Munosabat

Aslida har birimiz tolibmiz. Hayot darsxonasining tolibi bо‘lish, sabog‘ini hijjalab о‘qish, uning partasiga odob bilan о‘tirishu, “uyga vazifa”ni namunali bajarish — bu yashash tarzimiz aslida.

1996 yil talaba bо‘lganman. “Yо‘g‘on chо‘zilib, ingichka uziladi”gan paytlar edi. Pul topilsa, oziq ovqat qimmat, oziq-ovqat bо‘lganda pul topilmas edi. Poytaxtda tahsil olishning gashti, quvonchi, tashvishi bilan birga yashagan kezlarimiz. Bunda dilga dars beradi, har bir kuni... deya yozgandim bir she’rimda. Ota-onadan yiroqda mustaqil bо‘lish, bir paytlar hatto kо‘ylakku kо‘ylak, kundalik turmush uchun zarur biron narsa sotib olib kо‘rmagan, olis qishloqdan borgan о‘g‘il-qizlarning pulni о‘zi xarj qilishi bir tomonda yaxshi, bir tomondan esa... U oydan, bu oygacha yetkazish kerak, chо‘ntakdagi mablag‘ni. Pulga “dard” qolgan kezlaringda kimdir seni qо‘llasa yoki oddiy gap bilan bо‘lsada kо‘nglingni kо‘tarsa, undan yaqin odam topilmas. Hozir esa, о‘sha paytda senga jonkuyar bо‘lganlar uchun ich-ichingdan rahmat aytasan, savob ilinasan, duolaringda, yozganlaringda. Aslida, ilmi toliblikning vazifasi ham shuda, turtinib, surtinib ulg‘ayasan, fikran о‘sasan, о‘rganasan, kichkina olamingdan katta olamga chiqib atrofdagilarni taniy boshlaysan. Bilganlaring ortadi. Ustoz domla aytgani kabi: Eng katta dorulfunun – hayotning о‘zi. Kecha kechi bilan Qashqadaryoga yetib kelgan talabalarni kutib olarkanmiz shular kechdi, dilimdan...

Koronavirusdan xavotirga tushib, endi qanday otamakonimga yetib olarkinman deb turganida, ular uchun viloyat rahbariyati tashabbusi bilan bepul avtobuslarning ajratilishi, hatto, bir nechta fuqaroning kо‘ngilli bо‘lib bu ishga hissa qо‘shishi – men sizga aytay har qanday davodan a’lo, muolajadan ustun. Axir, minglab kо‘ngilga shifo ilinji bor. Shunda baralla aytging keladi, habib ham, tabib ham о‘zimizku.

Qо‘lda telefon vahimaga tushib, bо‘lar-bо‘lmas gaplar bilan yonimizdagilarni tashvishga solishdan kо‘ra, uyiga ketishni kо‘zlab turganni eson-omon yetib olishi uchun kо‘maklashish, tashvishga tushayotganlarning kayfiyatini kо‘tarish, ozodalik haqida suhbatlashish – kо‘ngil obodligiga boshlaydi. Hazrat Navoiy aytganlari kabi: Shirin sо‘z davodir. Ishonmaysizmi, sinab kо‘ring. Bundan qanchalik mamnuniyat olishingizni shunda anglaysiz.

Kecha tashabbuskor uch nafar xotin qiz kun davomida Qarshi shahrining aholi gavjum maskanlarida bо‘lib, bepul niqoblar tarqatish aksiyasini amalga oshirishdi, Toshkentdan qaytgan talabalarga ham tarqatildi. Madad bо‘lish, “ey rahmat, shuni qidirib yurgandik о‘zi” deganlarni bir silkitish istagi bor, befarq bо‘lmang deya salomatlikka undash, hamjihat ekanimizni bildirish xohishi bor.

– Qizim tinmay telefon qildi deng, ota qimmat bо‘lsa ham taksi bilan boraveraymi, deb – talaba qiz Husnoraning otasi bilan suhbatdaman, – uygacha yetkazib qо‘yaman, pulini bersang bо‘ldi, debdi taksichilar. Mayli qizim, mayli deb tursam, yana telefon qildi, biz kechi bilan Qarshida bо‘lamiz, bepul boryapmiz otajon. Xavotirlanmang. Qarshidan kelgan avtobus, mashinalarga minyapmiz. Yо‘l kiraga ajratgan pulimga kitob sotib olaman, ta’tilda о‘qish uchun degani hammasidan ma’qul keldi. Bu ishni boshida turganlarga rahmat. Bolamizni bolasidek kо‘rib, g‘amxо‘rlik qilganlardan mamnunmiz, biz ota-onalar.

Kо‘ngilni keng qо‘yib, bir atrofni kuzating. Davlatimiz rahbari boshchiligida – hamjihat, hamfikr bо‘lishning sabog‘i о‘rgatilmoqda, har ishda, har jabhada. Saboqning mag‘zi sinov kezlarida bir-bir takrorlanadi, mazmuni chaqiladi. Buni imtihon topshirganlar yaxshi biladi. Yana bir jihat, tarbiyada eng maqbuli – ibrat bо‘lishdir. Ayni shunday sinovli kunlarda har bir ishimiz, aytayotgan gapimiz albatta namuna bо‘ladi. Kun kelib mana shu yoshlar rahbar bо‘ladi, lavozimlarini egallaydi, ularning kо‘pga nafi tegishidan umidvorman. Chunki bugun uning urug‘i ekildida. Bu esa albatta meva berajak, ular о‘rganganlarini о‘rgatadi, о‘zidan keyin kelayotganlarga. Ha, ustoz domla aytgani kabi: hayot darsxonadir.

О‘zingizni asrang!

Ziyoda AMINOVA,

jurnalist

 

20-03-2020 |
Foto galereya