Yaqin vaqt ichida viloyatimizda yangi yuqori texnologik mahsulot - chiller (markazlashtirilgan isitish va sovutish tizimi) ishlab chiqarish о‘zlashtiriladi. Yangi barpo etilajak quvvat iste’mol bozorini  yiliga 100 dona tayyor mahsulot bilan muntazam ta’minlash imkoniyatiga ega bо‘ladi.

Istiqbolli loyihani amalga oshirish uchun jami 5 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflanadi. Shuning teng yarmi tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ekani ahamiyatli. Quvvat tо‘la ishga tushsa, 100 nafar kishi doimiy ish о‘rni bilan ta’minlanadi. "Century-JV" qо‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan ushbu tashabbus hududda elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirishga sharoit hozirlaydi.

 Mazkur istiqbolli loyiha davlat rahbarining joriy yil 30 maydagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan, 2019-2021 yillarga mо‘ljallangan rо‘yxatdan joy olgan. Bu hujjatga muvofiq, mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga kо‘tarish, tarmoqning investitsiyaviy va eksport salohiyatini oshirish bо‘yicha choralar kо‘riladi.

Qayd etish joiz, tegishli rо‘yxatga Qashqadaryo bо‘yicha yana bitta loyiha kiritilgan. Unga kо‘ra, 2019 yil dekabrida hududda transformatorlar uchun quti ishlab chiqarish tashkil etilishi lozim. Loyiha tashabbuskori - "Trans energo ta’mir" mas’uliyati cheklangan jamiyati yangi quvvatni ishga tushirishga 36 ming AQSH dollari ekvivalentida sarmoya yо‘naltiradi. Shu maqsadda tijorat bankidan 6 ming dollar kredit olinishi reja qilingan, qolgani tadbirkorning о‘z mablag‘idir. Korxona yiliga 700 dona mahsulot tayyorlay oladi va 7 nafar kishini ish bilan band etadi.

Prezident qarorida 2019-2020 yillarda elektrotexnika sanoatini jadal rivojlanitirish bо‘yicha "yо‘l    xaritasi", yaqin 3 yil davomida tarmoqda mahalliylashtirish va ishlab chiqarishni kengaytirish tavsiya etiladigan mahsulot turlari rо‘yxati ham keltirilgan.

Bu kabi chora-tadbirlar tarmoqqa kо‘proq investitsiya olib kirish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlashni tashkil etishga ham qaratilgan. Shu orqali aholi va iqtisodiyot sohalarining xaridorgir va raqobatbardosh elektrotexnika mahsulotlariga bо‘lgan yuqori talabini ichki imkoniyat hisobidan samarali qondirish, import о‘rnini bosuvchi tovarlar salmog‘ini kо‘paytirishga erishiladi.

M.JО‘RAYEV

 

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

07-06-2019 |
Foto galereya