О‘tgan haftada Marg‘ilon shahrida о‘tkazilgan “Buyuk ipak yо‘li” xalqaro folklor musiqa festivalida viloyatimiz vakillari ham faol qatnashib, “Yurtim tumori” deb nomlangan dasturini namoyish etishdi.
-Festival doirasida folklor jamoalari о‘rtasida tashkil etilgan respublika kо‘rik-tanlovida qashqadaryoliklar faxrli uchinchi о‘rinni egallab, III darajali diplom va 5 million sо‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi, - deydi viloyat madaniyat boshqarmasining xalq ijodiyoti va havaskorlik san’atini rivojlantirish bо‘limi yetakchi mutaxassisi Abduvali Rahmonov. – Bu yutuqqa erishgan jamoamiz, asosan, Qarshi tumanidagi “Momogul” folklor-etnografik ansambli hamda Dehqonobod, Kasbi, Nishon, Chiroqchi tumanlari va Qarshi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi vakillaridan tashkil topdi. Qadimgi cholg‘u asboblari – chanqovuz, sibizg‘a, hushtak, dombra yordamida ijro etilgan kuy va qо‘shiqlar, baxshi termalari, aytishuvlar, xalq о‘yinlari hamda Qashqadaryoga xos urf-odatlarni, mehnat jarayonlarini va ot choptirish, uloq-kо‘pkari singari musobaqalarni ifodalovchi raqslar va tomoshalardan iborat dasturimiz Erkin Vohidov nomidagi ijodkorlar bog‘ida yig‘ilgan kо‘p sonli muxlislar va hay’at a’zolariga birdek manzur bо‘ldi.
“Buyuk ipak yо‘li” xalqaro folklor musiqa festivali doirasidagi respublika kо‘rik-tanlovida faol ishtirok etib, vohamiz sha’nini munosib himoya qilgan jamoaning har bir a’zosi Qashqadaryo viloyati madaniyat boshqarmasining Faxriy yorlig‘i bilan ham taqdirlandi.
Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida