1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

Mamlakatimizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, pirovardida sog‘lom hamda barkamol avlodni kamol toptirish uchun zarur barcha shart-sharoit va ma’naviy-axloqiy muhitni ta’minlash masalalari davlat siyosatining asosiy yо‘nalishlaridan etib belgilangan. Binobarin, bolalar kelajagimiz vorislari, millatimiz davomchilari sifatida e’zozlanadi.

О‘zbekiston 1992 yildaBMTning Bola huquqlari tо‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Bu muhim qadam yurtimizda bola huquqlariga oid davlat siyosatining shakllanishi hamda izchil rivojlantirilishi uchun mustahkam zamin yaratdi. Bola huquqlari tо‘g‘risidagi konvensiya, ta’bir joiz bо‘lsa, dunyo bolalarining о‘ziga xos Konstitusiyasidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan "Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qaror va 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida, ya’ni 29 mayda qabul qilingan "Ixtisoslashtirilgan о‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish  tо‘g‘risida"gi qaror ana shu dolzarb vazifalar ijrosiga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir. Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan va tasdiqlangan mazkur tarixiy qarorlar sohadagi islohotlarni sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga kо‘tardi.

Bu haqda fikr yuritganda, avvalambor, yurtimizda о‘tgan davrda bola huquqlarini himoya qilish va kafolatlashning huquqiy asoslari yaratilganini ta’kidlash lozim.О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 64-moddasida belgilanganidek, ota-onalar о‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bо‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va о‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarini rag‘batlantiradi.

Bugungi kunda "Bola huquqlarining kafolatlari tо‘g‘risida", "Ta’lim tо‘g‘risida", "Voyaga yetmaganlar о‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi tо‘g‘risida", "О‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati tо‘g‘risida"gi qonunlar amal qilmoqda. 2017 yilda esa "Bolalarni ularning sog‘ligiga zarar yetkazadigan axborotdan himoya qilish tо‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi.

Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish jarayonida ta’limning barcha bо‘g‘ini, tibbiyot sohasi davr ruhiga monand takomillashtirilmoqda. Bunda oilalar manfaatlarini ta’minlash, navqiron avlodni milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash yuzasidan keng qamrovli loyihalar amalga oshirilayotir.

Shu bilan birga, bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning barkamol avlod bо‘lib voyaga yetishini ta’minlash borasidagi faoliyatning institusional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurati tobora ortib bormoqda. Yangi qarorlar bu tizimdagi islohotlarga shiddat va shijoat bag‘ishlaydi.

Davlatimiz rahbarining "Ixtisoslashtirilgan о‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish tо‘g‘risida"gi qarorida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, ma’naviy-axloqiy, jismonan yetuk, vatanparvar, milliy an’ana va qadriyatlarimizga sadoqatli yoshlarni voyaga yetkazish, ularni amalga oshirilayotgan keng kо‘lamli islohotlarning faol va jonkuyar ishtirokchisiga aylantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ixtisoslashtirilgan о‘quv-tarbiya muassasalarining ushbu jarayondagi ishtiroki, shuningdek, jismonan va ruhan sog‘lom shaxsni tarbiyalash, bolalarda mehnatsevarlik va komillikka intilish tuyg‘ularini shakllantirishdagi faoliyatini yanada takomillashtirish talab etilayotgandi. Voyaga yetmaganlarni ixtisoslashtirilgan о‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirishda ularning ijtimoiy holati, shaxsiy xislatlari, sodir etgan qilmishining xavflilik darajasini tо‘liq va tо‘g‘ri baholash dolzarb bо‘lib turgandi.

Ixtisoslashtirilgan о‘quv-tarbiya muassasalaridagi bugungi holat о‘quv jarayonini davlat ta’lim standartlari asosida sifatli tashkil etish, о‘qituvchi, tarbiyachi, psixolog va boshqa xodimlarning tarbiyalanuvchilarga ta’lim berish, ularga kasb-hunar о‘rgatish borasidagi kо‘nikma va malakalarini oshirishni taqozo etdi.

Shu nuqtai nazardan, Prezidentimizning ushbu qarori voyaga yetmaganlar о‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, alohida sharoitlarda tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bо‘lgan yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadiga qaratilgani bilan nihoyatda muhimdir.

Qarorga muvofiq, О‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining Baxt shahridagi о‘g‘il bolalar maxsus kolleji, Qо‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji, Samarqand shahridagi 64-sonli о‘g‘il bolalar maktab-internati va Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar maktab-internati negizida О‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzurida Respublika о‘g‘il bolalar о‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar о‘quv-tarbiya muassasasini tashkil etish taklifi ma’qullandi.

О‘z navbatida, О‘zbekiston Prezidentining "Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qarorining xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyati haqida sо‘z borganda, ushbu hujjat Bola huquqlari tо‘g‘risidagi konvensiyaga har tomonlama mutanosib ekanini e’tirof etish darkor. О‘zbekiston BMTning mazkur konvensiyasi talablariga qat’iy rioya etib kelmoqda.

Qarorda bu boradagi ishlarni yanada yuksak bosqichga kо‘tarish bо‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, Bola huquqlari tо‘g‘risidagi konvensiyaning 30 yilligini keng nishonlash bо‘yicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilinadi. Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga qulay shart-sharoit yaratishga oid milliy harakatlar dasturi tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, О‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksini BMTning Bola huquqlari tо‘g‘risidagi konvensiyasiga doir Fakultativ protokolga (2000 yil 25 may, Nyu-York) muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilab berildi.

Prezident qarorining dolzarbligi va muhimligi nimada?

  1. О‘zbekistonda 18 yoshga tо‘lmagan 12 million 200 ming nafardan ortiq bola bor. Ammo, bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bо‘yicha ixtisoslashtirilgan institut mavjud emasdi. Shu ma’noda, Oliy Majlisning Inson huquqlari bо‘yicha vakili (ombudsman) о‘rinbosari - Bola huquqlari bо‘yicha vakil lavozimining joriy etilishi ma’qullangani nihoyatda muhimdir.
  2. Yurtimizda bolaning manfaatlariga aloqador masala hal etilayotganda, afsuski, uning о‘z fikri tinglanishini ta’minlovchi mexanizmlar haligacha shakllantirilmagan. Endilikda shu dolzarb muammo ham amaliy yechimini topdi:tegishli vazirlik va tashkilotlarga uch oy muddatda bolaning oqilona va mustaqil fikrlash qobiliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklatildi.
  3. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida bola о‘z fikrini ifoda qilishga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli organlar va shaxslar bolaning manfaatiga taalluqli masalani hal qilishda oqilona va mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, jiddiy omil sifatida kо‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlarini nazarda tutuvchi qarorni qabul qilishi shart.

Prezident qarorida bola huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan bir qator muhim qoidalar belgilandi. Bunda BMT Bola huquqlari bо‘yicha qо‘mitasining tavsiyalari, Bola huquqlari tо‘g‘risidagi konvensiya talablari hamda О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlarida mustahkamlangan tegishli normalarga tayanildi. Ushbu qaror bilan bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan yangiliklar quyidagilardan iborat.

Birinchidan, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi о‘zlari yashab turgan turar joylarni ular Mehribonlik uylariga joylashtirilgan, vasiylik yoki homiylik organining roziligiga kо‘ra vasiylikka yoki homiylikka oluvchi bilan birga yashayotgan butun vaqt mobaynida, о‘n sakkiz yoshga tо‘lgunga qadar bronlashtirish huquqi berilmoqda.

Xalqaro ekspertlar fikricha, internat shaklidagi muassasalardagi bolalar sonini qisqartirish juda muhim. Bunga erishish uchun esa ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand oilalarga yordam berish lozim.

Ma’lumotlarga qaraganda, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi har 100 ming bolaning 666 nafari, О‘zbekistonda esa 200 nafardan kо‘prog‘i internat shaklidagi muassasalarda tarbiyalanmoqda. О‘zbekistondagi bunday kо‘rsatkich mintaqadagidan past bо‘lsa-da, ushbu muammolar e’tibordan chetda qolishi mumkin emas.

 Bu fikrlarning dalili sifatida bir misol keltiramiz. YA’ni, 2011-2017 yillarda Mehribonlik uylarida ta’lim-tarbiya olib chiqqan va uy-joyga muhtoj 1 ming 406 nafar bitiruvchi - navqiron fuqarolarimizning 55 foizi (773 nafari) uy-joyli bо‘lgan, ammo qolgan 45 foizi (633 nafari) yashash joyi bilan ta’minlanmagan.

Shu bois Prezidentimizning qarorida Mehribonlik uylarida tarbiya kо‘rayotgan yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bо‘lgan bolalarga g‘amxо‘rlik kо‘rsatishga doir yangi amaliy choralar belgilangan. Jumladan, kelgusi о‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan Mehribonlik uyi va bolalar shaharchasining bitiruvchilari bо‘lgan chin yetimlar uchun qо‘shimcha ravishda bir foiz davlat granti asosidagi qabul kvotalarini ajratish tartibi joriy etiladi.

Yanada e’tiborlisi - "Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bо‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash tо‘g‘risida"gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Ikkinchidan, bolaning rо‘yxatda turish joyi va fuqaroligidan qat’i nazar, ularga barcha ijtimoiy xizmatlar kо‘rsatilishi yо‘lga qо‘yiladi. Bu, о‘z navbatida, mamlakatimizda bolalarning ta’lim olish, sog‘liqni saqlash tizimi xizmatidan foydalanish, umuman, ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy himoyadan manfaatlarini izchil oshiradi.

Uchinchidan, bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini tо‘liq kо‘rib chiqish kafolatlanadigan bо‘ldi. Bundan buyon bola tо‘liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni kо‘rmasdan qoldirishga yо‘l qо‘yilmaydi. Ahamiyatli tomoni shundaki, ilgari bolalarning vasiylik va homiylik organlarigagina murojaat qilish bilan chegaralangan huquqi boshqa organlarga murojaat qilish huquqi bilan kengaytirildi.

Tо‘rtinchidan, о‘n sakkiz yoshga tо‘lmagan shaxslarga aliment tо‘lash haqida ota-ona о‘rtasida kelishuv bо‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda tо‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish tо‘g‘risida sudga murojaat qilmagan hollarda, 14 yoshga tо‘lgan bola о‘zining ta’minoti uchun ota yoki onadan yoxud ota-onasi bilan birga yashamayotgan bо‘lsa, bir vaqtning о‘zida ota-onaning har ikkalasidan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish tо‘g‘risida da’vo qо‘zg‘atishga haqli ekani qarorda qat’iy qayd etilgan.

Bu adolatli talab misolida ayni yо‘nalishdagi islohotlar nechog‘lik shaxdam ekanini kо‘rish mumkin. Nega deganda, keyingi davrda Oila kodeksiga bola balog‘at yoshiga yetishiga qadar bо‘lgan davrda alimentlarni, shu jumladan kо‘chmas yoki kо‘char mulk yoxud va boshqa qimmatbaho buyum taqdim etish yо‘li bilan ham barvaqt tо‘lash imkoniyati tо‘g‘risida norma kiritilgan. Bunda voyaga yetmagan bolaning huquqlari buzilmaydi. Hozir har bir bolaga tо‘lanishi kerak bо‘lgan aliment miqdori о‘rnatilgan eng kam ish haqining 75 foizidan oz bо‘lmagan miqdorda belgilangan.

Beshinchidan, endilikda bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilishda da’vogar davlat boji va tо‘lovlardan ozod qilinadi. Bolalar manfaatlari yо‘lidagi bu imtiyoz ham xalqaro huquqiy hujjatlarga tо‘la mutanosibdir.

BMTning Bola huquqlari tо‘g‘risidagi konvensiyasi 3-moddasida bolani ijtimoiy qо‘llab-quvvatlash, sud, ma’muriy boshqaruv va qonunchilik organlari tomonidan qarorlar qabul qilishda bolaning eng ustun manfaatlari kо‘zlanishi tavsiya qilingan. YUNISEF tavsiyasiga kо‘ra, bola manfaatlarida sudlarga kiritilgan da’volar boj va boshqa tо‘lovlardan ozod qilinishi maqbul hisoblanadi. 

Oltinchidan, shu yil sentabr oyidan e’tiboran mamlakatimizda erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi 18 yoshni tashkil etadi. Bu qoida BMT Bola huquqlari bо‘yicha qо‘mitasining tavsiyasi bо‘yicha joriy etildi. Ilgari, Oila kodeksi 15-moddasiga kо‘ra, nikoh yoshi erkaklar uchun о‘n sakkiz yosh, ayollar uchun о‘n yetti yosh etib belgilangandi. Bu boradagi xorijiy tajribaga nazar solinsa, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi dunyoning 154 ta mamlakatida nikoh yoshi 18 yosh ekanini kо‘rish mumkin.

Yettinchidan, hozirgi vaqtgacha qonunchiligimizda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bо‘lmagan bola ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat  sodir qilsa, uning ota-onasi О‘zbekistonda qonuniy asosga kо‘ra yashab turgan bо‘lsa-da, huquqbuzar  bolani mamlakatdan chiqarib yuborishga doir norma mavjud edi. Qarorda ushbu normani bekor qilish yо‘lida muhim qadamlar qо‘yildi.

Binobarin, Bola huquqlari tо‘g‘risidagi konvensiyaning 8-moddasiga binoan, ishtirokchi davlat bola о‘z ota-onasidan bolaning xohish-irodasiga zid tarzda ayrilishiga yо‘l qо‘ymaydi. Bolaning eng ustun manfaatlari shunday ayrilishni talab qiladigan hollar bundan mustasno.

Qaror talablaridan kelib chiqqan holda, amaldagi bir qancha qonun hujjatlariga о‘zgartirishlar kiritiladi. Oila, Uy-joy, Jinoyat kodekslari, "Bola huquqlarining kafolatlari tо‘g‘risida", "О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bо‘yicha vakili (ombudsman) tо‘g‘risida", "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tо‘g‘risida", "Huquqbuzarliklar profilaktikasi tо‘g‘risida"gi qonunlar hamda Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 21 noyabrdagi 408-sonli qarori shular jumlasidandir.

О‘zbekistonda yuvenal adliya tizimini joriy etish ishlari ham boshlab yuborildi. Bu jarayonda qonun hujjatlaridagi "voyaga yetmagan" va "bola" kabi tushunchalarni birxillashtirish masalasi muhim ahamiyatga ega. Chunki bundan kо‘zlangan maqsad 18 yoshga tо‘lmagan shaxslarning huquqiy munosabatlar subyekti sifatida qatnashishi uchun qulay sharoit yaratishdan iborat.

Bundan buyon onalik va bolalikka oid statistik ma’lumotlar "stat.uz" veb-saytiga joylashtiriladi va doimiy ravishda yangilab boriladi. FHDYO organlari bilan tug‘ilish va о‘lim tо‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar almashish bо‘yicha tizimning tо‘liq ishlashini ta’minlashga qaratilgan "Yо‘l xaritasi" ishlab chiqiladi. 

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning mazkur qarorlarini bolajon xalqimiz, bolaparvar jamiyatimiz ulkan e’tibor va e’tirof bilan kutib olgani bejiz emas. Binobarin, "Biz uchun jamiyatda begona bola yо‘q va bо‘lmasligi kerak. Hammasi о‘zimizning, О‘zbekistonimizning bolalari. Vaqtida mehr kо‘rsatsak, ishga, ilmga, kasbu hunarga, ezgu fazilatlarga о‘rgatsak, ularning yо‘lini ochib bersak, ertaga foydasi о‘zimizga, jamiyatimizga tegadi".

Akmal SAIDOV,

О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi deputati, akademik

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

31-05-2019 |
Foto galereya