Ijtimoiy tarmoqlarda Kasbi tumanining “Talishbe” qishlog‘ida un qimmat narxda sotilayotganligi, hattoki sotib olish uchun un mahsulotini topib bo‘lmayotganligi xususida xabar tarqaldi.

Bu maʼlumotlarning qanchalik asosli ekanligini bilish maqsadida “Talishbe” raisi Sherzod To‘rayev bilan bog‘landik.
- Avvalo, shuni aytishim kerakki, bu asossiz xabar. Bu shunchaki yolg‘on emas, balki bo‘xtondir. Negaki, birgina 20-aprel sanasining o‘zida aynan shu qishloq hududida 166 qop yaʼni, 8 tonna 300 kilogramm un mahsuloti 125 ming so‘mdan tarqatildi.

- Bugungi kunda un va oziq-ovqat mahsulotiga bo‘lgan talab oldingiga qaraganda anchayin oshgan,- deydi Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati S.Hamrayev. –Lekin hukumatimiz tomonidan qayta-qayta oziq-ovqat zahirasi yetarlicha ekanligi taʼkidlanib, hatto chekka hududlarda ham arzonlashtirilgan ko‘chma savdo do‘konlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishiga qaramay, noshukrchilik qilayotganlar ham uchrab turibdi.

- Tuman rahbariyati tomonidan bozor va savdo majmualarida narx-navoning barqarorligini taʼminlash borasida olib borayotgan chora-tadbirlari birgana “ig‘vogar”ning so‘zlari bilan yo‘qqa chiqmaydi, albatta. Har kuni 120-130ta ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlarining tarqatilishi, bundan tashqari tomorqasi bo‘sh turgan aholiga hattoki ekin ko‘chatlari yetkazib berilayotgani shunchaki ko‘z buyamachilik uchun qilinayotgan ishlar emas,-deyli tuman Kasaba uyushmasi raisi B.Islomov. -Bir yoqadan bosh chiqarib, bir-birini qo‘llab- quvvatlash kerak bo‘lgan bir paytda xalq orasiga g‘alamislik urug‘ini sochish inson zotiga munosib ish deb bo‘lmaydi.

Ayni damlarda xalq koriga yarash, aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuman hokimligi, prokuratura, IJQK departamenti bilan birgalikda aholi ehtiyojiga ko‘ra, hududlarga un mahsuloti yetkazib berilmoqda. Negaki, endi un mahsulotlari hududlarga birja savdolarisiz bir maromda yetkazib beriladi. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, unning narxi sunʼiy ravishda oshirilishiga chek qo‘yildi. Shuningdek, un mahsulotlari yetkazib berilishi hamda narxlarning shakllanishi soliq, va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qatʼiy nazoratga olindi.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning barchasi aholiga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda. Asossiz xabarlar tarqatish, vahima ko‘tarishga esa hojat yo‘q. Karantin qoidalariga amal qilib, ayni damda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlasak, koronavirus pandemiyasi ustidan tez orada g‘olib bo‘lamiz.

Kasbi tumani hokimligi axborot xizmati

21-04-2020 |
Foto galereya