Bugun fuqarolarimiz bozor va oziq-ovqat dо‘konlariga borib, navbatda turib, vahima bilan oziq-ovqat va birlamchi iste’mol mahsulotlarini xarid qilayotganliklarining guvohi bо‘lmoqdamiz.

Ba’zi joylarda tadbirkorlar aholi talabi oshganidan foydalanib, oziq-ovqat va birlamchi iste’mol mahsulotlari narxlarini oshirib sotishga urinmoqda.

Ta’kidlash lozimki, joylarda narxlarning asossiz oshirilishiga yо‘l qо‘ymaslik uchun viloyat davlat soliq xizmati organlari, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida ishchi guruhlar tuzilgan. Mazkur ishchi guruhlar narxlarning о‘zgarishi va sun’iy ravishda oshirilishi ustidan nazorat qilib bormoqda.

— Aytish joizki, joriy yilning 15-16-17 mart kunlari mobaynida Davlat soliq qо‘mitasining ishonch telefonlariga Qashqadaryo viloyatida yashovchi 116 nafar fuqarodan, viloyat davlat soliq boshqarmasining ishonch telefonlariga esa 21 nafar fuqarodan narx-navoning kо‘tarilishi yuzasidan murojaatlar kelib tushdi, — deydi viloyat Davlat soliq boshqarmasi mas’ul xodimi Otabek Poyonov. — Har bir murojaat yuzasidan davlat soliq xizmati xodimlari va ishchi guruh a’zolari tomonidan о‘rganishlar tashkil etildi. Tadbirkorlarga tushuntirish ishlari olib borilib, narx-navoning sun’iy oshirish holatlariga barham berildi. Narx-navo mutadilligi ta’minlanayotgani sababli, fuqarolar tomonidan ishonch telefonlariga tushayotgan murojaatlar о‘tgan ikki kun ichida umuman kuzatilmadi.

Shu о‘rinda, tadbirkorlarni о‘z vazifasiga sidqidildan va vijdonan yondashib, narxlarni sun’iy ravishda oshirmaslikka chaqiramiz. Xalq orasida sarosima keltirib chiqaradigan, vahima uyg‘otadigan har bir holatga nisbatan keskin choralar kо‘riladi va narx-navoni sun’iy oshirgan tartibbuzarlar ogohlantirilmoqda.

Qarshi shaharidagi “Oqtepa dehqon eko bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatida о‘tkazilgan о‘rganishlarda fuqaro Z.Q. hech qanday hujjatlarsiz savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotgani aniqlandi. Shuningdek, u kartoshka va piyoz mahsulotlari narxini asossiz oshirgani ma’lum bо‘ldi.

Bundan tashqari fuqaro X.M. ham hujjatlarsiz savdo faoliyatini amalga oshirayotgani va mahsulotlarga sababsiz yuqori narx belgilaganligi aniqlandi.

Fuqarolarning tadbirkor sifatida davlat rо‘yxatidan о‘tishi ta’minlanib, narxlarni asossiz oshirmaslik yuzasidan tushuntirish ishlari amalga oshirildi.

Xaridorlar о‘rtasida yurtimizda oziq-ovqat mahsuloti yetarlicha va bu borada zarur zaxira yaratilganligi tushuntirilmoqda.

Agar narxlarni asossiz oshirilish holatlariga guvoh bо‘lsangiz, ishonch telefonlariga qо‘ng‘iroq qiling!

Qashqadaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi ishonch telefoni:

75-225-10-82

Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qashqadaryo viloyat boshqarmasi:

75-226-05-01

 

Qashqadaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi
Axborot xizmati

19-03-2020 |
Foto galereya