Prezident ilgari surgan 5 muhim tashabbusdan biri xotin-qizlar bandligini oshirishni kо‘zda tutadi. Joylarda ixcham tikuv-trikotaj sexlari tashkil etish evaziga bu borada yuqori samaraga erishish maqsad qilingan.

Qashqadaryo viloyat harbiy-ma’muriy sektori tomonidan ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Kuni kecha Qarshi shahri Xonobod qо‘rg‘onidagi harbiylar shaharchasi hududida zamonaviy tikuvchilik sexi ishga tushirilgani ham buning amaliy isbotidir.

20 dona yangi tikuvchilik mashinasi bilan jihozlangan mazkur sexda hozirda 40 nafarga yaqin xotin-qiz mehnat qilishiga sharoit yaratilgan. Ular asosan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ekani yanada ahamiyatli. Shu orqali endilikda ayollar bekor qolmaydi, doimiy daromadli ishga ega bо‘ldi. Bu yerda harbiylar uchun maxsus formalar, shuningdek, xaridorgir kiyim-kechaklar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan shaharchada bayramona tadbir о‘tkazildi. Unda yangi tikuv sexini  tantanali foydalanishga topshirish marosimi tashkil etildi. Tadbirga harbiylar, ularning oila a’zolari, jamoatchilik vakillari ham taklif etildi.

Marosimda viloyat hokimligi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qо‘mondonligi, Qarshi harbiy prokuraturasi mutasaddilari ham qatnashib, ramziy tasmalarni kesishdi va zamonaviy quvvatni ochib berishdi.

Diltortar kuy-qо‘shiq va raqslar tadbirga о‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

                                                         Viloyat hokimligi axborot xizmati.

                                                          Suratlarni Murod Komilov olgan.

14-08-2019 |
Foto galereya