Deputatlik - odamlarning ishonchi demakdir. Shu ishonchni oqlash uchun qonunlarimizda xalq noiblarining huquq va majburiyatlari, shu bilan bir qatorda daxlsizligi va faoliyatining asosiy kafolatlari belgilab qо‘yilgan.

Xususan, "О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi tо‘g‘risida"gi Qonunga asosan Qonunchilik palatasi deputati, senator tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning majlisida kо‘rib chiqilayotgan barcha masalalar bо‘yicha hal qiluvchi ovoz huquqidan foydalanadi. О‘z navbatida, fuqarolarning huquqlari buzilayotgan vaqtda Qonunchilik palatasi deputatlari, senatorlar bu holatlarga darhol chek qо‘yish choralarini kо‘rish talabi bilan tegishli organlar, mansabdor shaxslarga murojaat etishga haqli. Nazarimizda bu vazifa deputatning о‘zini saylagan fuqarolar oldidagi burchi hamdir.

Qonunchilik palatasi deputatlari, senatorlar tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning, qо‘mita va komissiyalarning majlislarida qatnashishga majbur. Uzrli sabablar bilan qatnasha olmasa, rahbariyatni xabardor qilib qо‘yishi kerak. Deputatlar о‘zini deputatlikka nomzod qilib kо‘rsatgan siyosiy partiya bilan aloqa bog‘lab turishi va Qonunchilik palatasida ularning manfaatini ifoda etishi kerak. Yilida kamida bir marta saylovchilariga о‘z faoliyati haqida axborot beradi. Saylovchilarning ishonchini oqlay olmagan deputat qonunda belgilangan tartibda chaqirib olinishi mumkin.

Deputatning saylov okrugidagi ishlarini tashkil etishga mahalliy davlat hokimiyati organlari kо‘maklashishi lozim. Qonunchilik palatasi deputatni zarur hujjatlar va ma’lumotlar bilan ta’minlashi kerak. Siyosiy partiyalar fraksiyalari deputatlarning saylov okruglaridagi ishlari yakunlarini umumlashtiradi va zarur hollarda dolzarb masalalarni Qonunchilik palatasiga kо‘rib chiqish uchun kiritadi.

Qonunchilik palatasiga kelib tushgan murojaatlarni kо‘rib chiqish deputatlar tomonidan qonun va Qonunchilik palatasi tasdiqlagan tartibda amalga oshiriladi.

Deputat tegishli saylov okrugi saylovchilari, senator tegishli hududning manfaatini kо‘zlab sо‘rov yuborishga haqli. Sо‘rovga olingan kundan e’tiboran о‘n kundan kechiktirmay javob yuborish kerak.

Qonunchilik palatasi deputati, senator odob qoidalariga qat’iy rioya etishi lozim. Ularning xulq-atvori tо‘g‘risidagi masala tegishli palata tomonidan yoki uning topshirig‘iga binoan palataning organi tomonidan kо‘rib chiqiladi.

Qonunchilik palatasi deputati, senator daxlsizlik huquqiga ega bо‘ladi. Vakolatlarini muddatidan oldin tugatish asoslari qonunda belgilab qо‘yilgan. Ularning samarali ishlashi uchun shart-sharoit kafolatlanadi. Sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilgan shaxslar tegishli tarzda javobgar bо‘ladi. Tegishli palataning roziligisiz ushlab turilishi, qamoqqa olinishi va jazoga tortilishi mumkin emas. Shuningdek, ularni majburiy keltirishga, uy-joyi, xizmat xonasini, yuki, shaxsiy va xizmat transporti vositalarini, yozishmalari, hujjatlari va aloqa vositalarini kо‘zdan kechirishga yо‘l qо‘yilmaydi. Ular о‘z vakolatlarini amalga oshirayotgan vaqtda guvohnomasini kо‘rsatib О‘zbekiston hududidagi korxona, muassasa va tashkilotlarga moneliksiz kirishga haqli. Mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinishi kerak.

Ularga Toshkent shahrida oilasi bilan yashashi uchun xizmat uylari beriladi. О‘zbekiston Respublikasi hududida havo, temir yо‘l va avtomobil transportida tekin yurishga haqli. Ularni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish tо‘g‘risidagi masala Bosh prokuror taqdimnomasiga asosan Oliy Majlisning tegishli palatasi tomonidan о‘n kun ichida hal etiladi.

"Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi tо‘g‘risida"gi Qonun esa mahalliy Kengash deputatlarining huquqlari, majburiyatlari va deputatlik faoliyatining asosiy kafolatlarini belgilaydi. Ular tegishli Kengashlarning  komissiyalariga saylash va saylanish, majlisga masalalar kiritish, masalalar yuzasidan mulohazalar bildirish, saylanadigan, tayinlanadigan va tasdiqlanadigan nomzodlar bо‘yicha takliflar bildirish, sо‘zga chiqish va deputatlik sо‘rovi bilan murojaat qilish kabi huquqlarga ega. Ularning majburiyatlari ham qonunlarimizda belgilangan.

Mahalliy Kengash deputatlari о‘zlari saylangan hududda joylashgan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslariga deputatlik sо‘rovi yuborishga haqlidir. Deputatning sо‘roviga о‘n kun ichida javob berilishi kerak. Tegishli xalq deputatlari Kengashining roziligisiz deputat mazkur hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Xalq deputatlari Kengashining deputati о‘z okrugi saylovchilari bilan, uni deputatlikka nomzod qilib kо‘rsatgan siyosiy partiya va fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organi bilan aloqa bog‘lab turishi lozim. U yiliga kamida tо‘rt marta saylovchilariga о‘z faoliyati haqida axborot beradi.

Deputatning sha’ni va qadr-qimmati muhofaza qilinadi. Deputat mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinishi kerak. Tegishli viloyat, tuman va shahar hududida havo, temir yо‘l va avtomobil yо‘lovchilar transportida tekin yurishga, navbatsiz chiptalar sotib olish hu-quqiga ega. Uning faoliyatiga tо‘sqinlik qilish mumkin emas. Deputat faoliyatining kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar bо‘ladi.  

Mahalliy Kengash deputatini  daxlsizlik huquqidan mahrum qilish tegishli yoki yuqori turuvchi prokurorning taqdimnomasiga asosan xalq deputatlari Kengashi tomonidan о‘n kun ichida hal etiladi. Taqdimnoma sessiyalar oralig‘ida Kengash rahbari tomonidan kо‘rib chiqilib, hal etiladi. Bu qaror keyinchalik Kengash tomonidan tasdiqlanadi. Kengash deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishni rad etganda, prokuror yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashiga taqdimnoma bilan chiqishga haqli. Deputat о‘zi saylangan viloyat, tuman va shahar hududidan tashqarida huquqbuzarlik sodir etganda, xalq deputatlari Kengashining roziligini olish talab etilmaydi.

Mahalliy Kengash deputatining vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari tugatiladi: u yozma ariza bergan, qonunga kо‘ra deputatlik vakolatlarini amalga oshirishiga nomuvofiq bо‘lgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan, unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan, chaqirib olingan, sud uni muomalaga layoqatsiz deb topgan,  sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yо‘qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan, О‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yо‘qotgan, vafot etgan taqdirda. Alohida hollarda deputatning vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashi qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Deputat degan yuksak nomga dog‘ tushiruvchi xulq-atvor bunday masalani kо‘rib chiqish uchun asos bо‘lishi mumkin.

"Xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatini, О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining  Qonunchilik palatasi deputatini va senati a’zosini chaqirib olish tо‘g‘risida"gi Qonunga kо‘ra, deputatni, senatorni chaqirib olishga uni qonun hujjatlarini buzganligi uchun javobgarlikka tortilishiga sabab bо‘lishi, odob-axloq qoidalarini qо‘pol ravishda buzishi, о‘z vazifalarini muntazam ravishda bajarmaganligi va uni deputatlikka nomzod qilib kо‘rsatgan siyosiy partiya oldidagi majburiyatlarini bajarmaganligi asos bо‘ladi.

Deputatni, senatorni chaqirib olish tо‘g‘risidagi qaror tegishli xalq deputatlari Kengashi, Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan qabul qilinadi. Bu masala huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sо‘rovi, shuningdek, uni deputatlikka nomzod qilib kо‘rsatgan siyosiy partiyaning taklifi asosida kо‘rib chiqiladi. Materiallar dastlabki tarzda kо‘rib chiqish uchun tegishli prokurorga va deputatlik odobi qо‘mitasi (komissiyasi)ga xulosa taqdim etish uchun topshiriladi. Qо‘mita (komissiya) va prokurorning xulosalarini eshitish yakunlari bо‘yicha qо‘yilayotgan masalaning asosliligi yoki asossizligi tо‘g‘risida qaror chiqariladi.

Chaqirib olish tо‘g‘risidagi taklif asosli deb e’tirof etilgan taqdirda davlat hokimiyati vakillik organining qarori deputatni, senatorni chaqirib olish bо‘yicha ovoz berishni tashkil etish uchun Markaziy saylov komissiyasiga yuboriladi. Markaziy saylov komissiyasi davlat hokimiyati vakillik organlarining deputatni chaqirib olish masalasi bо‘yicha ovoz berishni о‘tkazish  zarurligi tо‘g‘risidagi qarorni olgan kundan e’tiboran о‘n kunlik muddat ichida qonunga muvofiq deputatni chaqirib olish bо‘yicha okrug komissiyasi tuzilishini ta’minlaydi hamda ovoz berish vaqti va joyini tayinlaydi.

Bu jarayonda chaqirib olish masalasi kо‘rilayotgan deputat, senator qanday huquqlarga ega? Vakillik organi tegishli materiallar kelib tushgandan keyin uch kun ichida deputatga, senatorga hujjatlarning nusxalarini ilova qilgan holda yozma xabarnoma yuboradi. Deputat, senator vakillik organining tegishli majlislarida, saylovchilarning yig‘ilishlarida chaqirib olinishi haqidagi masala bо‘yicha о‘zini himoya qilib sо‘zga chiqishga haqli.

Deputatni chaqirib olishni tashkil etish bо‘yicha okrug komissiyasi tomonidan deputatni chaqirib olish bо‘yicha ovoz berishni о‘tkazish uchun ovoz berishga kechi bilan yigirma kun qolganda uchastka saylov komissiyalari va yigirma besh kun qolganda ovoz berish uchastkalari tuziladi. Saylovchilarning rо‘yxati ovoz berish kuniga о‘n kun qolganida hamma tanishishi uchun taqdim etiladi. Agar ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning yarmidan kо‘pi deputatning chaqirib olinishini yoqlab ovoz bergan bо‘lsa, u chaqirib olingan hisoblanadi. Ovozlar teng bо‘lib qolganda, deputat vakolatini saqlab qolgan hisoblanadi. Okrug saylov komissiyasidan olingan bayonnoma asosida tegishincha Markaziy saylov komissiyasi, tegishli viloyat, tuman, shahar  saylov komissiyasi deputatni chaqirib olish bо‘yicha ovoz berish natijalarini rо‘yxatga oladi hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmati rahbari

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

28-07-2019 |
Foto galereya