Qashqadaryo viloyatida Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusni hayotga keng joriy etish, jumladan, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular о‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish  masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, “Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi doirasida turli soha vakillari о‘z maktablariga turli badiiy kitoblar sovg‘a qilishdi.

Birgina bizning markazimiz tomonidan ushbu aksiya doirasida о‘tkazilgan tadbirlarda 12 mingdan ortiq turli badiiy kitoblar sovg‘a qilindi, dedi, biz bilan suhbatda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bо‘limi rahbari Lola Saodatova.

Yakkabog‘ tumanidagi 8-о‘rta umumta’lim maktabida о‘tkazilgan navbatdagi tadbirda maktabning sobiq о‘quvchisi, hozirgi kunda yirik  fermer sifatida dovruq qozongan Dilmurod Yuldoshev ham 100ga yaqin kitoblar bilan о‘quv dargohiga kirib bordi.

Kitob – xazina, deyishadi, dedi maktabning 10-sinf о‘quvchisi Aziz Abdullayev, maktabimiz xazinasi bugun yanada boyiganidan quvonib ketdim. Men katta bо‘lib, qiziqqan kasbimni egallagach, albatta qadrdon maktabimga albatta kitoblar sovg‘a qilaman, deb kо‘nglimga tugib qо‘ydim.

Ha, ezgu tashabbuslar qо‘shqanot bо‘ladi. Eng quvonarlisi, bu tashabbusning qanotida “kitob” degan javohir bor. 

                                                    Viloyat  hokimligi axborot xizmati

22-04-2019 |
Foto galereya