Joriy yilning 28 iyunida О‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda Markaziy saylov komissiyasi о‘rtasida imzolangan Memorandumga binoan, Qashqadaryo viloyatida “Deputat va yoshlar” uchrashuvlari, shuningdek, “Mening ovozim – Vatanim kelajagi” va “Saylov – mening Konstitusiyaviy huquqim” mavzularida targ‘ibot tadbirlari va yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Qarshi shahrida ham О‘zbekiston yoshlar ittifoqi shahar Kengashi tashabbusi bilan Adliya bо‘limi hamda siyosiy partiyalar bilan hamkorlikda “Mening ovozim – Vatanim kelajagi” mavzusida ochiq muloqot о‘tkazildi. Unda shu yil о‘tkaziladigan saylovda ilk marotaba ovoz berish imkoniyatiga ega bо‘lgan yigit-qizlar ishtirok etdi.
- Yoshlarning mamlakat miqyosidagi siyosiy jarayonlarga mustaqil va ongli munosabatini shakllantirish, ilk marotaba saylovda qatnashadigan yoshlarning xabardorligini, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga nisbatan daxldorlik hissini oshirish, ularning ovozi jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishi uchun xizmat qilishini yoshlarga yetkazishga harakat qilmoqdamiz, - deydi Yoshlar ittifoqi Qarshi shahar bosh mutaxassisi Luiza Boboyeva.
Yig‘ilish davomida Memorandum orqali amalga oshiriladigan tadbirlar, yangi qabul qilingan Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, shuningdek, saylovlarda yoshlarning о‘rni va roli borasidagi fikr-mulohazalar ham bildirildi.
Bu kabi targ‘ibot tadbirlari va yoshlar bilan uchrashuvlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda.
Ahror Sodiqov.