Avval xabar berilganidek, muammolarni tizimli hal etish, tadbirkorlarga chinakam kо‘mak berish maqsadida joriy yil 14 may kuni О‘zbekiston Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini qо‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi. Unga muvofiq, О‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini kо‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etilishi belgilangan bо‘lib, viloyatimizda tashkil etilgan qabulxonaga iyun va iyul oylari davomida tadbirkorlardan 300 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi.
Shundan, 284 tasi belgilangan tartibda kо‘rib chiqilib, hal etildi. Mazkur murojaatlarning 211 tasi bо‘yicha murojaatchi talablari qanoatlantirildi.
Jumladan, g‘uzorlik tadbirkor Otabek Olimov о‘z faoliyatini kengaytirish va ish о‘rinlarini yaratish maqsadida bankdan kridet oladi, ammo, yer ajratish masalasidagi murojaati anchadan buyon e’tiborsiz qoldirilgan. Tadbirkorning murojaati shu kunni о‘zida ijobiy hal etilib, qurilish ishlari boshlab yuborildi.
Bundan tashqari, qabulxonalar orqali murojaatlarni kengroq miqyosda qabul qilish hamda tadbirkorlik subyektlarining muammolarini joyida aniqlash maqsadida joylarda sayyor qabullar ham о‘tkazib kelinmoqda.
Qashqadaryo viloyati hokimligi va Qashqadaryo viloyatidagi О‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini kо‘rib chiqish qabulxonasi tomonidan tasdiqlangan reja jadvalga muvofiq, viloyatdagi mavjud mahalla fuqarolar yig‘inlarida Bosh vazir qabulxonalari bilan birga tuman va shahar hokimlari tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri uchrashuvlar о‘tkazilmoqda.
Hozirgi kunda viloyat bо‘yicha 331 ta mahallada о‘tkazilgan uchrashuvlar davomida jami tadbirkorlar tomonidan 1011 ta muammoli masalalar aniqlanib, shulardan 612 tasi joyida mas’ul tashkilot vakillari bilan birgalikda hal etildi. Qolgan 399 tasi belgilangan tartibda kо‘rib chiqish uchun mas’ul tashkilotlar vakillariga yuborilib, Bosh vazir qabulxonasi tomonidan alohida nazoratga olindi.