9 iyun - Xalqaro arxivlar kuni
Har bir mamlakat, xalq, qolaversa, butun insoniyat tarixini о‘rganishda arxivlarning о‘rni beqiyos. Zero aynan shu muassasalar tufayli о‘tmishning о‘qilmagan va о‘rganilmagan sahifalari ochiladi. Faktlar, voqea va hodisalar, jarayonlar tadqiq qilinib, xulosalar chiqariladi. Yangi rejalar belgilanadi. Arxivlarning ahamiyati inobatga olinib, 2007 yilda Xalqaro arxivlar kengashining assambleyasida 9 iyun - Xalqaro arxivlar kuni etib belgilangan. Bu sana bejiz tanlanmagan. Aynan shu kuni 1948 yilda YUNESKOning qaroriga asosan Xalqaro arxivlar kengashi tashkil topgan. Sananing belgilanishi esa bugungi kunda jahonning 190 mamlakatidagi 1,5 mingta a’zosini birlashtirib turgan mazkur tuzilma tashkil etilganligining 60 yilligiga tо‘g‘ri kelgan edi.
Mamlakatimizda ham arxiv sohasiga jiddiy e’tibor qaratilib, sohaga oid qonunlar, qarorlar, boshqa meyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. О‘zgarishlar va yangiliklar viloyatimizdagi arxivlar faoliyatida ham о‘z aksini topmoqda. Viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i, iqtisod fanlari nomzodi Shuhrat TURSUNOV bilan suhbatimiz shu xususda.
- О‘ziga xos axborot markazi bо‘lgan arxivlar mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishida, davlatni samarali boshqarishda, о‘tmishni ilmiy anglashda ham katta ahamiyatga ega. 1943 yilda tashkil topgan viloyat davlat arxivi ilmiy-tarixiy hujjatlarni saqlovchi tashkilotdir. U viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasiga bо‘ysunadi. Ayni paytda viloyatimizning Qarshi, G‘uzor, Shahrisabz, Muborak, Koson, Yakkabog‘ tumanlarida davlat arxivlari mavjud.
Viloyat davlat arxivida 2999 ta alohida qiymatli yig‘majildlar saqlanib, ular 1924-1945 yillarga oid hujjatlardir. Muassasada, shuningdek, 1924-2009 yillarga oid 85727 saqlov birligidagi yig‘majildlar mavjud. Arxivda Ikkinchi jahon urushi davrida evakuatsiya qilinganlar, mukofotlangan urush va mehnat faxriylari, yer uchastkalari berish, shaxsiy kelib chiqish hujjatlari saqlanadigan alohida kataloglar tuzilgan.
Arxivdagi eng noyob hujjatlardan biri viloyatimiz tarixiga oid 1604 yilda yozilgan qadimiy vaqfnoma nusxasi bо‘lib, uning bizgacha yetib kelganligi qanchalik quvonchli bо‘lsa, kelajak avlodlar qо‘liga ham hozirgi holida yetib borishi shunchalik muhimdir.
Viloyat davlat arxivida о‘z kasbiga sodiq о‘ttiz nafarga yaqin mutaxassis mehnat qilib, ularning asosiy faoliyati ilmiy ma’lumotlar bankini tashkil etish va rejalashtirish, yuridik va jismoniy shaxslarning sо‘rovlariga asosan arxiv saqlovidagi hujjatlar yuzasidan davlat xizmatlarini kо‘rsatishga yо‘naltirilgan. Fondlar va hujjatlar hisobi, hujjatlar mavjudligini tekshirish, xulosa chiqarish, rо‘yxatlash, xatlov о‘tkazish, kataloglashtirish, olingan ma’lumotlar bо‘yicha matbuotda nashr etish ishlari ham hamisha e’tiborda.
Joriy yilning о‘tgan oylari davomida korxona va tashkilotlardan 400 saqlov birligidan ortiq arxiv hujjatlari qabul qilinib, saqlovga qо‘yildi. Arxiv hujjatlarining hajmi va oqimi yil sayin ortib bormoqda. Bu esa, о‘z navbatida, hujjatlarning qimmatliligini aniqlash, ekspertizatsiyalash ishlari kо‘lamiga jiddiy yondashishni talab qilmoqda.
Prezidentimizning 2017 yil 12 dekabrdagi "Aholiga davlat xizmatlari kо‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, arxiv ma’lumotlarining Davlat xizmatlari markazlari orqali berilishi kо‘zda tutilgan. Buni inobatga olib, kо‘rsatilayotgan arxiv xizmatlarini tezkor va sifatli taqdim etish maqsadida, mavjud texnik bazalardan foydalanishga jiddiy yondashilayapti. Shuningdek, davlat rahbari tomonidan 2018 yil 11 aprelda imzolangan "Davlat xizmatlari kо‘rsatish tizimini jadal rivojlantirish bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qarorida arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi faoliyatimizga tanqidiy baho berildi va yanada faollik bilan ishlashimiz talab qilindi. Shu boisdan sohamizga doir eskirgan usullardan tezroq voz kechib, arxiv ishi yuritilishini isloh qilish zarurati yuzaga kelmoqda. Arxiv ishini yanada rivojlantirish bо‘yicha "Yо‘l xaritasi" ishlab chiqib, tо‘siq bо‘layotgan tizimli kamchiliklarni aniqlab olmoqdamiz. Har bir kamchilikni bosqichma-bosqich bartaraf etish bо‘yicha mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, asosli takliflar asosida rejalar belgilanayapti.
Arxiv xizmatlarini kо‘rsatish uchun zarur bо‘lgan, qog‘oz shaklida saqlanayotgan ma’lumotlarning elektron bazalarini shakllantirish va idoralararo elektron hamkorlikka qо‘shilish orqali bosqichma-bosqich raqamli kо‘rinishga о‘tilayapti.
Bizning eng og‘riqli muammolarimizdan biri ayrim rahbarlarning e’tiborsizligi, ayniqsa, xususiy sektor vakillarining sohamiz ahamiyatini yetarli darajada tushunmasligi oqibatida faoliyatiga oid zarur hujjatlarning о‘z vaqtida arxivlarga topshirilmasligidadir. Masalan, faoliyati tugatilgan korxona va tashkilotlarda hujjatlarning arxivga topshirilmasdan yо‘qolib ketayotganligi ushbu xо‘jalik yurituvchi subyektlarda mehnat qilgan fuqarolarning pensiya olish huquqining buzilishiga olib kelmoqda. Bunday kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida muhim hujjatlarni arxivlarga topshirish ishiga har bir rahbar, fuqaro mas’uliyat bilan yondashishi zarur. Shundagina biz fuqarolar huquqlari buzilishining oldini olgan va kelajak avlodlarga tariximizni о‘rganishlari uchun boy meros qoldirgan bо‘lamiz.
Xalqaro arxivlar kuni munosabati bilan kasbdoshlarimiz va hamkorlarimizni, sohamizga befarq bо‘lmagan barcha insonlarni bayram bilan tabriklab, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilariga bu tizimni rivojlantirishda faollik kо‘rsatishlarini sо‘rab qolamiz.
Shohista BOZOROVA yozib oldi.
Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida