Hozirgi kunda har bir soha mutaxassislarini yetarli bilim va ko‘nikma bilan taʼminlash, kadrlarni o‘z o‘rniga qo‘yish, istiqbolli kadrlar zaxirasini yaratish kabi masalalar mamlakatimiz Prezidenti tomonidan eʼtiborga olinib, boshqa sohalar kabi kadrlar tizimi ham tubdan isloh qilinmoqda. Kadrlar sohasini isloh qilishda kadrlar tizimi va taʼlim sohasini ayro tasavvur qilib bo‘lmagani holda yurtimizda bilimli, liderlik qobiliyatiga ega yuqori salohiyatli yetuk kadrlar sonini oshirish maqsadida yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan taʼlim sohasiga katta eʼtibor qaratilib kelinmoqda; maktabgacha taʼlim, umumiy o‘rta taʼlim, o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohalari hamda oliy taʼlim tizimida katta ishlar amalga oshirildi.  Maktabgacha taʼlim muassasalari, Prezident maktablari, iqtidorli bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internatlarining soni ortishi, oliygohlarda taʼlim olish istagini bildirgan shijoatli yoshlar uchun bakalavriat va magistratura yo‘nalishlariga kvotalarning ko‘paytirilishi, sirtqi va kechki taʼlim turlarining ochilishi, ko‘plab yangi oliygohlarning tashkil etilishi, chet el oliygohlari filiallarining ochilishi, uzoq tumanlarda yashovchi fuqarolarimiz uchun baʼzi oliygohlarning viloyat filiallari ochilishi-bularning barchasidan ko‘zlangan asosiy maqsad kelajakda yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qiladigan chuqur bilimga ega, uzoqni ko‘ra oluvchi yoshlarni tarbiyalab borishdan iboratdir.   

Bundan tashqari, xorijiy oliygohlarda taʼlim olish, amaliyot o‘tash istagini bildiradigan iqtidorli yoshlar uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasining tashkil etilishi, chet el oliygohlari bilan almashinuv dasturlarining soni ortishi ham kelajakda yurtimizning istiqbolli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondiradigan darajada bilimli kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Kadrlar boshqaruvi tizimidagi islohotlar

Shu o‘rinda, taʼkidlab o‘tishimiz joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5843-son Farmoni mamlakatimizda kadrlar siyosatining tubdan isloh qilinishidagi katta burilish bo‘ldi. Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida kadrlar boshqaruvi tizimini yana-da takomillashtirish uchun Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 3 oktyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish Agentligi”ning tashkil etilishi ushbu sohani isloh qilishdagi muhim qadam bo‘ldi deya olamiz. Ushbu Agentlik faoliyatidan ko‘zlangan asosiy maqsad- bu mamlakatimizda kadrlar boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilib, sohalardagi kadrlarga bo‘lgan talab va taklifni o‘rgangan xolda ushbu sohalarni kerakli va sifatli kadrlar bilan taʼminlash, kadrlarni o‘z o‘rniga qo‘yish hamda bunda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, kadrlarni saralab olish va ishga qabul qilishda eng xolis va shaffof metodlardan foydalanish, ularning bilimlarini zamon talablariga mos ravishda boyitib borish, ularni chet elda amaliyot o‘tashlari uchun sharoitlar yaratgan holda yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘sha oladigan kadrlar sonini ko‘paytirib borish hamda uzoq yillarga mo‘ljallangan strategik rejalar orqali istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirib borishdan iboratdir. Shu asnoda yurtimiz kadrlar zahirasini bilimli, lider mutaxassislar bilan taʼminlab, yurtimizni ushbu kadrlar bilimi orqali rivojlantirib borishdir.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasiga bir nazar

Rivojlangan davlatlar tajribasiga nazar soladigan bo‘lsak, ko‘pchiligimizga maʼlumki, ushbu mamlakatlarning yuqori surʼatlar bilan rivojlanishida o‘sha mamlakatdagi kadrlar bilimi va salohiyati muhim rol o‘ynagan. Shuning uchun, ushbu mamlakatlarda kadrlar tizimi hamda mutaxassislar zaxirasini yaratishdagi katta loyihalarni ko‘rishimiz mumkin. Masalan, rivojlangan davlatlar sirasiga kiruvchi Avstraliya tajribasiga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, ushbu davlatda  istiqbolli kadrlar zaxirasini yaratuvchi va kadrlar tizimini nazorat qilib boruvchi tashkilot- Avstraliya Davlat xizmati komissiyasi (Australian Public Service (APS) Commission) davlatni ishchi kuchiga bo‘lgan talab va taklifga muvofiq yetarli kadrlar bilan taʼminlashda quyidagi uchta savolga javob berish asnosida kadrlar zaxirasini shakllantirib boradi:

·      biz qayerga ketyapmiz? Bu - tashkiliy va biznes nuqtai nazaridan kelajakdagi talablar qanday bo‘lishiga qaratilgan;

·      biz hozir qayerdamiz? Bu - hozirgi ishchi kuchi va kadrlar tizimiga doir dasturlarni bilishdir;

·      biz kelajakka qanday yetib boramiz? Bu savol orqali hozirgi kundagi kadrlar tizimiga oid bo‘shliqlar (mutaxassis yetishmovchiligi) va maqsaddan chetga og‘ishlar hamda ularning kelajakdagi kadrlar tizimiga bo‘lgan taʼsirini o‘rganadi;

Shu orqali ular davlatdagi kadrlar tizimiga doir kamchiliklarni o‘rgangan holda istiqbolli kadrlar zaxirasini yaratib boradilar.

Bundan tashqari, yana bir rivojlangan mamlakatlardan biri Janubiy Koreya ham davlat kadrlar tizimini doimiy nazorat qilib boradi. Bunda, Avstraliyadan farqli o‘laroq, Janubiy Koreyada istiqbolli kadrlar tizimini yaratishda har besh yilda bir marta markaziy vazirliklar va agentliklar tomonidan ishchi kuchi uchun istiqbolli reja tuzib olinadi. Ushbu rejani tuzishda har bir markaziy vazirlik va agentlik hozirgi kundagi ishchi kuchini tahlil qiladi. Bunda, ayni damdagi ishchi kuchining soni, ish bilan taʼminlanganligi, mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat olib borishi, turli xil o‘zgarishlar, inson resurslarini boshqarishdagi tajribalar va kompetentlik o‘rganiladi.

Ikkinchi bosqichda keyingi besh yil mobaynidagi kadrlar tizimida ro‘y beradigan o‘zgarishlarni taxmin qilinadi. Yaʼni, ishchi kuchi soni va o‘rta hamda uzoq muddatli strategiyalar uchun talab etiladigan kompetentlik darajasi tahlil qilinadi.

Uchinchi bosqichda hozirgi kadrlar tizimidagi bo‘shliq (mutaxassis yetishmovchiligi) va uning kelajakdagi taʼsiri o‘rganiladi. Agar bunday yirik bo‘shliklar aniqlansa, ular tahlil qilinadi va muqobil variantlar ko‘rib chiqilib, muammolar hal qilinadi.

Oxirgi bosqichda keyingi besh yilda kadrlar tizimida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan mutaxassis yetishmovchiligi muammosini son va kompetentlik jihatidan to‘g‘ri baholagan holda hal qiluvchi strategik rejalar tuziladi. Ishchi kuchi uchun yaratilgan istiqbolli rejada hamma jabha qamrab olinadi. Yaʼni, sohaga jalb qilish (tanlov, mansabning oshirilishi va boshqa vazifaga o‘tkazish), rivojlantirish (taʼlim, xorijiy mamlakatlarda malaka oshirish va treninglar) hamda ish bilan taʼminlash (kasbiy rivojlantirish va vakant lavozimlar haqida eʼlonlar berib borish) kabilarni o‘z ichiga oladi.

Shu orqali Janubiy Koreya davlatni yetarli va sifatli kadrlar bilan taʼminlab boradi.   

Ko‘rib turganingizdek, xorijiy davlatlar kadrlar tizimiga katta eʼtibor qaratgani bois ham ijtimoiy, ham iqtisodiy jihatdan rivojlanib bormoqda.

Bilimli yoshlar chetda qolmaydi

Bugungi globallashuv va jadal rivojlanish davrida har bir davlat bilimli va salohiyatli kadrlarga ehtiyoj sezadi. Shuni hisobga olib, hozirda intiluvchan yoshlarlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab dasturlar tashkil etildi. Albatta, bunday ishonch har bir yoshlarni o‘z ustida ishlab, bilim olishga undaydi.

O‘zbekistonda istiqbolli kadrlar zaxirasini yaratib, uni boyitib borish maqsadida yurtboshimiz chet elda taʼlim olayotgan, u yerda yashab, ishlayotgan yoshlar bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazdilar. Ular orasidan yurtga qaytib, bilimlarini el-yurt ravnaqi yo‘lida ishlatish istagini bildirgan yoshlarga sharoitlar yaratib berdilar. Bu esa, albatta, nafaqat kadrlar tizimini rivojlantiradi, balki boshqa sohalarning ham gullab-yashnashiga turtki bo‘ladi.

O‘ylaymanki, yuqoridagilarni o‘qigan har bir mamlakatimiz fuqarosi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi yurtimiz kadrlar tizimini tubdan isloh qilishda naqadar muhimligini tushunib yetishida bir ko‘makchi bo‘ladi.

Aziza Saidova,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Qashqadaryo filiali inspektori

12-08-2020 |
Foto galereya