Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialida elektron shakldagi kitoblarni yuklab olish imkonini beruvchi "QR-BOOK" kitob javoni о‘rnatildi. Ahamiyatlisi ushbu loyiha tashabbuskorlari mzkur muassasaning bir guruh dasturchilaridir.

Loyiha mualliflarining bildirishicha, javondan android tizimida ishlovchi mobil aloqa qurilmasiga ega barcha kitobsevarlar bemalol foydalanishi mumkin. Buning uchun maxsus dasturiy ta’minot yaratilgan bо‘lib, "QR-kod" orqali elektron kitobni darhol yuklab olish imkoni mavjud. Hozircha javondan filial serverida joylashtirilgan 100 dan ortiq badiiy kitoblar, mutaxassislik adabiyotlari о‘rin olgan.

- Bu tashabbusni ilgari surish asnosida yoshlar о‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, kitob mutolaasi uchun qulaylik taqdim etishni maqsad qilganmiz, - deydi filial yetakchi mutaxassisi, loyiha mualliflaridan biri Davron Obidjonov. - Elektron javonni kitob bilan tо‘ldirish uchun eng sara badiiy asarlarni tanladik. Shuningdek, kam nusxadagi texnik adabiyotlarning ham elektron shaklini yaratib, tizimga kiritdik. Talabalar bu kitoblarni о‘z smartfoniga yuklab olib о‘qishda umuman qiynalmaydi. Loyihamiz kо‘pchilik tomonidan qizg‘in qarshi olinganidan mamnunmiz. Hozirda uni yanada takomillashtirish ustida ish olib borayapmiz.

Qayd etish joiz, kitobxonlar xohish-istagini inobatga olib, kelgusida bunday elektron kitob javonlari sonini kо‘paytirish, jumladan, dam olish maskanlarida "QR-BOOK" tizimida ishlovchi kitob mutolaa qilish joylarini tashkil etish belgilangan.

Mazkur innovatsion loyiha kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalangan holda aholi, ayniqsa, yoshlar о‘rtasida kitobxonlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.

M.JО‘RAYEV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

25-05-2019 |
Foto galereya