Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Z.Mirzayev Qarshi davlat universiteti faollar zalida ziyoli iatlam vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda universitetning Axborot xizmati rahbari O.Yusupov xabar berdi.

Uchrashuvda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, professor-о‘qituvchilar, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim muassasalari boshqarma va tuman rahbarlari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bо‘limi, О‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bо‘limi, О‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, keng jamoatchilik vakillari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Z.Mirzayev bugun mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati asosida navqiron avlodning zamonaviy bilim olishi, sport, san’at, biznes va boshqa yо‘nalishlarda iste’dodini namoyon etishi, jamiyatda munosib о‘rin topishi yо‘lida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning samaradorliklari haqida nutq sо‘zladi.

- Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, bizga miqdor emas, sifat kerak. Bunga erishish uchun esa xorij tajribasini yaxshilab о‘rganish zarur. Qaysi davlat kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratsa, о‘sha yutadi, - dedi viloyat hokimi. – Viloyat faollari bilan bir qatorda oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkam yо‘lga qо‘yilishi ham bu boradagi say-harakatlarning amaldagi ifodasidir.

Viloyat rahbari о‘zining hayotidan misollar keltirib, ular erishgan muvaffaqiyatlarda maktablarda, oliy ta’lim muassasalarda ta’lim va tarbiyaning roli katta bо‘lgani, qolaversa, vaqtdan unumli foydalanish muhimligini e’tirof etdi.

Viloyat hokimi va ziyolilar о‘rtasida bir qator muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bо‘yicha muzokaralar ham bо‘lib о‘tdi.

Jumladan, viloyatning har bir shahar va tumanlaridagi markaziy kо‘chalarni mahalliy aholining geografik, tarixiy, milliy, etnik, tilga oid va boshqa xususiyatlarini о‘rgangan holda qayta nomlash, dо‘konlar, restoranlar, maishiy xizmat kо‘rsatish obyektlari nomlanishiga jiddiy e’tibor qaratish maqsadida ziyolilardan tashkil topgan ishchi guruh tuziladigan bо‘ldi.

Shuningdek, sо‘zga chiqqanlar tomonidan har bir tumanlarda ta’lim fidoyilari boshchiligida jamoatchilik asosida “Ta’lim kengashlari”ni tuzish, OTMlardagi kafedralarni tayanch maktablarga biriktirish,  baxshichilik sohasida mutaxassislarni tayyorlash, har bir rahbarlarni ma’lum maktablarga biriktirish, ta’lim sifatini oshirishda moddiy-texnik bazani mustahkamlash borasida taklif va tavsiyalar bildirildi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi Axborot xizmati.

 

30-10-2019 |
Foto galereya