Ma’lumki, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 dekabrdagi qarori bilan paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish bо‘yicha tizimli chora-tadbirlar dasturi belgilab berilgan edi.

Ayni paytda viloyatimizda ham 13 ta fermer xо‘jaligining 293 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilib, suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanishga erishilayapti. G‘uzor tumanidagi "G‘uzor agro fayz" fermer xо‘jaligi bu boradagi tashabbuskorlardan biri.

- Umumiy yer maydonimiz 500 gektarni tashkil etadi, - deydi xо‘jalik ish yurituvchisi G‘ayrat Boymurodov. - Shundan 170 gektarda g‘alla parvarishlagan bо‘lsak, 110 gektar yer maydoniga paxta ekkanmiz. Qolgani bog‘. Bu yil sinov tariqasida 20 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini о‘rnatdik. Aytish joiz, samara bu darajada yuqori bо‘lishini о‘zimiz ham kutmagandik. Ammo tomchilatib sug‘orilayotgan maydondagi ekinlar bilan an’anaviy usulda sug‘orilgan g‘о‘zalarimiz о‘rtasida sezilarli farq mavjud. Biri allaqachon kо‘saklay boshladi, ikkinchisi endi gullamoqda.

Xо‘jalik vakilining aytishicha, aslida tomchilatib sug‘orilayotgan maydondagi g‘о‘za biroz kech ekilgan. Shunga qaramay, tez rivojlanib, ertachi ekilgan, ammo an’anaviy usulda sug‘oriladigan g‘о‘zalardan ancha ilgarilab ketgan. Xо‘sh, nimaning hisobiga?

- Bu usulda suv avval hovuzga tо‘planib, nasos yordamida asosiy quvurga, undan esa ekin maydoni bо‘ylab tortilgan maxsus teshikchali kichik polietilen quvurlarga haydaladi, - deydi xо‘jalik mirobi Murod Ortiqov. - Suv oqib, loyqa hosil qilmagani bois, yer qotib qolmaydi. Tuproqdagi foydali mikroelementlar yuvilib ketmaydi. О‘g‘it ham avval eritilib, suv orqali berilishi sabab barcha g‘о‘zalarga birdek yetib borishi va sо‘rilishi ta’minlanadi. Shu bois an’anaviy sug‘orish usuliga qaraganda ancha kam о‘g‘it sarflab, bir necha barobar kо‘p samaraga erishish mumkin.

Yana bir tomoni, ushbu texnologiyada paxta egatlariga plyonka tortiladi. Natijada jо‘yakda begona о‘tlar bо‘lmaydi, tuproqda namning saqlanish darajasi juda yuqori bо‘ladi. Bu esa fermerga kо‘plab mablag‘ iqtisod qilish imkonini ham beradi. "G‘uzor agro fayz" fermer xо‘jaligi misolida oladigan bо‘lsak, bu yerda 20 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini о‘rnatish uchun 400 million sо‘m mablag‘ sarflangan. Bu dastlabki yilgi xarajat. Keyingi yillar esa faqat plyonka uchun mablag‘ sarflanadi, xolos. Boisi, hovuz va suvni filtrlovchi uskunalar, nasoslardan uzoq yillar davomida foydalanish mumkin. Plastik quvurlar esa kamida uch yilga dosh beradi. Demak, fermer keyingi yillar uchun plyonka xarid qilsa bо‘ldi. Ushbu maydonda о‘tlarni tozalash, о‘g‘it sepish, yerni yumshatish kabi agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmasligi bois, ishchi kuchi va texnika xarajatlari uchun sarflanadigan juda katta mablag‘ tejab qolinadi. Buni anglagan xо‘jalik rahbari kelgusi yil yana 80 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etmoqchi.

- Tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish uchun paxta xomashyosi ekiladigan maydonning har bir gektariga davlat byudjetidan 8 million sо‘mdan subsidiya taqdim etiladi,  - deydi G‘uzor tumani irrigatsiya bо‘limi boshlig‘i О‘ral Ibragimov. - Shuningdek, yana bir qator imtiyozlar mavjud. Bundan tashqari, bugungi kunda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini о‘rnatish borasida kerakli qulayliklar yaratilgan, uslubiy qо‘llanmalar mavjud. Birgina, Suv xо‘jaligi vazirligi tomonidan Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi mablag‘lari asosida yaratilgan "Tomchi" mobil ilovasini oladigan bо‘lsak, uning yordamida fermer uyda о‘tirib tomchilatib sug‘orish bilan bog‘liq har qanday ma’lumotga ega bо‘lishi mumkin. YA’ni, tomchilatib sug‘orish turlari, texnologiyalari, usullari, har birining qanday samaraga ega ekanligidan tortib, mazkur tizim uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchilari, tegishli qurilish korxonalari, ularning narx-navosi, manzillariga qadar. Tabiiyki, bu qulayliklar fermerlarning qiziqishini yanada oshirmoqda. Joriy yilda tumanimizda 3 ta fermer xо‘jaligi 60 gektar maydonda ushbu texnologiyani qо‘llagan bо‘lsa, kelgusi yil uchun bu borada tashabbus bildirganlar kо‘p.

Albatta, bugun dehqon va fermerlarimiz tomchilatib sug‘orishning afzal jihatlarini allaqachon anglab yetganligi bois bu usul tobora ommalashib, nafaqat issiqxonalar, sabzavotchilik va polizchilik tarmoqlarida, shuningdek, katta maydonlardagi paxta dalalarida ham keng joriy etilmoqda. Pirovardida, tabiiy va moddiy resurslar tejalishi bilan birga, hosildorlik ham muttasil oshib borayotir.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

12-07-2019 |
Foto galereya