Yaqinda Yakkabog‘ tumani Eski Yakkabog‘ qо‘rg‘onchasida hokimlik mulozimi va mahalliy tadbirkor о‘rtasida yuzaga kelgan holat videosi qator nashrlar tomonidan internet tarmog‘i orqali tarqatilgach, keng muhokamalarga sabab bо‘ldi.
Unda tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xо‘jalik masalalari bо‘yicha о‘rinbosari Mansur Tuymayev tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli ikki qavatli savdo va maishiy xizmat uyini buzishga urinishi va mulkdorning bunga qarshilik kо‘rsatib amalga oshirgan xatti-harakatlari aks etgan.
Ana shu holat yuzasidan О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.
Unda qayd etilishicha, Yakkabog‘ tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xо‘jalik masalalari bо‘yicha о‘rinbosari Mansur Tuymayev tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli ikki qavatli savdo va maishiy xizmat uyini noqonuniy ravishda buzishga bо‘lgan xatti-harakati о‘rnatilgan tartibda о‘rganib chiqilgan.
О‘rganish xulosalariga kо‘ra, tuman hokimi Donayev Shohmurod Xolboyevich hamda prokurori Jamshid Xalilov egallab turgan lavozimidan ozod etilib, Tuymayev Mansur Xurramovich о‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli unga nisbatan О‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qо‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida