Joriy yilning 27 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan “Nogiron ota: MIB xodimlari oilamiz bilan kо‘chaga haydab, uyimizni muhrlab ketdi” nomli videomurojaati yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi о‘rganish ishlari olib bordi.

Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bо‘yicha G‘uzor tumanlararo sudining 12.10.2018 yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdor A.Beknazarovni undiruvchi Z.Xudoykulovaga tegishli nizoli Dehqonobod tumani, “Aerodrom” MFY, A.Temur kо‘chasida joylashgan uch xonali turar joydan majburiy tartibda chiqarish belgilangan. Ushbu ijro hujjati Byuroning Dehqonobod tuman bо‘limi ish yurituviga 23.05.2019 yilda kelib tushgan.

Olib borilgan ijro harakatlari davomida, qarzdor A.Beknazarov davlat ijrochisi tomonidan undiruvchi Z.Xudoyqulovaga tegishli nizoli uch xonali turar joydan chiqib ketishi tо‘g‘risida bir necha marotaba ogohlantirilishiga qaramasdan, ijro hujjati ijrosini ixtiyoriy bajarishdan bosh tortib kelgan.

Shunga kо‘ra, davlat ijrochilari tomonidan 07.06.2019 yilda majburiy ijro harakatlari olib borilgan va A.Beknazarov sud qarorida kо‘rsatilgan manzildan majburiy tartibda chiqarilgan.

Ammo, qarzdor A.Beknazarov davlat ijrochilarining qonuniy talabiga zid ravishda nizoli uy-joyga qayta kirib olib yashayotganligi tо‘g‘risida 18.06.2019 yilda undiruvchi Z.Xudoyqulova Byuroning Dehqonobod tuman bо‘limiga murojaat qilgan.

Shundan sо‘ng, joriy yilning 25 iyun kuni takroran majburiy ijro harakatlari olib borilib, qarzdor A.Beknazarov uch xonali turar joydan chiqarilgan va ijro hujjati ijrosi tо‘liq ta’minlangan.

Bundan tashqari, fuqaro A.Beknazarovga nizoli xonadon masalasida sudning qaroridan norozi bо‘lgan taqdirda, yuqori turuvchi sudga murojaat etish huquqi haqida tushuntirish berilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining

Qashqadaryo viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.

29-08-2019 |
Foto galereya