Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoyalash maqsadida О‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qо‘mondonligi, viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugga qarashli 13-harbiy shaharchada о‘tgan tadbirda Bosh prokuror о‘rinbosari, О‘zbekiston Respublikasi harbiy prokurori Ismoiljon   Abduhakimov, Harbiy prokurorning murojaatlar bilan ishlash bо‘yicha katta yordamchisi Faxriddin Begashev, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qо‘shinlari qо‘mondoni Zaynobiddin Iminov, Qarshi harbiy prokurori Jahongir Ashurov jam bо‘lganlarni birma-bir qabul qilib, murojaatlarni tinglashdi.

Murojaatlar asosan uy-joy, ipoteka krediti olish, ishga joylashish, harbiy qism yо‘llanmasiga ega bо‘lish kabi masalalar bо‘yicha bо‘ldi. Bandlik, bank-moliya, xalq ta’limi, xotin-qizlar qо‘mitasi, Majburiy ijro byurosi organlari vakillari qabulga jalb etilgani kо‘plab masalalarni joyida hal qilish imkonini berdi. Qolgan murojaatlar ijroga yо‘naltirilib, tegishli tushuntirishlar berildi.

- Turmush о‘rtog‘im harbiy xizmatchi, asli buxorolikmiz, hozir yashayotgan uyimizni esa ipoteka krediti asosida xarid qilganmiz, - deydi Nargiza Boltayeva. - Lekin beshinchi qavatdagi uy shiftidan suv о‘tishi kо‘nglimizni ancha xijil qilayapti. Bu bо‘yicha tegishli tashkilotga chiqqandik, ular "dimoxod"dan deyishdi. Mana yaqinda yomg‘ir yoqqanda yana suv о‘tdi. Shu vaqtgacha о‘z hisobimizdan 3 marta ta’mirlatdik. Buning ustiga chiqindini tashib ketish ham yо‘lga qо‘yilmagan. Tо‘qqizta "dom" uchun bitta chiqindixona bor, shundayam tо‘rt oyda ikki marta chiqindini olib ketishdi. Bugun shu masalalarda yordam berishlarini sо‘radim. Muammo tez orada hal qilinishi aytildi.

Hech kimga sir emas, harbiy xizmatchilarning yangi xizmatni о‘tash joylariga, shu jumladan, iqlim sharoitlari og‘ir bо‘lgan uzoq garnizonlarga kо‘chib о‘tishi natijasida, ularning farzandlari ta’lim muassasalarini doimiy ravishda о‘zgartirib turishadi, mazkur holat esa ular tomonidan olinayotgan bilimlar sifatiga ta’sir kо‘rsatishi shubhasiz. Shundan kelib chiqib, davlat rahbarining 2018 yil 14 maydagi "О‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qо‘llab-quvvatlashga oid qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qarori asosida xizmatlari e’tirof etilgan harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy ta’lim muassasalariga о‘qishga kirishi uchun 5 foizli qabul kvotasi ajratildi. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug miqyosida esa bu yil 132 harbiyning farzandi ana shunday tavsiyanomaga ega bо‘ldi. Tadbir davomida bir guruh о‘g‘il-qizlarga ushbu yо‘llanmalar tantanali ravishda topshirildi.

- Qarshi davlat universitetining rus tili yо‘nalishiga о‘qishga kirmoqchiman, - deydi Shahnoza Rо‘ziyeva. - Tavsiyanomalar oliy ta’lim muassasasiga о‘qishga kirish uchun uch yildan oshmaydigan muddatga beriladi. Shuning uchun bu imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qilaman.

Qabul davomida shuningdek, bо‘sh ish о‘rinlari yarmarkasi, kitoblar kо‘rgazmasi ham bо‘lib о‘tdi.

N.XО‘JAYEV

                                                        Suratlarda: sayyor qabuldan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

25-05-2019 |
Foto galereya