilik palatasi tashkil etish yuzasidan o‘z taklifini bildirgan edi. Ushbu Farmon murojaatnomada belgilangan “Jamiyat-islohotlar tashabbuskori” degan yangi g‘oyani amalda ro‘yobga chiqarish, aholining davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki ko‘lamini kengaytirish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, fuqarolar, jamiyat va davlatning o‘zaro yaqin hamkorligini o‘rnatish, shuningdek, davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida qabul qilindi.

Farmon 17 ta banddan iborat bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar jamoatchilik palatalarini shakllantirish, Jamoatchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, tashkiliy tuzilmasi, moliyalashtirish kabi masalalar bayon etilgan.

Farmonga asosan Jamoatchilik palatasi – respublika darajasida, hamda hududiy miqyosda tashkil etiladi. Respublika darajasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi (Jamoatchilik palatasi), hududiy darajada esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar jamoatchilik palatalari (hududiy Jamoatchilik palatalari) tuziladi. 

Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari doimiy faoliyat yurituvchi maslahat kengashi organlari hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi – jamoatchilik asosida ishlaydigan yaʼni bir vaqtning o‘zida asosiy mehnat faoliyatidan ajralmagan holda faoliyat olib boradigan 50 nafar aʼzolardan iborat bo‘ladi. 

Jamoatchilik palatasining 18 nafar aʼzosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi, yana 18 nafari esa Respublika miqyosida faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari (mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan chet el nodavlat notijorat tashkilotlari vakolatxonalari va filiallari bundan mustasno), OAV va keng jamoatchilik taqdim etgan nomzodlar orasidan tanlov asosida Jamoatchilik palatasi qaroriga asosan aʼzo etib qabul qilinadi, qolgan 14 nafarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan hududiy jamoatchilik palatasining raislari tashkil etadi.

Hududiy jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan, 21 nafar aʼzolardan iborat bo‘lib, ular jamoatchilik forumlarida tavsiya etilgan, hududlarda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar, OAV va keng jamoatchilik vakillaridan tashkil topadi.

Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari aʼzolarining vakolat muddati birinchi umumiy yig‘ilish o‘tkazilgan kundan boshlab 3 yil etib belgilanadi.

Jamoatchilik palatasi raisi va hududiy jamoatchilik palatalari raislari jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.

 Jamoatchilik palatasi raisi maqomiga ko‘ra vazirga tenglashtiriladi. 

Jamoatchilik palatasining faoliyati uning ijro organi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi apparati tomonidan olib boriladi.

Farmonda Jamoatchilik palatasining 12 ta faoliyat yo‘nalishlari belgilab berilgan. Jumladan, davlat, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yana-da jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda ularning ijtimoiy manfaatlari kelishilishini taʼminlash, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirish, aholi fikrini tizimli o‘rganib borish, joylarda va sohalarda aholini, fuqarolik jamiyati institutlarini hamda jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, ularning yechimlari bo‘yicha Prezidentga, Oliy Majlis palatalariga va hukumatga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish uchun takliflar kiritish kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi.

Hozirgi kunda 30 ga yaqin xalqaro reytinglar bor va so‘nggi yillarda O‘zbekistonning nufuzi mana shu reytinglarda oshib bormoqda. Farmonda belgilanganidek, endi Jamoatchilik palatasi mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi nufuzini, obro‘sini oshirishga xizmat qiladi va shu maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy va samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashadi va mazkur masalada jamoatchilik eshituvlarini tashkil etadi.

Farmonda shuningdek, jamoatchilik palatasi tashkil etilganligi munosabati bilan jamoatchilik tuzilmalari vazifalari takrorlanishini oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi va Markazi faoliyatini tugatish belgilab qo‘yilgan. 

Farmonga ko‘ra, Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar va tahlil natijalari, har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qori Kengasi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) Kengashlarida ko‘rib chiqiladi. 

Jamoatchilik palatasi har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisning ikkala palatasiga mamlakatimizdagi fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari to‘g‘risida yillik milliy maʼruzalar taqdim etib boradi. 

Yana bir eʼtiborli jihati, bizning ijtimoiy-siyosiy hayotimizga Jamoatchilik palatasi so‘rovi degan institut yaʼni, jamoatchilik nazorati shakli kirib kelmoqda. Yaʼni, Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari davlat organlari va tashkilotlariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan Jamoatchilik palatasi so‘rovini yuborish huquqiga ega bo‘lmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur Jamoatchilik palatasi bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonlarida “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan g‘oyani amalda ro‘yobga chiqarish uchun muhim bir tuzilma sifatida xizmat qiladi.

Davron KESIMOV

                                  Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi

                                Qashqadaryo viloyat  hududiy bo‘linmasi rahbari

30-04-2020 |
Foto galereya