Tadbirkor ishiga xolis bahoni qanday berish mumkin? Albatta, muayyan davr mobaynida о‘z faoliyatida innovatsiyalar, ilm-fanning ilg‘or yutuqlarini qay darajada qо‘llay olgani, istye’mol bozorida naqadar mustahkam о‘rin egallaganiga qarab. Biznesini doim shu yondashuv asosida tashkil etuvchi ishbilarmondan biror tashabbus, yangilik kutsa bо‘ladi. Tashabbuskorlar esa hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi, munosib rag‘bat topadi, namuna qilib kо‘rsatiladi.

Bugun Qarshi shahrida Prezident sovrini uchun о‘tkaziladigan "Tashabbus-2019" kо‘rik-tanlovi viloyat    bosqichidan ham ana shu maqsad kо‘zlangan. О‘tgan fursatda о‘z sohasida a’lo natijalarni qо‘lga kiritgan xususiy sektor vakillari, albatta, qо‘llab-quvvatlanishi darkor. G‘oliblik uchun da’vogarlar esa 5 ta asosiy yо‘nalishda bahs olib boradi.

Ushbu nufuzli tadbirda viloyatimizning barcha hududlaridan kelgan 70 dan ortiq tadbirkor, hunarmand, fermer о‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulot, kо‘rsatayotgan xizmatlar kо‘rgazmasi bilan ishtirok etadi. Qatnashchilar tyegishli mezonlar asosida hakamlar hay’ati tomonidan baholab boriladi. Ishlab chiqarish jarayonida yuqori mahsuldorlik qayd etgani, о‘ziga xosligi bilan yaqqol ajralib turgani ishbilarmonlar uchun yuqori о‘rinlarni kafolatlovchi asosiy omil bо‘lib xizmat qilishi lozim. Faqat bu jarayonda xolislik va shaffoflik ta’minlansa bо‘lgani.

Ta’kidlash joiz, kо‘rik-tanlov ishtirokchilari orasidan "Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori", "Xizmat kо‘rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori", "Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori", "Yilning eng yaxshi fermeri", "Yilning eng yaxshi hunarmandi" singari asosiy yо‘nalishlar bо‘yicha g‘oliblar saralanadi. Ular tanlovning hal qiluvchi bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qilish imkoniyatiga ega bо‘ladi.

M.SHUHRATOV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

07-06-2019 |
Foto galereya