Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari о‘quvchilari о‘rtasida umumta’lim fanlari bо‘yicha respublika olimpiadasining IV bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim о‘tkazildi.
Quvonarlisi, sovrindorlar safida vohamiz yoshlari ham bor. Xususan, Kitob davlat 1-son ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internati о‘quvchisi Dilnoza Numonova olimpiadada ona tili va adabiyot fani, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti akademik litseyi bitiruvchisi Akobir Fayzullayev esa tarix fanidan muvaffaqiyatli qatnashib, ikkalasi ham о‘z yо‘nalishi bо‘yicha 2-о‘ringa sazovor bо‘ldi.
- Yoshligimdan mamlakatlar tarixini о‘rganishga qiziqaman, - deydi Chiroqchi tumanidagi G‘allachi qishlog‘ida tug‘ilgan Akobir. - Ayniqsa, bobom va otamning tarixni yaxshi bilishi menda bu fanga katta qiziqish uyg‘onishiga sabab bо‘lgan. Shuningdek, bunday yutuqqa erishishimda ustozlarim Shohida Rahimova, Dilbar Halilova va litseyimizdagi barcha о‘qituvchilarning hissasi katta. О‘quv maskanimizda muntazam ravishda о‘tkaziladigan ichki test sinovlari bilimlarimizni oshirish, munosib yо‘nalish tanlashimizga yordam bermoqda.
- Yoshligimdan olima bо‘lmoqchiman, - deydi olimpiadada viloyatimiz sharafini munosib himoya qilgan yana bir о‘quvchi Dilnoza Numonova. - Ustozlarim kо‘p kitob о‘qisamgina bu orzuimga erishishimni aytishgan. Ona tili va adabiyot faniga bо‘lgan kо‘p yillik qiziqishim sabab, olimpiadada inshoni yaxshi yozdim va 40 ta test savoliga 40 ta tо‘g‘ri javob berib, 2-о‘rinni qо‘lga kiritdim. Birinchi о‘rinni ololmaganimda yanada kо‘proq о‘qishim kerakligini sezdim.
Sojida ALLAYOROVA
Suratlarda: olimpiada sovridonlari ustozlari bilan birga.
Sobir NARZIYEV olgan suratlar.
Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida