Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining navbatdagi bosqichi sifatida tovarlar va xizmatlar tannarxini pasayishiga ta’sir qiluvchi qо‘shilgan qiymat solig‘ining tо‘laqonli zanjirini yaratish, soliq va bojxona imtiyozlarini qaytadan kо‘rib chiqib, imtiyozlarni berish amaliyotini tartibga solish orqali haqiqiy raqobat maydonini yaratish keyingi vazifa sifatida belgilab berilgan edi.
Shu maqsadda joriy yilning 27 iyun kuni Prezidentimizning «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari tо‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilingan edi.
Mazkur hujjatga kо‘ra, 2019 yilning 9 oyida pul aylanmasi (tushumi) 1 mlrd. sо‘mdan oshgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xо‘jaligiga mо‘ljallangan sug‘oriladigan yer maydonlariga ega bо‘lgan yagona yer solig‘i tо‘lovchilari qо‘shilgan qiymat solig‘i tо‘lovchisi hisoblanishi va belgilangan tartibda QQS tо‘lovchisi sifatida rо‘yxatdan о‘tishi belgilandi.
Eslatib о‘tish joizki, farmonda 2019 yil 1 avgustdan qishloq xо‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qо‘shilgan qiymat solig‘ini tо‘lashga о‘tishi mumkinligi belgilab qо‘yilgandi.
Shu bilan birga, farmonga muvofiq paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchi xо‘jalik subyektlari 2019 yil hosilidan boshlab qо‘shilgan qiymat solig‘ini tо‘lashga о‘tadilar.
Bunda ularga 2018 yilning 1 oktabridan ilgari bо‘lmagan vaqtda haqiqatda olingan va paxta xomashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun tо‘langan qо‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi beriladi.
Soliq qonunchiligidagi shu kabi yangiliklar mazmun-mohiyatini yetkazish, fermer xо‘jaliklari va klaster tashkil etgan korxonalar rahbar va bosh hisobchilarining muammolarini о‘rganish va ularga amaliy yordam berish maqsadida О‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qо‘mitasi raisi о‘rinbosari Fazliddin Umarov Qarshi tumani fermer, dehqon hujaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi “Buxgalteriya markazi”da bо‘ldi.
Fermer xо‘jaliklari va klaster tashkil etgan korxonalar rahbarlari hamda ularga xizmat kо‘rsutuvchi xisobchilar bilan uchrashib, yangi soliq tо‘lash rejimiga о‘tish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Qashqadaryo viloyatidagi jami 3 164 ta yagona yer solig‘i tо‘lovchi, qishloq xо‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari 2019 yilning 1 oktabrdan qо‘shilgan qiymat solig‘ini tо‘lashga о‘tadi.
Qо‘shilgan qiymat solig‘i tо‘lovchisi sifatida rо‘yxatdan о‘tayotgan fermer xо‘jaliklarining buxgalteriya hisobini tо‘g‘ri yuritishlariga amaliy yordam berish maqsadida ularning har 10 tasiga bir nafardan, jami 426 nafar soliq va moliya idoralarining malakali xodimlari biriktirildi.
— Qarshi tumanida 334 ta paxta yetishtiruvchi fermer xо‘jaliklari mavjud, — deydi “Buxgalteriya markazi” rahbari Qahramon Dilmurodov. Ular joriy yilning 1 oktabrdan boshlab qо‘shilgan qiymat solig‘i tо‘lovchisi sifatida rо‘yxatdan о‘tadilar. Fermer xо‘jaligi rahbari va bosh hisobchilari oldida qо‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish, hisobotlarni tayyorlashda muammolar yuzaga kelishi mumkin. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari markazimiz bilan birgalikda fermerlarga buxgalteriya hisobini yuritish, hisobotlarni tayyorlashda yaqindan kо‘mak berib kelmoqda.
Shundan sо‘ng Qarshi shahridagi “О‘zburg‘uneftgaz” aksiyadorlik kompaniyasi majlislar zalida amaliy seminar tashkil etildi. Tadbirda yangiliklar kо‘rgazmali vositalar yordamida tushuntirilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.
— Bizning korxonamiz Qarshi tumanidagi fermer xо‘jaliklari tomonidan yetishtirilayotgan paxta xom ashyosini qayta ishlab, mahsulot chiqarishga mо‘ljallangan. Prezidentimizning “О‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi Prezidentimizning Farmoniga asosan Qо‘shilgan qiymat solig‘ini 20 foizdan 15 foizga tushirilishi fermer xо‘jaliklari uchun katta imkoniyat bо‘lib, о‘z navbatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimizning tannarxi tushishiga ham sabab bо‘ladi — deydi “Sultonteks” paxta klasteri rahbari о‘rinbosari Dilmurod Mengliqulov.
Bu kabi tadbirlar barcha tumanlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.