Shu vaqtgacha yurtimizda tadbirkorlarni qabul qilish va ular murojaatlarini kо‘rib chiqishning yagona va mukammal tizimi yо‘q edi. Ammo bu amalda davlat organlari va xususiy sektor о‘rtasida muloqot butkul о‘rnatilmagan, degani emas. Faqatgina mazkur jarayonda ta’sirchanlik va shaffoflik tо‘liq ta’minlanmayotgandi. Qolaversa, ushbu holat yuzaga kelayotgan masalalarni kengroq qamrab olish va tezkor hamda samarali hal etishga imkon bermayotgandi.  Shu о‘rinda murojaatlar bilan bevosita ishlovchi mutasaddilarda ham yuzakilik, byurokratik kayfiyat saqlanib qolayotgani rost.

Ahamiyatlisi, bu kabi tо‘siqlarni olib tashlash, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash, aholining tadbirkorlikka ishtiyoqini yanada rag‘batlantirishda yana bir muhim qadam qо‘yildi. Davlat rahbarining joriy yil 14 maydagi "Tadbirkorlik faoliyatini qо‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmoni bunga keng yо‘l ochdi. Hujjatga asosan, Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini kо‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etilmoqda.

Qarshi shahri va G‘uzor tumanlarida bо‘lib о‘tgan tadbirlar ana shu farmon mazmun-mohiyatini aholi, tadbirkorlik subyektlari orasida kengroq targ‘ib qilishga bag‘ishlandi. Uchrashuvlar Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi tashabbusi bilan о‘tkazildi. Ularga Qarshi shahri, Qarshi, Mirishkor, Nishon, G‘uzor, Qamashi va Dehqonobod tumanlaridan jami 150 ga yaqin tadbirkor jalb etildi.

- Bu tizim keng joriy etilgach, о‘zini qiynayotgan masala bо‘yicha tadbirkorlar, chet el investorlari bevosita ushbu qabulxonalarga murojaat qilishi mumkin bо‘ladi, - deydi  Savdo-sanoat palatasi raisi о‘rinbosari Jahongir Mamajonov. - Qabulxonalar barcha hududlarda faoliyat boshlaydi. Ularning vazifalari aniq belgilab berildi. Ular ishbilarmonlarni tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri qabul qiladi, shuningdek, videokonferens aloqa tarzida sayyor qabullar uyushtiriladi. Bu tuzilma tadbirkor, xorijiy investorning huquq va qonuniy manfaatlari poymol etilishiga yо‘l qо‘ymaydi. Mavjud byurokratik tо‘siqlarni bartaraf etadi. Tegishli davlat organlari va boshqaruv idoralari tomonidan murojaatlar tо‘laqonli yechim topishini nazorat qiladi.

 Ishtirokchilarga ushbu yangi tizim qanday ishlashi, murojaat qilish tartib-taomillari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shundan sо‘ng ishchi guruhga tadbirkorlar о‘z muammolarini bildirishdi. Misol uchun, Qarshi shahridagi "Yusufjon hamkor biznes" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Alisher    Namozov "nol" xarid qiymatida bо‘sh turgan bino olishda yordam sо‘radi. Maqsad - faoliyatni yanada kengaytirish. G‘uzor tumanidagi "Shuhrat D" xususiy korxonasi rahbari Shuhrat Usmonov kelgusida polietilen mahsuloti ishlab chiqarish va paxta titish sexlarini ishga tushirmoqchi. Ayni paytda ishbilarmon bino qurish uchun 1 milliard sо‘m miqdorida moliyaviy kо‘makka muhtoj. Ushbu mablag‘ni imtiyozli kredit kо‘rinishida olish istagida.

Shu kuni tadbirkorlardan 100 dan ziyod murojaat qabul qilindi. Eng qaynoq masala tijorat banklaridan kredit olish bilan bog‘liq ekani ahamiyatlidir. Ayrim muammolar tuman va viloyat darajasida hal etilishi belgilangan bо‘lsa, qolgani respublika miqyosida kо‘rib chiqilishi nazoratga olindi.

Xuddi shunday uchrashuvlar Koson va Shahrisabzda ham о‘tkazildi.

M.JО‘RAYEV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

04-06-2019 |
Foto galereya