Joriy yilning о‘tgan 5 oyi davomida birgina viloyatimizning о‘zida transport vositalari ishtirokida 20 marotaba yong‘in qayd etilgan. Bu ushbu turdagi yong‘inlar soni о‘tgan yilning mos davriga nisbatan tо‘rttaga oshganini kо‘rsatadi.
Misol uchun, Chiroqchi tumani Chuvulloq qishlog‘ida yashovchi X.J. boshqaruvidagi "KamAZ" rusumli yuk avtomobili tumanning Karamtepa qishlog‘ida harakatlanib borayotgan vaqtda yona boshlagan. Haydovchi va boshqa kishilar tomonidan kо‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida olov о‘chirilgan, ammo mashina jiddiy zararlangan.
Qarshi shahrida yashovchi Z.K. ham о‘zining "VAZ-2109" rusumli avtomashinasini shaharning Alisher Navoiy mahallasi hududida tо‘xtatib, о‘z ishi bilan ketmoqchi bо‘lgan vaqtda mashinada yong‘in sodir bо‘lgan. Natijada ulovning motor qismi yonib ketgan.
Shuningdek, Shahrisabz tumani Shanbe qishlog‘ida yashovchi S.S. "Matiz" rusumli mashinasida Kitob tumanining Dо‘rmon qishlog‘i hududida harakatlanib borayotgan vaqtda tо‘satdan mashina yona boshlagan. Yaxshiyamki, bu paytda haydovchi qochib qolishga ulgurgan. Mashina esa tо‘liq alanga ichida qolgan.
Afsuski, bunday misollarni yana davom ettirish mumkin. Xо‘sh, ularning kо‘payishiga nima sabab bо‘lmoqda?
Tahlillar shuni kо‘rsatadiki, avtotransport vositalari ishtirokidagi yong‘inlarning deyarli barchasiga mashinadagi texnik nosozliklar, jumladan, 90 foiziga elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bо‘lgan. Shuningdek, sodir bо‘lgan yong‘inlarning aksariyati transport vositasining tо‘liq yonib ketishi bilan yakunlangan. Bu esa fuqarolarning yong‘in sodir bо‘lganda tо‘g‘ri harakat qilish kо‘nikmasi yetarli emasligini kо‘rsatadi.
Qolaversa, viloyatda YPX xodimlari tomonidan olib borilgan о‘rganishlar davomida har 30 ta avtomobildan bittasida talab qilingan favqulodda holatlarda birlamchi yong‘in о‘chirgich (ognetushetil)lar mavjud emasligi, har о‘ntadan bittasidagi yong‘in о‘chirish vositalari yaroqsiz ekanligi ma’lum bо‘lgan.
Albatta, mashinamizda yong‘in sodir bо‘lishi, hayotimiz xavf ostida qolishi, moddiy zarar kо‘rishni hech birimiz istamaymiz. Biroq, e’tiborsizligimiz shunga sabab bо‘lishi mumkin. Shunday ekan, haydovchilarimiz ham о‘z ulovlariga e’tiborli bо‘lishi, uni о‘z vaqtida texnik kо‘rikdan о‘tkazib turishi, har kuni yо‘lga chiqish oldidan mashinada nosozliklar yо‘qligini tekshirib, bunga ishonch hosil qilganidan sо‘nggina uni boshqarishi lozim.
Sohibjon VAYITOV,
viloyat FVB YOXB katta muhandisi, katta leytenant
qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida