Qarshi shahridagi "Vatanparvarlar" bog‘ida viloyat hokimligi, mudofaa ishlari boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, bandlik bosh boshqarmasi hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida mehnat yarmarkasi о‘tkazildi.

Unda 300 dan ortiq tashkilot, korxona va muassasalar qatnashib, 3500 dan ortiq bо‘sh ish о‘rinlari taqdim etildi. 28 nafar fuqaro bilan ishga joylashish bо‘yicha shartnomalar imzolandi.

Prezidentning 2018 yil 14 iyuldagi "Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi qarori ijrosi hamda 2018-2019 yillarda Qurolli Kuchlar safidan muddatli harbiy xizmatni о‘tab qaytgan yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan yarmarkada doimiy ish bilan band bо‘lmagan xotin-qizlar hamda ish topishda qiynalayotgan yoshlar qatnashishdi.

Tadbir davomida о‘z tadbirkorligini boshlash istagidagi bitiruvchilarga bank xodimlari tomonidan imtiyozli kreditlar olish bо‘yicha tushunchalar berildi.

- Yoshligimdan temir panjaralar, darvozalar yasashga qiziqaman, - deydi Koson tumani Pudina qishlog‘ida yashovchi Xumoyun Boboyev. - Bugungi mehnat yarmarkasida tumanimizdagi "Metall sifat servis" MCHJga ishchi bо‘lib joylashdim. О‘z ehtiyojim, oilam uchun mustaqil ravishda pul ishlab topadigan bо‘lganimdan mamnunman.

SOJIDA

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

07-06-2019 |
Foto galereya