Kuni kecha Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan mamlakatimizda yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, aholi salomatligiga alohida e’tibor qaratish, tadbirkorlik va ishbilarmonlikni yanada rivojlantirish, ta’lim va tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqish, qisqa qilib aytganda jamiyatdagi barcha sohalarni “Yangi O‘zbekiston”ga mos ravishda yangi bosqichga olib chiqishni o‘zida aks ettirgan 2021 yil – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi Farmoni imzolandi.
Davlat dasturi jami 274 banddan iborat bo‘lib, birinchi – davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha – 20 ta, ikkinchi – sud-huquq yo‘nalishi bo‘yicha – 18 ta, uchinchi – iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha 113 ta, to‘rtinchi – ijtimoiy soha yo‘nalishi bo‘yicha 93 ta, beshinchi – tashqi siyosat va xavfsizlik yo‘nalishi bo‘yicha 30 ta bandni tashkil etadi. Shuningdek, Farmon bilan Davlat dasturida rejalashtirilayotgan tadbirlarni moliyalashtirishga umumiy qiymati 29 492,7 mlrd. so‘m, 2 600,4 mln. AQSH dollari va 57,5 mln. yevro miqdoridagi mablag‘lar ko‘zda tutilgan.
Shu o‘rinda aytish kerakki, mazkur Davlat dasturi loyihasi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi va keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi jarayonida viloyatimizning faol va tashabbuskor fuqarolari ham o‘z fikr va mulohazalari bilan ishtirok etishganligi o‘z navbatida mamlakatimizda faol fuqarolik jamiyatining rivojlanayotganligidan dalolatdir.
Xalq bilan ochiq muloqot natijalari asosida tayyorlangan ushbu Davlat dasturining pirovard maqsadi barcha sohalarni rivojlantirish orqali xalqimizning farovonligini oshirish va kundalik hayotidagi muammolarni hal etishni o‘z ichiga olgan desak ayni haqiqatdir.
Birgina yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishini amalda ro‘yobga chiqarish yo‘nalishini oladigan bo‘lsak, oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy etilmoqda.
Oliy ta’lim muassasalarida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga ta’lim krediti berish va talaba tomonidan ushbu kreditni o‘qish davri tugagandan so‘ng qaytarish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni
25 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni 2 baravarga oshirilishi ham aholi manfaatlarini o‘ylab amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqqol namunasidir.
Albatta, dasturni ishlab chiqib tasdiqlash bir tomon bo‘lsa, uning ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash ikkinchi muhim masala hisoblanadi.
Prezident Farmonining 26-bandida Adliya vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakatiga Davlat dasturi amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rib borish bo‘yicha muhim vazifalar yuklatildi.
Shunday ekan, Muhtaram Yurtboshimiz bot-bot ta’kidlaganlari kabi “Yangi O‘zbekistonni mard va olijanob xalqimiz bilan birga qo‘ramiz”, degan tamoyili asosida bugungi tub o‘zgarish va islohotlarni yurtimizdagi har bir fuqaro ongiga yetib borishini ta’minlash fuqarolik jamiyati institutlarining asosiy vazifalaridandir.


Davron Shodmonov,

“Yuksalish” umummilliy harakati
Qashqadaryo viloyati bo‘linmasi rahbari

06-02-2021 |
Foto galereya