Buyuk Ipak yо‘li merosi yо‘laklari: XALQ HUNARMANDCHILIGI QANDAY SHAROITDA RIVOJLANADI?

Buyuk Ipak yо‘li merosi yо‘laklari: XALQ HUNARMANDCHILIGI QANDAY SHAROITDA RIVOJLANADI?

Qadimiy va boy tarixi, betakror madaniyati bilan nom qozongan Qashqadaryoda kulolchilik, kashtachilik, gilamdо‘zlikning bir necha turi, yо‘nalishi va uslublari bor. Xususan, tarixi uzoq о‘tmishga borib taqaladigan Shahrisabz kashtasi turfa naqshlar ishlatilishi bilan ajralib turadi. Kо‘p asrlik an’analarga ega gilamchilik ham о‘z о‘rni va ahamiyatini yо‘qotmay kelmoqda.

Masalan, Mirishkor tumanidagi  Jeynov qishlog‘ida gilamning jexizi, oy, bozori, ishti, xaram va yaglovi kabi turlari tо‘qiladi. Ular о‘zining mustahkam va bejirim, turfa bezaklarga boyligi bilan e’tiborga molik. Jeynov madaniyat uyida faoliyatini "ustoz-shogird" an’anasi asosida yо‘lga qо‘ygan mohir gilamdо‘z Rо‘zimo Hakimova esa gilam tо‘qish hunarini saqlash va uni kelgusi avlodlarga qoldirishni asosiy vazifasi deb biladi.

Qarshi shahrida "Buyuk Ipak yо‘li merosi yо‘laklari: О‘zbekiston hududlarining barqaror rivojlanishi maqsadida nomoddiy madaniy merosni saqlab qolish va yetkazish" mavzusida bо‘lib о‘tgan davra suhbatida shu haqda sо‘z yuritilib, 67 yoshni qarshilagan Rо‘zimo Hakimovaning ishlari alohida e’tirof etildi.

Viloyat hokimligi, YUNESKOning О‘zbekistondagi vakolatxonasi,  "Hunarmand" uyushmasi, Madaniyat vazirligining muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyatimiz usta hunarmandlari, muzey xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida YUNESKOning О‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Fuad Pashayev, "Hunarmand" assotsiatsiyasi raisi о‘rinbosari Akobir Hakimov, О‘zFA akademigi, professor, san’atshunoslik fanlari doktori, San’atshunoslik instituti amaliy bezak san’ati bо‘limi mudiri Akbar Hakimov va boshqalar sо‘zga chiqib, О‘zbekiston madaniy siyosatidagi innovatsion о‘zgarishlar sharoitida viloyatning g‘arbiy hududlarida hunarmandchilikni saqlab qolish va rivojlantirish, muzeylarda ushbu mahsulotlarning eksponantlarini saqlash borasida hamkorlikda olib borilayotgan ishlar hususida fikr bildirishdi.

- Qashqadaryo madaniy meroslarga boy о‘lka, - deydi Akobir Hakimov. - Vohada kulolchilik, kashtadо‘zlik, gilamchilik kabi yо‘nalishlar xalq hunarmandchiligining eng noyob namunalari sanaladi. Ayniqsa, Chiroqchi, Shahrisabz, Kitob, Mirishkor va Qarshi gilamlari noyob tarixi va betakror ahamiyatini hamon yо‘qotmay kelmoqda. Ayrim manbalarda VI-VII asrlarda Qarshida tо‘qilgan gilamlarning Xitoy bozorlarida ham sotilgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Loyihamizning asosiy maqsadi О‘zbekiston ustalari, hunarmandlari va amaliyotchilarini qо‘llab-quvvatlashdan iborat. Shu maqsadda viloyatda loyiha doirasida 10 kundan oshiq vaqt  davomida hunarmandlar va amaliy san’at ustalari mahsulotlari kо‘rgazmasi tashkil etiladi, usta-hunarmandlar tomonidan kashtachilik, kulolchilik, gilam tо‘qish bо‘yicha mahorat saboqlari о‘tkaziladi.

Davra suhbati davomida an’anaviy hunarmandchilikni saqlab qolish va rivojlantirishda yо‘l qо‘yilayotgan kamchiliklar, ayniqsa, kulolchilik hunarining oqsayotgani alohida ta’kidlab о‘tildi.

- Kulolchilik Kasbi tumanida keng tarqalgan, - deydi Muhriddin Aminov. - Yoshligimdan shu kasb bilan shug‘ullanib kelaman. Bizda kulolchilikda ishlatiladigan kо‘pgina tuproq turlarini uchratish mumkin. Ushbu tuproqlar asosan 2 turga bо‘linadi: shirali va shirasiz. Shiralisi asosan katta hajmdagi uzunchoq idishlar, xum, xurmacha, kо‘za va tandir tayyorlashda ishlatilsa, shirasiz tuproqdan uncha katta bо‘lmagan har xil о‘yinchoqlar, turli hajmdagi kosa, tovoq, likopcha, kо‘zacha, tog‘ora, chiroq yasashda foydalanilgan. Sо‘nggi yillarda mahsulotlarimizni pishirish uchun gaz muammo bо‘layotganligi sababli faqat tandir yasash bilan shug‘ullanardik. Sohaga bо‘lgan e’tibor ortganligi sababli о‘tgan yildan boshlab yana turli xil sopol idishlar yasashni boshladik. О‘ylaymanki, hunarmandchilikning ushbu turi kelgusida yanada rivojlanadi.

Tadbir muhokamalarga boy ruhda о‘tdi.

Shohista BOZOROVA

M.ABAYDULINA olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida