Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlar tanlovining viloyat bosqichi о‘tkazildi. Unda hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qо‘lga kiritgan 121 nafar qiz ishtirok etdi.

Qayd etish lozim, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi "Xotin-qizlarni qо‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, ushbu mukofot ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan, har bir viloyatdan ikki nafardan о‘n tо‘rt yoshga tо‘lgan hamda о‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga beriladi.

- Ilk bosqichda oliy о‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, umumta’lim maktablari, maktab-internatlar va Mehribonlik uylaridan 3270 nafar qiz qatnashgani mazkur tanlovga qiziqish yildan-yilga ortib borayotganidan dalolatdir, - deydi viloyat xotin-qizlar qо‘mitasi raisi Maxsuda Mustafoyeva. - Boisi, Zulfiya mukofoti bugun millatimiz qizlarining ezgu g‘oyalarini amalga oshiruvchi vositaga aylandi. Mukofotga shu vaqtgacha viloyatimizdan 22 nafar qiz loyiq kо‘rilgan bо‘lsa, ular hamon о‘z sohalarida faol, kо‘pchilikka о‘rnak bо‘lmoqdalar.

Ilm-fan namoyandalari, olimlar, san’atshunoslar, haykaltaroshlar, sport mutaxassislari, ijodkorlardan iborat hakamlar hay’ati bahosiga kо‘ra, barcha yо‘nalishlar bо‘yicha 21 nafar qiz tanlovning respublika bosqichiga tavsiya etildi.

Shohista BOZOROVA

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

 

20-11-2019 |
Foto galereya