Koronavirus... Hozir eng kо‘p ishlatilayotgan sо‘z shu bо‘lsa kerak. Bu xavfli pandemiya hammani vahimaga soldi.

Biroq, xalqimizning hamjihatligi, birdamligi, sahovatpeshaligi ayni paytda kо‘zga kо‘rinmoqda. Birov oziq-ovqat mahsulotlarini bozor narxidan yarmiga sotayotgan bо‘lsa, boshqa birovi kamxarj oilalarga pul, oziq-ovqat mahsulotlari va kerakli buyumlarni tuhfa etmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda aholini vahimaga solish maqsadida bozor va savdo majmualarida narxlarning oshganligi tо‘g‘risidagi ma’lumotlarning aksi о‘laroq, Kasbi tumanida bir qator amaliy ishlar bajarilmoqda.

Tuman dehqon oziq-ovqat bozorida tuman hokimligi, О‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi IJQK Departamenti Kasbi tuman bо‘limi hamda tuman chorvachilik va sabzavotchilik fermer xо‘jaliklari  tashabbusi bilan koronavirusdan saqlanish borasidagi karantin vaqtida narx-navoni о‘sib ketishini oldini olish hamda aholiga qulaylik tug‘dirish maqsadida sabzavotlar va gо‘sht mahsulotlari narxiga chegirmalar e’lon qilinib, sotuvga chiqarilmoqda. Jumladan, gо‘sht mahsulotlari 20 ming sо‘mdan bо‘lsa, kartoshka 3300 sо‘m, sabzi 1500 sо‘m, tuxum 500 sо‘mdan sotilmoqda.

Kasbi tuman hokimi Tо‘xtamurod Meyliyev narx-navoning asossiz kо‘tarilishi va mahsulot yetishmasligi yuzasidan yolg‘on axborotlar tarqalmasligi uchun tuman bozorlarida  bо‘lib, narxlar bir xilligini  saqlash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Tumandagi har bir tashkilot, muassasa rahbar va xodimlari koronavirus pandemiyasini tarqalishini oldini olish borasida turli targ‘ibot ishlarini olib borish bilan bir qatorda nochor, boquvchisini yо‘qotgan va keksa yoshdagi fuqarolarga yordam tariqasida un, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishmoqda. Bugunnning о‘zida tuman Mahalla va oilani qо‘llab-quvvatlash bо‘limi tumandagi mehnat faxriylaridan 45 nafarining uylariga borib ularning  xolidan xabar olishdi. 250 ming  sumdan pul  hamda kundalik ehtiyoji uchun zarur bо‘lgan buyumlar va oziq-ovqat mahsulotlari topshirishdi. Yо‘qlanganlar orasidan 7 nafari yuz yoshdan oshgan onaxonlardir.

Kasbi tumanida koronavirusga qarshi olib borilayotgan islohotlardan yana biri  mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va faollarining tashabbuslaridir. Ular koronavirusdan himoyalanish bо‘yicha targ‘ibot ishlarini mahallalarida samarali olib bormoqda. Xorij safarida bо‘lib qaytgan fuqarolar rо‘yxati tuzilib, tibbiyot hodimi bilan birgalikda nazoratga olingan. Shu bilan bir qatorda mahalla raislari  “Mening mahallamga koronavirus dahl qila olmaydi” chellenjini boshlashdi.

Ushbu chellenj doirasida ular har bir aholiga koronavirusdan himoyalanish, zarurati bо‘lmaganda uyda qolish tavsiyalarini berib borishmoqda.

 Kasbi tumani hokimligi Axborot xizmati rahbari

 G.Tugalova

 

24-03-2020 |
Foto galereya