Ushbu poligonning ochilish marosimida viloyat hokimi, sektor rahbarlari, faxriylar, nuroniylar va yoshlar ishtirok etishdi.
Bir paytlar mazkur poligonda harbiy xizmatchilar qisqa vaqt davomida turli palatkalar va vagonlarda qiyin sharoitlarda yashab, о‘quv mashqlarini о‘tkazishgan. Hududda olib borilgan keng kо‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida poligonda zamonaviy sharoitlarga ega majmua barpo etildi. Zamonaviy kutubxona, 600 kishilik oshxona, dam olish xonalari, tibbiyot punkti, yopiq va ochiq о‘quv xonalari, yopiq va ochiq turdagi sport zallari, uncha-muncha zamonaviy mehmonxonani ham ortda qoldiradigan keng va yorug‘ yotoqxonalar harbiy xizmatchilar ixtiyoriga topshirildi.
Ochilish marosimida sо‘zga chiqgan viloyat rahbari Zoyir Mirzayev “Nuriston” harbiy poligoni askarlarini yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.
- Ushbu poligonda 600 nafar askar har qanday holatga shay turadi, - deydi viloyat rahbari. - “Nuriston” dala-mashq maydonida yaratilgan imkoniyatlar ushbu poligon askarlarining xalqaro darajadagi yirik sport musobaqalarida munosib ishtirok etishlarida katta zamin yaratadi.
Viloyat rahbarining sо‘zidan sо‘ng Vatan himoyachilari kuni arafasida dala-о‘quv maydoni qurilishida jonbozlik kо‘rsatgan harbiy xizmatchilar sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
Shu kuni ochilish marosimi ishtirokchilari avtobusda yurib, jangovar shaylikka keltirilgan bо‘linmalarning maxsus-taktik mashqlarini ham kuzatishdi.
Viloyat hokimligi Axborot xizmati