Beshafqat o‘lim xalqparvar inson, fidoyi va jonkuyar rahbar G‘ayrat Turdiyevich Begaliyevni 54 yoshida oramizdan olib ketdi.

G‘ayrat Begaliyev oddiy mehnatkash oilasida tug‘ildi. Otasi Turdi aka xo‘jalikda ishchi, onasi Mahkamtosh aya esa 8 nafar farzandni tarbiyasi bilan mashg‘ul uy bekasi bo‘lgan.

U yoshligidayoq ilmga chanqoqligi va o‘tkir zehni bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Oliygohda ham  shijoati, intiluvchanligi va o‘tkir zehni bilan aniq fanlarni puxta o‘zlashtirdi. 1993 yilda Qarshi agrar-iqtisodiyot institutini muhandis-pedagog mutaxassisligi bo‘yicha aʼlo baholarda tamomladi.

U faoliyatini 1982 yilda sobiq U.Yusupov tumani davlat xo‘jaligida mexanizatorlikdan boshladi. O‘ziga nisbatan talabchanlik, kishilarni boshqara olish qobiliyati evaziga oddiy haydovchilikdan shirkat xo‘jaligi boshqaruvi raisi lavozimigacha ko‘tarilib bordi.

2001-2002 yillarda tuman dehqon-fermer xo‘jaliklari uyushmasi raisi, 2002-2003 yillarda tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i, 2003-2003 yillarda Mirishkor tumani dehqon-fermer xo‘jaliklari uyushmasi raisi, 2003-2004 yillar davomida Qashqadaryo viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi qishloq xo‘jalik korxonalarini tarkibiy o‘zgartirish va fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, 2004-2006  yillarda Qashqadaryo viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasiga qarashli qishloq xo‘jalik texnikasi va ehtiyot qismlar bazasi direktori, 2006-2008 yillarda Qashqadaryo viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasiga qarashli “Agrotaʼminot” muqobil mashina-traktor parki direktori, 2008-2016 yillarda Qashqadaryo viloyati “Agrotaʼminot” muqobil mashina-traktor parki direktori o‘rinbosari, 2016-2017  yillarda Qashqadaryo viloyati “Agrotaʼminot” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari, 2017 yilda Qashqadaryo viloyati Fermerlar Kengashi raisi vazifalarida ishladi.

U Qarshi tumani hokimi (2017-2020 y.y.) so‘ngra, Mirishkor tumani hokimi vazifasidagi mehnat faoliyati davomida - har ikki tuman aholisi va jamoatchilik hurmatiga sazovor bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida ilmi, fidoyiligi, jonkuyarligi bilan eʼtibor qozondi.

Umrining so‘nggi kunlariga qadar u odamlarning ishonchi va mehrini qozongan rahbar sifatida vatan ravnaqiga hissa qo‘shdi.

Turmush o‘rtog‘i Zamira opa bilan 4 nafar farzandni kamolga yetkazdi. To‘rt o‘g‘il ham ota izidan borib, bugun turli sohalarda mehnat qilishmoqda.

El farovonligi, yurt taraqqiyoti uchun xizmat qilishni har nedan ustun qo‘ygan, haqiqiy do‘st, fidoyi rahbar, mehribon inson G‘ayrat Begaliyevning yorqin xotirasi qalblarimizda abadiy muhrlanib qoladi.

Zoyir Mirzayev, Erkabay Tadjiyev, Shuxratjon Satvoldiyev, Azamat Bozorov, Yanvar Inoyatov, Abduraxim Irkayev, Muhabbat Sharopova.

11-09-2020 |
Foto galereya