Mana, bolajonlarning sevimli fasli - yoz ham davom etmoqda. Maktabdan ta’tilga chiqqan о‘g‘il-qizlarning qay biri oila davrasida, yana boshqasi buva-buvijonlariniki tomon oshiqayotgan, qaysilari turli tо‘garaklarga qatnab, maktabda olgan bilimlarini mustahkamlab yurgan bir paytda yozgi dam olish oromgohlari ham ularni о‘z bag‘riga chorladi.
Kitob tumanidagi "Yosh alangachi" bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida ham shu kecha-kunduzda 900 nafar bola vaqtini chog‘ о‘tkazmoqda.
Avvaldan kо‘rilgan puxta tayyorgarlik ularning yozgi ta’tilni maroqli va esda qolarli о‘tkazishiga imkon bermoqda.
- Bu yil bolalarga kо‘proq qulaylik yaratishga, yangiliklarga qо‘l urishga harakat qildik, - deydi ushbu muassasa direktori Bekmurod Kо‘charov. -Kutubxonamiz esa 1000 dan ziyod qiziqarli adabiyotlar bilan boyidi. Oromgohda biror kun yо‘qki, kо‘ngilochar tadbirlar, jamoalar о‘rtasida intellektual, sport musobaqalari о‘tkazilmasa. "Yosh kitobxon", "Siz tarixni bilasizmi?", "Balli, yigitlar" kabi tanlovlar shular sirasiga kiradi.
Darhaqiqat, oromgohda о‘g‘il-qizlar turli tо‘garaklarga a’zo bо‘lib, tikuvchilik, rasm chizish bilan shug‘ullanishi, kompyuter savodxonligini oshirishi, ingliz tilini о‘rganishi, shaxmat-shashka о‘ynashi, bir sо‘z bilan aytganda, kunni mazmunli о‘tkazishi uchun barcha sharoit muhayyo.
- Har yili yozda dam olgani oromgohga kelaman, - deydi Muborak tumanilik Nigora Qosimova. - Chunki bunday xushmanzara va bahavo joyda yangi dо‘stlar bilan zerikmaymiz. Asosiysi, barchamiz foydali va qiziqarli mashg‘ulotlar bilan bandmiz. Ham maroqli hordiq chiqarib, ham bilimlarimizni oshirayapmiz.
Eslatib о‘tamiz, bu yil viloyatimizdagi 18 ta statsionar bolalar oromgohida 25090 nafar о‘g‘il-qiz sog‘lomlashtirilishi va dam oldirilishi rejalashtirilgan.
Suratlarda: oromgoh faoliyatidan lavhalar.
Sobir NARZIYEV olgan suratlar.
qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida